AQShning Ukrainadagi elchisi Trampga qarshi ko‘rsatma berdi 

Jahon 14:33 / 23.10.2019 37644

AQShning Ukrainadagi elchisi lavozimini bajaruvchi Uilyam Teylor AQSh kongressida AQSh prezidentiga qarshi impichment jarayonida ko‘rsatma berdi. Bu haqda The Washington Post nashri xabar berdi. 

Teylorning ta'kidlashicha, AQShning sobiq vitse-prezidenti Jo Baydenning o‘g‘li Xanter ishlagan Burisma kompaniyasiga nisbatan tergov o‘tkazilishi Trampning ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishining sharti bo‘lgan. AQSh elchisining ma'lum qilishicha, Tramp Zelenskiydan tergov borayotgani haqida bayonot berishni talab qilgan. Bundan tashqari, Ukraina prezidenti CNN telekanaliga intervyu berib, kerakli gaplarni aytishi ko‘zda tutilgan. Teylorning ta'kidlashicha, aks holda Tramp Kiyevga moliyaviy yordam ajratishni to‘xtatish bilan tahdid qilgan.  

Shuningdek, AQShning Ukrainadagi maxsus elchisi Kurt Volker, Yevropa Ittifoqidagi elchisi Gordon Sondlend, energetika vaziri Rik Perri va Trampning advokati Rudi Juliani “AQShning Ukrainadagi siyosatining norasmiy kanali”ning bir qismi bo‘lgan.

AQSh kongressi quyi palatasi Trampga qarshi impichment jarayonini 25 sentyabrda boshlagandi. Bunga Trampning Zelenskiy bilan iyuldagi telefon orqali suhbati sabab bo‘lgan: Demokratik partiya a'zolari Tramp Xanter Baydenga qarshi korrupsiya ishi bo‘yicha tergov boshlash uchun Zelenskiyga bosim o‘tkazganini isbotlashmoqchi. 

Baydenlar atrofidagi mojaro OAVda Xanter Bayden 2014 yil bahoridan 2015 yil kuzigacha Burisma Holdings ukrain kompaniyasidan millionlab dollar olgani haqidagi maqolalar paydo bo‘lgandan keyin avj olgan. O‘sha vaqtda uning otasi Jo Bayden AQShning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: