Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish tartibida o‘zgarish bo‘ladi

O‘zbekiston 09:46 / 21.10.2019 17707

Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish va yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish tartibida o‘zgarishlar yuz beradi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 yanvardagi 63-son qarori bilan tasdiqlangan Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish va yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan qo‘shimchalar bilan ko‘p bolali oila tushunchasi quyidagicha tahrirga ega bo‘ladi – o‘n sakkiz yoshgacha besh nafar va undan ziyod bolalari bo‘lgan qonuniy nikohdan o‘tgan kam ta'minlangan er-xotin yoki yolg‘iz ona (ota).

Shuningdek, ijtimoiy-maishiy sharoitini yaxshilashga muhtoj oila – tarkibida birinchi guruh nogironi bo‘lgan yoxud surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va qonun hujjatlariga muvofiq alohida xonada yashashga ehtiyoj sezuvchi shaxs bo‘lgan oila.

Bundan tashqari, ko‘p bolali oilalar va ijtimoiy-maishiy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun 0,04 gektargacha va ushbu hajm doirasidagi yer uchastkalari auksionsiz beriladigan bo‘ladi.

Hujjatda qayd etilishicha, kam ta'minlanganlik to‘g‘risidagi ma'lumotnoma tuman (shahar) hokimi boshchiligidagi doimiy amal qiluvchi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish komissiyasi so‘roviga asosan ariza bergan fuqarolarning doimiy yashash joyi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan taqdim etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: