«Biz «piramida» emasmiz». Tuyaqushchilikdagi boshqa tadbirkorlar faoliyatiga nazar

O‘zbekiston 14:40 / 22.10.2019 49734

So‘nggi oylarda firibgarlikda gumon qilinayotgan bir nechta firma jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib turibdi. Bunday firmalar nafaqat ularga ishongan mijozlarga, balki bu sohada faoliyat yuritayotgan boshqa tadbirkorlarga ham zarar yetkazishi hollari kuzatilyapti.

Bir necha kun muqaddam «Straus House» MChJ ta'sischisi Ibrohim Isroilov qamoqqa olingani va u mijozlar pullarini nimalarga sarflagani haqida ichki ishlar tergov departamenti tomonidan ma'lumot berilgan edi. Bu ishlar ortidan tuyaqushchilik biznesi bilan shug‘ullanayotgan boshqa tadbirkorlar ham zarar ko‘rayotgani, mijozlar ularni ham firibgar deb ko‘rayotganini aytib murojaat qilishdi. Biz ularning faoliyatiga nazar tashlashga qaror qildik.

Dastavval, tuyaqushlarni uy sharoitida boqish va ko‘paytirishni yo‘lga qo‘ygan va bu borada o‘ziga xos muvaffaqiyatlarga erisha olgan Namangan viloyati, Chust tumanidagi «Straus farm Chust» MChJ faoliyatini ko‘zdan kechirdik.

«Faoliyatimizni boshlaganimizga ko‘p vaqt bo‘lmadi. O‘tgan yili Rishtondagi fermadan 36ta tuyaqush jo‘jalarini sotib olib ish boshlagan edim. Tuyaqush boqishning sir-asrorlarini sekin-asta o‘rgandik. Alohida ta'kidlash lozimki, tuyaqush juda ham tez o‘sadigan jonivor ekan. Qiziqishim juda ham ortib ketdi. Hozirda 21 dona ona tuyaqush va 300ga yaqin jo‘jalarim bor. Xaridorlar jo‘jaxonamizga kirib, tanlab olib ketaverishadi», deydi jamiyat ta'sischisi Shavkat G‘oyibnazarov.

Ushbu tadbirkor bilan suhbatimiz savol-javob tarzda kechdi.

– Tarqalgan mish-mishlarga ko‘ra, bu jonivor juda ham nozik bo‘lar ekan. Siz bunday fikrlarga qanday munosabatdasiz?

– Menimcha, tuyaqush eng baquvvat jonzot bo‘lsa kerak. Immuniteti juda kuchli bo‘ladi. Yoshi kattalariga, hattoki jo‘jalariga ham hech qanday vaksina, antibiotik ishlatmaymiz. Jo‘ja vaqtida yosh organizm deb, ozroq shamollashining oldi olinadi, vitaminlar beriladi. Lekin bu dori sifatida emas. Sabzavotlardan sabzi, piyoz, karam, ho‘l beda beramiz. Bularga sharoit yaxshi bo‘lsa, o‘lmaydi. Parrandalar ichida eng baquvvati tuyaqush deyish mumkin.

– Bizning iqlim tuyaqushlarga to‘g‘ri kelmaydi deyishadi. Bu qanchalik haqiqat?

– Biz bu biznesni boshlaganimizdan so‘ng, juda ko‘p xorijlik mutaxassislar bilan gaplashdik. Ulardan iqlimimiz to‘g‘ri kelish-kelmasligi haqida biz ham so‘raganmiz. Ular tuyaqush boqish uchun O‘zbekistondek qulay mintaqa yo‘qligini aytishyapti.

– Xorijdan tuyaqush jo‘jalarini yetkazib berayotgan ba'zi kompaniya mijozlari jo‘jalar keltirilganidan so‘ng qisqa fursat ichida o‘lib qolayotganini aytishmoqda. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz?

– Menimcha, kompaniya vakillarining tajribasizligidan shunday bo‘ladi. Yaxshi parvarish qilishni o‘rgata olmagan bo‘lishi mumkin. Amaliyotda sabab qilib ko‘rsatish mumkin bo‘lgan yana bir holatga duch kelganmiz: odatda xorijdagi eksportyorlar ishonchli bo‘lmasa, ular kasal va nimjon jo‘jalarni yuborishadi va yaxshilarini o‘zlari uchun olib qolishadi.

Jo‘jalarning sifatida ham farq bo‘ladi. O‘zimizda ham inkubatsiyadan chiqqanida 100tasidan 5-10ta nimjon jo‘jalar chiqishi holatlari uchrab turadi. Biz ularni ajratib qo‘yamiz, mijozlarga pullamaymiz.

– Tuyaqush boqish qiyin emasmi?

– Buni boqish juda ham oson. Shu joyim o‘zi 20x20 metr bo‘lib, bino ichi 20x5 metr kenglikka ega. Natija yaxshi, hali qisilib qolishgani yo‘q. Uy sharoitida boqib yetishtirish mumkin.

– Respublikada tuyaqush eksportiga talab qay darajada?

– Yo‘q, hozircha eksportni o‘ylashga ancha erta. Chunki ichki bozorda aholining go‘shtga nisbatan bo‘lgan talabini qondirishning o‘zi katta muammo. Tuyaqush go‘shti xuddi mol va qo‘y go‘shti kabi iste'mol qilinadi. Respublika hududida tuyaqush shu qadar kamki, go‘sht sifatida iste'mol qilishni boshlash imkonsiz. Shu sababli avvalo naslchilik rivojlanishi kerak. Keyin jo‘ja o‘zimizdan chiqadigan bo‘ladi, go‘shtning tannarxi ham tushadi.

Ochig‘ini aytish kerak, jo‘jaxonaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirishga ruxsat berilgani bizni hayron qoldirdi. Chunki «Straus house» kompaniyasi vakillari brifingda jo‘jalarni uzoqdan ham ko‘rish mumkin emasligini aytishgandi.

– Bu hudud karantin emasmi?

– Bu yer jo‘jaxona deyiladi. Karantin degan so‘zni sizdan eshitib turibman. Bizda karantin qilinmaydi. Tuyaqush jo‘jasi chidamli jonivor. Bularda o‘latga o‘xshash kasalliklar tugul, hatto kana va bit kabi hashoratlar ham bo‘lmaydi.

Bu yerda yarmi o‘zimizda ochilgan jo‘jalar, 150tasi Janubiy Afrikadan keltirilgan. 1,5 yildan beri Janubiy Afrikadan jo‘jalar keltirilmoqda. Bugun ham yangi partiyada 450 dona jo‘jalar kelmoqda. Jo‘jalarning tuxumdan chiqqan vaqtidagi vazni 700-800 gramm atrofida bo‘ladi. Bu yerda hozir faqat 20 kunlik jo‘jalar bor. Bularning vazni 2 kilogramdan oshadi. Bir oyliklari 2,5 kilogramm atrofida bo‘ladi.

Uning bu gaplariga ishonqiramay, jo‘jalarni tarozida tortib ko‘rdik. 20 kunlik jo‘ja 2 kilogrammdan sal oshiqroq vaznga ega.

– Bu jo‘jalar har qanday haroratga chidamli bo‘ladi. Qish kunlarida usti yopiq binoda saqlansa kifoya. 3 oylikkacha parranda, undan keyin hayvon hisoblanadi.

– Ba'zi kompaniyalar mijozlariga bergan jo‘jalarning ko‘pchiligi nobud bo‘layotgani haqida aytilmoqda. Sizda ham shunday holatlar bo‘ladimi?

– So‘nggi partiyada 300ta jo‘ja sotdim. Bittasini egasining o‘zi bosib o‘ldirib qo‘yibdi. Tovuqlar bilan aralashtirib boqishganda ham o‘lib qolishi mumkin. Tashqarida qolib ketgani ham bo‘libdi. Bular 2 oygacha chaqaloqdek gap. Hech bo‘lmasa shamoldan, salqin havodan asrab turish kerak. O‘sha so‘nggi 300talik partiyadan 2-3tasi nobud bo‘lgan, xolos.

– Agar bu biznesni boshidan boshlamoqchi bo‘lsangiz, nimadan boshlagan bo‘lardingiz?

– Men avvalo ishonchli jo‘jalarni olgan bo‘lardim. Tuyaqush bozori yo‘q-ku, shu sababli sotuvchining fermasini borib ko‘rgan bo‘lardim. Fermada birinchi o‘rinda katta tuyaqush bor-yo‘qligini aniqlardim. Shuningdek, ona tuyaqushlar, inkubatoriya, jo‘jaxonasi, yemxonasi bormi, so‘yish va terini qayta ishlash yo‘lga qo‘yilganmi, yetkazib beruvchi jo‘jani yetishtirish bo‘yicha biror narsa o‘rgata oladimi kabi savolarga javob olgan bo‘lar edim.

Uy sharoitida tuyaqush va uning jo‘jalarini yetishtirish bilan bog‘liq jarayonlarni ko‘rgach, Farg‘ona viloyati, Rishton tumanida joylashgan yirik ferma shaklidagi «Straus farm» MChJ korxonasi tomon yo‘l oldik.

Fermaga kirib borganimizda Janubiy Afrikadan jo‘jalar keltirilgani ustidan chiqdik. Ushbu 4 kunlik jo‘jalarning vazni 800 grammdan oshiqroq keldi.

«Mana, jo‘jalar keltirilishi bilan ushbu jo‘jaxonalarga olib kiriladi. Bu yerdagi jo‘jalar 4 kunlik bo‘lib, vazni 815 gramm chiqdi. Bular shu yerda parvarishlanganidan so‘ng, bitta jo‘ja bir oyda 2,5 kilogramm atrofida vazn to‘playdi», deydi korxona ish boshqaruvchisi Hasanboy Ahmadjonov.

Fermaning jo‘jaxonasidan so‘ng, 20 kunlik va 1 oylik jo‘jalar saqlanadigan joylarni ham ko‘zdan kechirdik.

«Biz foydalanib turgan joy 6 gektar maydonni tashkil etib, 217ta katta tuyaqush, 800-900 dona jo‘jalarimiz bor. Tuyaqush biznesini tashkil qilganimizdan so‘ng, chet eldan mutaxassislar ham kelishdi. Ular bizning mintaqa tuyaqush boqish uchun qulayligini aytishdi. Biz bu sohaga bee'tibor bo‘lmay rivojlantirishimiz kerak. Yonimizdagi qo‘shni davlatlarda ham iqlim shunday. Agar ular bu ishni yo‘lga qo‘yishsa, yana biz orqada qolaveramiz», deydi ish boshqaruvchi.

Shuningdek, fermada tuyaqush jo‘jalari inkubatsiyasi va maxsus ozuqa tayyorlash faoliyati tashkil qilingan ekan.

Vodiydagi tuyaqushchilik fermalariga sayohatimizni yakunlab, Toshkentning Yunusobod tumanida joylashgan yana bir tuyaqushchilik fermasi —«Straus farm Tashkent» faoliyati bilan tanishdik.

«Tuyaqushchilik – biz uchun yangi soha. Biz buni yil boshida boshladik. Hozirgi kunda har xil gaplar eshitib turibmiz. Endi, hammaning faoliyati o‘ziga yarasha. Terisidan ishlab chiqilgan poyabzallarni ko‘rishingiz mumkin. Bu timsoh terisi bilan barobar narxda bo‘ladi, lekin pishiqligi undan ham kuchliroq. Bundan ishlangan mahsulotlar salomatlikka ham foydali. Men bularni gap isboti bilan bo‘lishi uchun ko‘rsatyapman. Bizda quruq gap bo‘lmaydi», deydi ferma egasi Botir Muhammadxo‘jayev.

– Botir aka, aynan shu biznesdan moliyaviy piramidadek ko‘rinayotganlar ham uchrab turibdi. Bu faqat bizda emas, butun dunyoda shunday. Internetga OSTRICH PYRAMID deb yozilsa juda ko‘p misollar mavjud. Ulardan qonuniy ishlayotganlarning farqi qanday bo‘ladi?

– Bizda oldindan to‘lov degan narsa yo‘q, cheklov ham yo‘q. Istagancha jo‘ja olishingiz mumkin. Biz amaliy yordam ko‘rsatamiz. Unday kompaniyalardan farqimiz shuki, biz «qaytarib sotib olaman» demaymiz. Kelib xohlagancha olsin. Har hafta tuyaqush keladi. Bizning maqsadimiz – naslchilikni rivojlantirish. Pirovardida yonimizdagi qo‘shni davlatlarga, chet davlatlarga eksport qilish maqsadidamiz.

Sohani yosh bolaga qiyoslasak, biz yurishni boshladik. Ayni vaqtda jo‘jalar kelishi to‘xtagani yo‘q. Bizda «karantin», «3 oy kutish», «6 oy kutish» degan tushunchalar yo‘q. Kelasiz, pulni to‘laysiz, jo‘jani yoki tuyaqushni olasiz. Fermaga kelib ichidan tanlab olaverasiz.

Biz ushbu fermaga kelgan xorijlik mutaxassis bilan ham suhbatlashdik. Belgiyalik Jord Bitens uzoq yillik tajribasiga tayanib, eksport qilgan kompaniyalarida master-klasslar o‘tar ekan.

«Tuyaqushchilik – juda foydali biznes. Undan turli-tuman mahsulotlar olish mumkin. Uning terisidan bo‘lgan mahsulotlar inson salomatligi uchun foydali. Bundan ayniqsa sportchilar juda ko‘p foydalanishadi. Iqtisodiy taraflama olganda ham vertikal, ham gorizontal tarzda hisoblaganda juda serdaromad soha.

Buning uchun avvalo bilim va sharoit bo‘lishi kerak. Sizlarda qulay iqlim sharoiti bor. Endi yetarli bilimga ega bo‘lish kerak. Chunki bu jonivorni boqish ham yetarli bilim talab qiladi. Oddiy misol, u ochlikni bilmaydi. Unga qancha ovqat berishni bilish kerak», deydi xorijlik mutaxassis.

Yuqorida aytganimizdek, maqsadimiz – bu sohaga oid shubha va gumonlarga oydinlik kiritish edi. Shoyad, respublikada mutlaqo yangilik bo‘lgan bu sohada xalqimiz to‘g‘ri yo‘ldan adashmasin, oq bilan qorani ajratishda qiynalmasin. Peshona teri evaziga topgan pullari aldovlar girdobida zoye ketmasin. Kun.uz halol tadbirkorlarni doim qo‘llab-quvvatlaydi.

Bahodir Ahmedov,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: