Yaponiyada yangi imperatorning taxtga o‘tirishi uchun 147 mln dollar sarflandi

Jahon 09:47 / 22.10.2019 10686

Yaponiya hukumati mamlakatning yangi imperatori Naruxitoning 22 oktyabrda taxtga o‘tirishi munosabati bilan o‘tkaziladigan marosimga tayyorlanish uchun 16 mlrd iyendan (147 mln dollardan) ko‘proq mablag‘ sarfladi. Ta'kidlanishicha, bu 1990 yilda Naruxitoning otasi Akixitoning taxtga o‘tirishi uchun sarflangan xarajatlardan 30 foiz ko‘proqni tashkil qiladi. Bu haqda Yaponiya milliy televideniyesi ma'lum qildi. 

Xarajatlarning asosiy qismi Tokioga xorijiy mehmonlarning kelishi bilan bog‘langan. Bu xarajatlar marosimga taklif qilinganlarning ko‘p sondaligi tufayli 1990 yilgi xarajatlarga nisbatan 5 marotaba ko‘paygan. Imperatorning taxtga o‘tirishi marosimiga 174 davlat va hududning 400 vakili, jumladan 70 dan ko‘proq monarx va davlatlar yetakchilari taklif qilingan. Mehmonlar orasida, Belgiya, Butan, Ispaniya, Kamboja, Malayziya, Niderlandiya qirollari, Britaniya valiahd shahzodasi Charlz, Avstriya, Hindiston, Vengriya, Filippin, Finlyandiya prezidentlari bor. O‘zbekistondan marosimda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Rossiyadan Federatsiya kengashi raisi o‘rinbosari Ilyos Umaxonov, Xitoydan rais o‘rinbosari Van Tsishan, AQShdan transport vaziri Eleyn Chao ishtirok etadi.

Bundan tashqari, xarajatlarning salmoqli qismi xavfsizlikni ta'minlash bilan bog‘langan. Bunga Tokioga mamlakatning turli burchaklaridan kelgan 26 mingdan ko‘proq politsiyachi jalb qilingan. Tokio aeroportlarida ehtiyotkorlikning alohida choralari ko‘rilgan, shahar markazidagi imperator saroyi oldida patrullar va blokpostlarni ko‘rish mumkin. Bosh marosim saroyning “Qarag‘ay zali”da bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy mehmonlardan tashqari, Yaponiya jamiyatining barcha qatlamlaridan 1,6 mingdan ko‘proq kishi – hokimiyatning qonunchilik, ijrochilik va sud organlari rahbarlari, hukumat a'zolari, sobiq bosh vazirlar, prefekturalar gubernatorlari, olimlar, sportchilar, yozuvchilar, tadbirkorlar ishtirok etadi.

Imperatorning taxtga o‘tirishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanali parad esa 10 noyabrga qoldirildi. Bu yaqinda mamlakatga yopirilgan “Xagibis” to‘foni oqibatlarini bartaraf etish va infratuzilmani tiklash zarurati bilan bog‘langan bo‘lib, bunday sharoitda paradning o‘tkazilishi noo‘rin deb topilgan.

Ko‘proq yangiliklar: