Andijonda «ko‘pchilik qiziqadigan» shifoxona mashmashasi qachon hal etiladi?

Jamiyat 15:27 / 21.10.2019 19618

Kun.uz’ga Andijon viloyat travmatologiya va ortopediya shifoxonasining bir guruh shifokorlari murojaat qilishdi. Murojaatda ular faoliyat yuritayotgan shifoxona bir muddat avval viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi balansida «nol» qiymatda tadbirkorga berib yuborilgani, orada noqonuniy ravishda bino ijara shartnomasi tuzilgani va boshqa muammolar keltirilgandi.

Jurnalistik surishtiruvni travmatologiya va ortopediya shifoxonasining bosh shifokori o‘rinbosari Hamidullo Zokirovdan izoh olish bilan boshladik.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilning yanvarida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov rahbarligida tadbirkorlar bilan majlis o‘tkazilgan. Majlisda yuz foiz o‘zi topgan mablag‘ hisobidan kun kechirayotgan shifoxonalar Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida xususiylashtirilayotgani ma'lum qilingan. Viloyat hokimi mas'ullarga shunday shifoxonalardan biri bo‘lgan viloyat travmatologiya va ortopediya shifoxonasini tadbirkor Hadyatillo Niyozovga berish bo‘yicha taklif tayyorlashni vazifa qilib yuklagan. Majlisda H.Niyozov so‘zga chiqib, 3,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga hududda yangi 3 qavatli shifoxona binosi qurish orqali 300ta yangi ishchi o‘rni yaratishga va'da bergan. Biroq va'dalar to‘liq bajarilmagan.

«2018 yilning fevral oyida buzish ishlariga ruxsati bo‘lmay turib, bir qavatli binomizni buzib tashladi. Buni suratlar, keyinchalik texnik ko‘rik uchun o‘tkazilgan summa va buzib bo‘lingach olingan buzishga ruxsat beruvchi hujjatlar sanasi tasdiqlaydi.

Kadastr hujjatlarida bino egasi bizning shifoxona bo‘lishiga qaramay, binoning yerto‘la qismini ijaraga berish bo‘yicha «Andijon viloyat davlat mulkini ijaraga berish markazi» davlat unitar korxonasi, Andijon viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va «Ko‘p tarmoqli travmatologiya va ortopediya shifoxonasi» MChJ o‘rtasida uch tomonlama ijara shartnomasi tuzilibdi. Shartnoma noqonuniy bo‘lgani bois keyinchalik bekor qilindi.

Shu bilan birga, binoning talabga javob bermaydigan va foydalanish mumkin bo‘lmagan pastki qismidan foyda topish maqsadida uni ta'mirlab foydalanishni boshlagan. Qurilish, buzish va ta'mirlash ishlarini nazorat qiladigan tashkilotlarga murojaat qilganimizda tadbirkor ulardan tegishli ruxsatlarni olmasdan buzish va ta'mirlash ishlarini boshlagani ma'lum bo‘ldi. Bino poydevoridan teshiklar ochilgan. Kuchliroq zilzila bo‘lsa, 3 qavatli bino qulab tushishi hech gap emas. Zararini kim to‘laydi?», deya ma'muriyat nomidan e'tirozlarini bildirdi bosh shifokor o‘rinbosari.

Shifokor ijara shartnomasi ularning ishtirokisiz tuzilgani, keyin bekor qilingan bo‘lsa-da, sud ularning gardaniga 600 million so‘mdan ortiq sarf-xarajatni qo‘yayotganini ma'lum qildi. U shuningdek, mazkur summa yuzasidan kerakli tekshiruvlar o‘tkazilib, rostdan ham shuncha mablag‘ sarflanganmi yoki yo‘q, shuni aniqlashtirishda mas'ul idoralaridan tashabbus ko‘rsatishni so‘radi.

bosh shifokori o‘rinbosari Hamidullo Zokirov

Shundan so‘ng izoh olish maqsadida Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga bordik. Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat-xususiy sheriklik va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi Andijon viloyat hududiy bo‘limi bosh mutaxassisi Nodirbek Xasanboyev va Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh yuriskonsulti Muzaffar Ramazonov masala yuzasidan savollarimizga javob berishdi.

«Shifoxona Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi balansida bo‘lmagan, lekin uning ta'sischisi bo‘lgan. Shu sababli ularning ishtirokisiz ijara shartnomasi tuzilgan», dedi Nodirbek Xasanboyev.

Boshqarma yuriskonsulti Muzaffar Ramazanov esa hozirda shifoxona oxirgi chiqarilgan Namangan viloyat iqtisodiy sud qaroridan norozi ekani va nazorat tartibida shikoyat keltirganini tushuntirdi.

Nodirbek Xasanboyev va Muzaffar Ramazonov

Shundan keyin tadbirkor Hadyatillo Niyozov bilan suhbatlashdik.

«Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov o‘tkazgan majlisda yordamchisi G‘ayratbek Madakimovdan bu shifoxona boshqarma balansida yoki yo‘qligini so‘raganida u shifoxona rostdan ham sog‘liqni saqlash boshqarmasi balansidaligini tasdiqlagandi. Shundan so‘ng, shifoxona menga «nol» qiymatda xususiylashtirish uchun berilgandi.

Binoning pastki qismi masalasida gapirsam, u yer tashlandiq joy edi. Buni rasmlarda ham ko‘rish mumkin. Men u joyni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i bilan kelishib ta'mirladim. Barcha tashkilotlardan ruxsat olganman. Eski bir qavatli bino ham foydalanishga yaroqsiz edi. Mablag‘ sarflab buzib tashladik. U yerda zamonaviy tibbiy dastgohlar bilan jihozlangan 3 qavatli shifoxona qurishni boshlayotgan edik.

Keyin ular hamma yerga murojaat qilishdi. Bosh prokuraturadan mas'ullar kelib, «nol» qiymatda berish masalasini bekor qilishdi. 3 qavatli ishlab turgan binoni esa ijaraga olgandim. Uning shartnomasi ham bekor qilindi.

U yerda yiliga juda katta tushum bor. Shu sababli shifoxonaga ko‘pchilik qiziqadi. Men shu pullarning hammasini qonuniy hisobga tushirib, foyda solig‘ini to‘lab, daromad olmoqchi edim. Eng alam qiladigani, men shifoxona uchun sarflagan millionlab mablag‘imga kuyib qolmoqdaman», deydi tadbirkor.

tadbirkor Hadyatillo Niyozov

Nega ta'mirlash ishlari tegishli tashkilotlardan ruxsat olinishidan oldin boshlab yuborilgani haqida so‘raganimizda u bunga javoban arizalar o‘z vaqtida berilgani, hujjatlashtirish ishlariga ancha vaqt ketib qolgani, shu tufayli qurilish ishlarini tezlashtirish maqsadida ta'mirlashni boshlab yuborganini aytdi.

Suhbatdan keyin qo‘limizda mavjud hujjatlar bilan tanishdik. Tegishli ruxsatlar olinmagani yuzasidan shifokorlar prokuratura va boshqa bir nechta tashkilotlarga arz qilishgan. Gigiyena talablariga amal qilinmay bemorlarga muolaja qilinayotgani yuzasidan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga murojaat qilingan. Holat bo‘yicha chiqarilgan so‘nggi qaror yuzasidan shifokorlar Oliy sudga ham nazorat tartibida shikoyat qilishgan. Natijalarni kutishmoqda.

Shifokorlarning aytishicha, hozirda foydalanilayotgan binoning pastki qismi yaroqsiz holatda. Tadbirkor esa ular bu qismni ataylab shunday ko‘rinishga keltirishganini aytmoqda.

Hujjatlardan ma'lum bo‘lishicha, 2017 yilning 8 iyul sanasida xo‘jalik hisobidagi viloyat travmatologiya va ortopediya shifoxonasi bosh shifokori N.Akbarov viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i A.Madaliyevga «nol» qiymatda xususiylashtirishda amaliy yordam so‘rab xat kiritgan. Bir nechta eski binolar, yer va boshqalar umumiy bo‘lib 108 million 276 ming so‘mga baholangan. Barchasi shundan boshlangan.

Bu voqealar natijasida tadbirkor ham huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. U yerdan tekshiruvchilar kelib bemorlar yotgan xonalarga kirib, ularga savollar berishgan. Lekin shifoxona mutasaddilariga birorta hujjat ko‘rsatishmagan. Tekshiruvchilarning tashrifi telefon kameralarida «muhrlangan».

Shu o‘rinda bir nechta savollar paydo bo‘ladi. Nega mas'ullar shifoxona haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lmay turib uni xususiylashtirishga berib yuborgan? Tadbirkor sarflagan mablag‘ masalasi endi nima bo‘ladi? Shifoxona hududida buzish-qurilish ishlari ruxsat berilmasdan turib boshlab yuborilgani holatiga tegishli tashkilotlar qanday chora ko‘radi? Tushum masalasida tadbirkor uning davriga kelib foyda ortgani, avval yashirib ko‘rsatib kelinganini aytmoqda. Bu bo‘yicha tushumni tekshiruvchi tashkilotlar nima deydi? Videoga tushib qolgan, hujjat ko‘rsatmay, o‘zini tanitmay, bemorlar xonalarini aylanib yurgan xodimlar yuzasidan rasmiy idoralar qanday izoh beradi? Ular kimning buyrug‘i bo‘yicha va nima maqsadda kelishgandi?

Biz surishtiruv o‘tkazib qaytgach, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov shifoxonaga borib vaziyatni o‘zi o‘rgangani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda keyinroq o‘sha yerda ishlaydigan shifokor xabar berdi.

Viloyat hokimi bu muammolarga qanday choralar ko‘rgani va shifoxonaning keyingi taqdiri nima bo‘lgani hozircha noma'lum.

Tegishli tashkilotlardan masalaga oydinlik kiritishini kutib qolamiz. Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Zafarbek Solijonov
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: