Livanda ommaviy namoyishlar. Barchasi WhatsApp uchun soliqdan boshlandi

Jahon 14:10 / 20.10.2019 13520

Kunning ikkinchi yarmida poytaxt Bayrutdagi hukumat binosi oldida davlat bayroqlarini ko‘targan kishilar to‘plana boshlashdi. Namoyishchilar Livandagi siyosiy tizimni to‘liq qayta ko‘rib chiqishni talab qilishmoqda.

Frans press muxbiri xabar qilishicha, Bayrut markazi shu kunlarda harbiy harakatlar hududiga o‘xshab qolgan. Ko‘chalar sindirilgan derazalar parchalari, ag‘darilgan chiqindi qutilari va yoqilgan shinalar qoldiqlari bilan to‘lgan. Banklar, restoranlar va ko‘plab do‘konlar yopib qo‘yilgan.

© EPA-EFE/WAEL HAMZEH

Avvaliga stixiyali ko‘rinishda boshlangan  namoyishlar endilikda butun mamlakatni qamrab olmoqda. Livan shimolida, mamlakatning ikkinchi yirik shahri Tripolida (Liviya poytaxti Tripoli emas) ham namoyishchilar ko‘chalarga chiqishgan.

17 oktabr kuni Livanda minglab namoyishchilar Saad Haririy koalitsiyasi hukumatining soliq siyosatiga qarshi norozilik bildirib norozilik aksiyalari boshladi. Xalq noroziligiga hukumat WhatsApp va boshqa messenjerlardan foydalanganlik uchun soliq joriy qilishi va to‘lov miqdorini oyiga 6 AQSh dollari qilib belgilangani sabab bo‘lgandi. Ko‘p o‘tmay hukumat bu qarorni bekor qildi, ammo namoyishlarni to‘xtatib bo‘lmay qolgandi.

JOSEPH EID / GETTY IMAGES

Siyosatchilar nima deyishmoqda?

18 oktabr kuni Bayrutda Livan xavfsizlik kuchlari namoyishchilarning harakatlariga qarshilik ko‘rsatib ko‘zni yoshlantiruvchi gaz qo‘llab ularni tarqatishga uringan. Ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu harakat ta'sirida namoyishchilarning bir nechtasi hushini yo‘qotgan, politsiya 70dan ortiq kishini qo‘lga olgan, ularga o‘g‘rilik va ko‘chalarda o‘t qo‘yish bo‘yicha ayblar qo‘yilgan.

Mamlakat bosh vaziri Saad Haririy hukumatdagi koalitsiyaga dushanba kuniga qadar og‘ir vaziyatdan chiqish bo‘yicha variantlar taklif qilish uchun muhlat bergan.

Livandagi «Hizbulloh» radikal harakati yetakchisi Hasan Nasralla televideniye orqali namoyishchilarga murojaat qildi. U odamlarni siyosiy harakatlarga chorladi.

Nasralla shuningdek, Saad Haririyni ham tanqid qilib o‘tgan. U «o‘z majburiyatlarini bajarmasdan boshqalarni ayblayotganlar»ni qoralagan. Ammo «Hizbulloh» yetakchisi hukumatdan iste'fo talab qilmagan, yangi hukumatni shakllantirish uchun juda ko‘p vaqt ketishini ta'kidlab o‘tgan.

Qayd etish kerakki, hozirgi koalitsion hukumat Livandagi barcha siyosiy partiyalar va harakatlar, shu jumladan «Hizbulloh» tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Livan hozirda qanday yashamoqda?

Livan - hozirda jahondagi eng ko‘p davlat qarzi bor davlatlardan biridir. Mamlakat hukumati yangi soliqlar joriy etish orqali budjetdagi defitsitni qisqartirishga urinmoqda. Bu xalqaro donor davlatlar tomonidan va'da qilingan 11 mlrd dollar miqdoridagi iqtisodiy yordamni olish uchun kerak.

Livandagi iqtisodiy urush qo‘shni Suriyada 8 yildan buyon davom etayotgan urush tufayli keskin darajada sekinlashgan, siyosiy tanglik chuqurlashgan.

Moliya vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, Livanning davlat qarzi 86 mlrd dollar atrofida, bu esa YaIMning 150 foizidan ko‘proqni tashkil etadi.

Sentabr oyida bosh vazir Hariri «milliy iqtisodiyotda favqulodda holat» e'lon qilgan va Vazirlar Mahkamasining davlat budjeti defitsitini 2020-moliyaviy yilda 7 foizga tushirishga qaror qilganini bildirgandi.

2018 yilda o‘tgan Parij-4 xalqaro konferensiyasida («Qadr») donor-davlatlar Livanga iqtisodiyotini barqarorlashtirishi va katta infratuzilma loyihalarini amalga oshirishi uchun 11 milliarddan ko‘proq to‘lov subsidiyalarisiz imtiyozli kreditlar ajratishni va'da bergandi.

Hariri hukumati moliyaviy yordamni olish uchun davlat sektori va harbiylarning ijtimoiy to‘lovlari va pensiyalarini qisqartirish orqali ham defoltdan qochishga uringandi.

Ko‘proq yangiliklar: