Axborot xizmati rahbarlarining ish samaradorligini baholash tartibi tasdiqlandi

O‘zbekiston 09:14 / 21.10.2019 2483

Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmati rahbarini lavozimga tayinlashni AOKA bilan kelishish, ularni attestatsiyadan o‘tkazish hamda ish samaradorligini baholash tartibi tasdiqlandi.

Lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish

 Respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari axborot xizmati rahbarlari Agentlik bilan kelishilgan holda, hududiy darajadagi rahbarlar hududiy boshqarmalar bilan kelishilgan holda lavozimiga tayinlanadi.

 Kelishish uchun bitta yoki bir nechta nomzodlar taqdim etiladi. Buning uchun ularning har biri bo‘yicha quyidagi hujjatlar topshiriladi:

• davlat organi va tashkiloti rahbarining taqdimnomasi;

• nomzodning anketasi;

• oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplomning yoxud xorijiy ta'lim muassasasida olingan oliy ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatni tan olish to‘g‘risida guvohnomaning nusxasi.

 Ushbu hujjatlar ERI bilan tasdiqlangan yoki «PDF» (portable document format) formatida jo‘natiladi. Hujjatlar qaytarilmaydi.

 Lavozimga tayinlashni kelishish masalasini ko‘rib chiqishda nomzod bilan axborot xizmatlari faoliyati sohasiga doir suhbat o‘tkaziladi. Suhbatni tegishlicha Agentlik direktori tomonidan, hududiy boshqarmalarda esa boshqarma boshliqlari tomonidan kamida 5 kishidan iborat tarkibda tasdiqlanadigan komissiyalar o‘tkazadi. Agentlikda direktorning o‘rinbosari, hududiy boshqarmalarda boshqarma boshliqlari komissiyaga raislik qiladi. Komissiya ishida a'zolarning kamida yarmi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi.

 Lavozimga tayinlashni kelishish hujjatlar taqdim etilgan sanadan boshlab 15 kun ichida amalga oshiriladi. Taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar aniqlanmasa, nomzodni tavsiya etgan davlat organi va tashkilotiga suhbat o‘tkazilishidan kamida 5 kun oldin suhbat o‘tkaziladigan kun, vaqti va joyi haqida xabar beriladi. Suhbatga kela olmaydigan nomzodlar bu haqda oldindan xabar qilishlari lozim, bunda nomzodlar komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida suhbatga qo‘yiladi.

 Taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar mavjudligi aniqlangan taqdirda, bu haqda 5 kun ichida nomzodni tavsiya etgan davlat organi va tashkilotiga xabar yuboriladi. Kamchiliklar bartaraf etilgan holda takroran hujjatlarni taqdim qilish lozim.

 Suhbatda kasbiy faoliyatga bog‘liq bo‘lgan qonunchilik sohalari, axborot xizmatlariga oid masalalar, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, davlat va jamiyat o‘rtasida muloqotni shakllantirish va takomillashtirishda keng jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, zamonaviy axborot maydonida kechayotgan tendensiyalarga oid tahliliy yondashuv kabi masalalar bo‘yicha nomzodning bilimi aniqlanadi. Komissiya majlisi videotasvirga tushiriladi va ushbu yozuv 3 yil davomida saqlanadi.

 Suhbat natijalari bo‘yicha suhbat o‘tkazish varaqasi rasmiylashtiriladi va ko‘pchilik ovoz bilan qaror qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi. Komissiyaning ijobiy yoki salbiy qarori haqida 2 ish kuni ichida nomzodni tavsiya etgan davlat organi va tashkiloti xabardor qilinadi. Komissiya qarorlari yuzasidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin. Suhbatdan o‘ta olmagan nomzodlar bir oydan so‘ng qayta tavsiya etilishi mumkin.

 

Axborot xizmati rahbari lavozimidan ozod etilganda, 10 ish kuni mobaynida Agentlik yoki uning hududiy boshqarmalari xabardor qilinadi.

 

Attestatsiya

 

Axborot xizmati rahbarlari har 3 yilda bir marotaba attestatsiya komissiyasining majlisida attestatsiyadan o‘tadi (birinchi marta lavozimga tayinlangan rahbar 3 yil ishlaganidan keyin attestatsiyadan o‘tadi). Attestatsiyani tashkil etish va undan o‘tish tartibi lavozimga tayinlashda suhbatdan o‘tkazish tartibiga o‘xshashdir.

 Attestatsiya yakunlari ovoz berish tugashi bilanoq ma'lum qilinadi. Attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lgan shaxslar mazkur guvohnomaning amal qilish muddati tugashiga qadar 2 oylik muddat ichida attestatsiyadan o‘tish kerak. Axborot xizmati rahbari attestatsiyadan o‘tmagan deb topilganda mazkur xodimni takroran attestatsiyadan o‘tkazish uchun 3 oy o‘tgach murojaat qilish mumkin. Attestatsiyada beriladigan savollar ro‘yxati Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi hamda Agentlikning rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.

 Faoliyatni baholash va reyting

 Axborot xizmatlari rahbarlarining faoliyat samaradorligi baholanadi va reyting tuziladi. Buning uchun Agentlik direktorining buyrug‘i bilan kamida 5 kishidan iborat tarkibda maxsus komissiya tuziladi. Komissiya Agentlik va uning hududiy boshqarmalariga tasdiqlangan mezonlar bo‘yicha taqdim etilgan ma'lumotlar asosida qaror qabul qiladi. 

 Ushbu qarorga asosan har yili 20 yanvarga va 20 iyulga qadar reyting tuziladi va 3 kun ichida rasmiy veb-saytga joylashtiriladi. Reytingda to‘plangan ballarga muvofiq quyidagi baholash darajalari aks ettiriladi:

• 55 ballgacha – past darajada;

• 56 balldan 71 ballgacha – qoniqarli darajada;

• 72 balldan 85 ballgacha – o‘rta darajada;

• 86 balldan 100 ballgacha – yuqori darajada.

 Komissiya qarori ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: