G7 sammiti Trampga qarashli koshonada o‘tkazilmaydigan bo‘ldi

Jahon 12:30 / 20.10.2019 8843

AQSh prezidenti Donald Tramp 2020 yili bo‘lib o‘tadigan G7 sammitini Floridadagi o‘ziga qarashli kurort-dala hovlilardan birida o‘tkazish fikridan qaytdi. Uning bu g‘oyasiga mamlakatdagi har ikkala siyosiy partiya vakillari ham qarshi chiqqan edi.

Tanqidchilar Tramp shu yo‘l bilan o‘z lavozimidan foydalangan holda daromad orttirishni ko‘zlaganini aytayotgan, Oq uy esa bu iddaolarni rad etib kelayotgandi.

AQSh yetakchisining tvitterda tushuntiricha, u demokratlar va matbuot tomonidan bo‘layotgan «ahmoqona va mantiqsiz adovat» tufayli bu fikridan voz kechgan.

Avvalroq u o‘ziga tegishli koshona golf markazi – Trump National Doral «katta va hashamatli» joyligi, unda «g‘oyat mahobatli zallar va muzokara xonalari» borligini aytgandi.

«Trump National Doral`dan foydalanib, mamlakatimiz uchun juda yaxshi ish qilyapman, deb o‘ylagandim. Lekin, har doimgidek, adovatkor OAV va ularning demokrat sheriklari ahmoqlik qilishdi!» – deb yozdi Tramp tvitter mikroblogida.

Oq uy rasmiy vakili Mik Valveynining so‘zlariga ko‘ra, agar sammit prezidentning Mayamidagi golf markazida bo‘lganida, davlat budjetidan millionlab dollar tejab qolingan bo‘lardi. Chunki Trampga tegishli koshona uchun faqat anjumanni o‘tkazish xarajatlarining tannarxi to‘lansa kifoya edi.

Biroq jamoatchilik bu va'dalarga ishongani yo‘q, ko‘pchilik sammit ortidan Trump National Doral baribir pul ishlab oladi, degan fikrda edi. Jumladan, Vakillar palatasida keyingi hafta mazkur qarorni qoralash masalasi ovozga qo‘yilishi kutilayotgandi.

Ma'lumot uchun, Mayamidagi Trump National Doral – 300 gektardan ortiq maydonni egallagan majmua bo‘lib, unda 5ta golf maydoni, 700 kishilik mehmonxona, konferens-xonalar va do‘konlar bor. Donald Tramp uni 2012 yilda sotib olgan.

«Katta yettilik»ning navbatdagi sammiti 2020 yili 10-12 iyun kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda AQSh, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Birlashgan Qirollik hamda Yevropa Ittifoqining oliy darajadagi delegatlari ishtirok etadi.

Ko‘proq yangiliklar: