Xitoyda VII Butunjahon harbiy o‘yinlar ochilishi marosimi bo‘lib o‘tadi

Jahon 09:53 / 18.10.2019 4322

Ushbu o‘yinlar ishtirokchilari soni bo‘yicha rekord o‘yinlar bo‘ladi.

Harbiy o‘yinlar 1948 yil tashkil etilgan Xalqaro harbiy sport kengashi (CISM) rahnamoligida o‘tadi. Ayni kunda tashkilotga a'zo davlatlar soni 135taga yetgan.

Musobaqalar “do‘stlikni mustahkamlash va tinchlikni qurish” shiori ostida bo‘lib o‘tadi. Ularda 18 oktyabrdan 29 oktyabrgacha 10 kun davomida 109 ta davlat sportchi harbiylari 27 ta sport turi bo‘yicha 329 ta yo‘nalishda bellashadilar.

E'tiborlisi, o‘zbekistonlik harbiylar 12 yillik tanaffusdan keyin yana ushbu o‘yinlarda ishtirok etadilar. O‘zbekiston so‘nggi marta 2007 yilda Hindistonda o‘tgan IV Butunjahon harbiy o‘yinlarda ishtirok etgan va 5 oltin, 2 kumush, 5 bronza medal bilan Rossiya, Xitoy, Germaniya, Italiya, Ukraina va Keniyadan keyin 7-o‘rinni egallagan edi.

O‘yinlar dasturidan badminton, kamondan o‘q uzish, velosport, boks, golf, futbol, dzyudo, parashyut sporti, o‘q uzish, suzish, triatlon, voleybol, stol tennisi, zamonaviy beshkurash, ot sporti, qilichbozlik, joyda mo‘ljalni olish, sportcha kurash, harbiy-havo beshkurashi, harbiy-dengiz beshkurashi, harbiy beshkurash va boshqa sport turlari o‘rin olgan.

Birinchi Butunjahon harbiy o‘yinlar Rimda 1995 yilda bo‘lib o‘tgan. O‘yinlar har 4 yilda bir marotaba o‘tkaziladi. 2015 yilda Janubiy Koreyada o‘tgan oxirgi VI Butunjahon harbiy o‘yinlarda 117 davlatdan 7 ming harbiy 24 sport turi bo‘yicha bellashgan. 

Tashkilotchilarning ta'kidlashicha, ushbu o‘yinlar bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha rekord o‘yinlar hisoblanadi. Jumladan, musobaqalarda 109 ta davlatdan 9308 harbiy ishtirok etadi. Shuningdek, ushbu o‘yinlar tarixdagi eng katta ko‘lamlisi bo‘ladi. Bundan tashqari, musobaqalar rekord sondagi 329 ta yo‘nalish bo‘yicha bo‘lib o‘tadi.

O‘z navbatida, Uxan shahri meri Chjou Syanvan o‘yinlar vaqtida foydalaniladigan 54 ta sport obektidan 34 tasi aynan ushbu musobaqalar uchun qurilganini ma'lum qilgan. Asosiy obekt Uxan sport markazi bo‘lib, unda o‘yinlarning ochilishi va yopilishi marosimlari o‘tadi. Butunjahon harbiy o‘yinlar tarixida ilk bor sportchilar uchun “Olimpiya qishlog‘i” qurildi. Ta'kidlanishicha, tashkilotchilar musobaqalarga 26 ming ko‘ngillini jalb qilishgan.

Ko‘proq yangiliklar: