«Yosh kadrlar ko‘p» - Narimon Umarov keyingi prezidentlik saylovida nomzodini qo‘yish masalasida

O‘zbekiston 21:44 / 21.10.2019 29917

O‘zbekiston katta siyosiy jarayon - Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi arafasida turibdi. Shu munosabat bilan Kun.uz mazkur jarayonlarning borishi hamda partiyalar faoliyati borasida batafsil fikrlashish maqsadida O‘zbekistondagi mavjud beshta siyosiy partiyalar rahbarlari bilan suhbatlarni tashkil etmoqda. Navbatdagi suhbatdoshimiz «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi rahbari Narimon Umarov bo‘ldi.

— Agar siz rahbarlik qilayotgan partiya bo‘lajak saylovda ko‘proq o‘ringa ega bo‘lsa, tabiiyki, parlament va hukumatda o‘zgarishlarga qo‘l urishi kerak. Ayting-chi, voqealar shunday rivojlansa, qanday o‘zgarishlarni kutsak bo‘ladi? Bu borada aniq rejalar bormi?
— Biz bunday o‘zgarishlarga tayyormiz. Safimizda, siyosiy kengashimizda va qo‘llab-quvvatlovchilarimiz orasida yuqori malakali insonlar ko‘p.
Biz islohotlarimizni ko‘proq sotsial-demokratlarning g‘oyalariga tayangan holda, ijtimoiy yo‘nalishda ko‘ramiz, albatta iqtisod va boshqa yo‘nalishlarni esdan chiqarmagan holda.

— Tan olish kerak, bizda partiyalar o‘rtasida biroz g‘alati holat borki, siyosiy partiyalar o‘z elektoratini ajratib olish borasida hali ham aniq to‘xtamga ega emas. Xo‘sh, «Adolat» o‘z elektorati sifatida aynan kimlarni ko‘radi?

— To‘g‘ri aytasiz, xalqimiz orasida shunday savollar ko‘p uchraydi. Bu balki biz o‘z g‘oyalarimizni odamlarga to‘g‘ri yetkazib berolmayotganimizdandir.
«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi sotsial-demokratiya g‘oyalariga asoslangan holda tashkil etilgan.  Masalan, partiyamizni dastlab tashkil qilgan insonlar ham sog‘liqni saqlash, yurisprudensiya va OAV sohasi vakillari edi. Ya'ni, bizning elektorat asosini yuqori malakali ishchilar sinfi tashkil etadi.

— Xalq demokratik partiyasi ham siz aytgan soha vakillari, jumladan, shifokorlarni, «Milliy tiklanish» esa o‘qituvchilarni o‘z elektorati sifatida ko‘radi-ku?
— XDP asosan ijtimoiy kam ta'minlangan qatlamni o‘z vakili sifatida ko‘radi. O‘qituvchilarga kelsak, ular ham bir paytlar kam ta'minlangan qatlam sifatida ko‘rilardi. Lekin bugun o‘qituvchilarning mavqeyi ham, oyligi ham oshdi. Shuning uchun ular bilan bizning elektoratlarimiz bo‘lingan. «Milliy tiklanish» - bular ko‘proq ijodkorlar partiyasi. 

— 2021 yilda O‘zbekistonda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi, xo‘sh, bu saylovlarga partiyaning rejalari qanday, yana o‘zingizni nomzod sifatida ko‘ramizmi?


— Buni hayot ko‘rsatadi. To‘g‘ri, hali vaqt bor deymiz-u, lekin 5 yil juda tez o‘tib ketmoqda. Men nomzodimni qo‘yish-qo‘ymasligimni partiyaning rahbar organi hal qiladi. O‘sha paytga borib balki, yoshlardan yangi nomzodlar chiqar. Chunki partiyamizda yosh, bilimli va harakatchan kadrlar ko‘p. Bu partiyaning o‘zini ishi, mening nomzodim o‘zgarishi ham mumkin. Partiya qanday yo‘nalishni belgilasa, men shuni hurmat qilaman va bajarishga tayyorman.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: