Mobil qurilmalar ro‘yxatga olinadi. 1 noyabrdan yana qanday o‘zgarishlar kuchga kirmoqda?

O‘zbekiston 13:30 / 22.10.2019 119259

Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali 2019 yil 1 noyabrdan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar yuz berishi haqida batafsil ma'lumot taqdim etdi.

Mobil qurilmalar ro‘yxatga olinadi

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 sentyabrdagi mamlakat hududiga noqonuniy tarzda kirib kelayotgan mobil aloqa vositalari savdosiga chek qo‘yish, foydalanuvchilarning shaxsiy telefonini yo‘qotish yoki o‘g‘irlatish holatlarini kamaytirishni nazarda tutgan qaroriga muvofiq O‘zbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalar ro‘yxatga olinadi.

Mobil qurilmalar IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni uch bosqichda o‘tkazilmoqda:

Ilk bosqich — shu yilning 1 aprelidan boshlangan va bu 1 noyabrga qadar davom etadi. Unda barcha mobil aloqa terminallari avtomatik tarzda bepul, foydalanuvchilarning ishtirokisiz, faqatgina aloqa operatorlari tomonidan UZIMEI bazasiga o‘tkazilmoqda.

Ikkinchi bosqich — bir oy davom etadi, ya'ni 1 noyabrdan 1 dekabrgacha. Bu muddat ichida jismoniy shaxslar, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchi korxonalar ham mobil qurilmalarni bepul ro‘yxatdan o‘tkazishadi. Bu jarayon pochta aloqa bo‘limlari, SMS va USSD so‘rovlar, UZIMEI tizimi operatori va O‘zbekiston Respublikasining yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Uchinchi bosqich — 1 dekabrdan boshlanadi va pulli asosda ro‘yxatga olinadi.

Pul qiymati qarorda belgilanganidek, import qiluvchilar uchun BHM (bazaviy hisoblash miqdori)ning 20 foizi, ishlab chiqaruvchilarga 10 foizi, jismoniy shaxslar uchun esa 30 kun davomida murojaat qilsa 20 foizi, bir oydan oshib ketsa 25 foizi miqdoridadir. Turistlar, vaqtinchalik O‘zbekistonga tashrif buyurganlar uchun esa 30 kun mobaynida bepul, undan oshsa 20 foizli to‘lov talab etiladi.

Hisoblagichlar faqat DXM yoki YaIDXP orqali qiyoslovdan o‘tkaziladi.

Vazirlar Mahkamasining 698-son 20.08.2019 qaroriga muvofiq 2019 yil 1 noyabrdan boshlab hisobga olish uskunalarini qiyoslovdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Hisobga olish uskunalarini qiyoslash davriyligi:

- yuridik shaxslar uchun – 4 yil;

- jismoniy shaxslar uchun – 8 yil.

Tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining 30.09.2019 yildagi 824-sonli qaroriga ko‘ra,  yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga tarbiyaga (patronat) olayotgan yoki oilaviy bolalar uyi tashkil etayotgan fuqarolarni tayyorlash maqsadida «Mehribonlik» uylari va bolalar shaharchalarida Tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi.

Tayyorlov kurslariga jalb etilgan o‘quv mashg‘ulotlarini olib boruvchi mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash amaldagi o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to‘lash miqdorlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Bunda ish haqi miqdori umumta'lim maktablarining oliy malaka toifali boshlang‘ich va yuqori sinflari o‘qituvchilarining bazaviy lavozim maoshi miqdoriga tenglashtiriladi.

Suv xo‘jaligi vazirligi idora va tashkilotlari xodimlarining ish haqi oshadi

Prezidentning 09.10.2019 yildagi PQ-4486-sonli qaroriga muvofiq suv xo‘jaligi vazirligi idora va tashkilotlari xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga 2019 yil 1 noyabrdan 1,1 va 2020 yil 1 yanvardan 1,2 miqdorda tuzatish koeffitsiyentini qo‘llash hisobiga ularning ish haqi oshiriladi.

Yuqori turistik salohiyatli fuqarolar yig‘inlarining ro‘yxati tuziladi.

Prezidentning 13.08.2019 yildagi PF-5781-son farmoniga muvofiq turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi eng yuqori turizm salohiyatiga ega bo‘lgan fuqarolar yig‘inlari ro‘yxatini shakllantiradi. Shuningdek, ushbu fuqarolar yig‘inlari hududlarida 20tadan kam bo‘lmagan oilaviy mehmon uylari tashkil etilganda va turistlar uchun kamida besh xil xizmat turlari ko‘rsatilgan taqdirda ularga «Turizm mahallasi», «Turizm qishlog‘i» yoki «Turizm ovuli» maqomini beradi.

Ko‘proq yangiliklar: