Ispaniyada “Real” va “Atletiko” futbolchilari uylarini tunagan to‘da bartaraf etildi

Sport 08:30 / 22.10.2019 6881

Jinoiy to‘da 4 albaniyalik va bir ispandan tashkil topgan.

Ispaniya fuqarolik gvardiyasi Albaniyaning mutasaddi idoralari bilan birgalikda professional futbolchilar uyini tunagan jinoiy guruhni bartaraf etdi. Bu haqda o‘g‘rilarni tutishga qaratilgan amaliyotning o‘tkazilishida ko‘mak ko‘rsatgan Yevropa politsiya agentligida (Yevropol) ma'lum qilindi. 

Ta'kidlanishicha, to‘da 4 nafar albaniyalik va bir ispandan tashkil topgan. Ularni 16 oktyabrda maxsus reydlar davomida Madrid va Toledo shaharlarida ushlashga muvaffaq bo‘lingan. 

Oxirgi bir necha oy Madridning “Real” va “Atletiko” klublarining bir qator o‘yinchilari uylarida o‘g‘riliklar sodir bo‘lgan. Politsiyaning taxminicha, jinoyatchilar o‘g‘rilikni sodir etish uchun qulay fursatni topish maqsadida o‘z qurbonlari ortidan ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatishgan. 

Reyd vaqtida o‘yinchilar va ularning oilalariga tegishli bo‘lgan zeb-ziynatlar, qimmatbaho mashinalar va minglab yevro naqd pul musodara qilingan. Bundan tashqari, futbolchilar olgan mukofotlar, jumladan Chempionlar ligasidagi g‘alaba uchun “Atletiko” yarimhimoyachilaridan biriga tegishli medal aniqlangan.  

Ko‘proq yangiliklar: