«Quruq gap emas, amaliyot birlamchi». Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti kimlarga, nima uchun berildi?

Fan-texnika 19:25 / 18.10.2019 17913

Abxijit Banerji, Ester Dyuflo va Maykl Kremer – 2019 yilgi Nobel mukofotining iqtisodiyot bo‘yicha laureatlari. Ular global qashshoqlikka qarshi kurashdagi eksperimental yondashuvlari uchun nufuzli sovringa loyiq ko‘rildi.

«Bu iqtisodchilarning asosiy yutug‘i nimada?» degan savolga Forbes nashri qator mutaxassislardan javob oldi. Ekspertlarga ko‘ra, laureatlarning mehnati mahsuli nafaqat ilmiy hamjamiyat, balki ko‘plab mamlakatlar hukumatlari uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Hind-amerikalik Abxijit Banerji va fransuz-amerikalik Ester Dyuflo oilaviy juftligi Massachusets texnologiya institutida iqtisodiyot fanidan dars beradi. Er-xotin Bostonda joylashgan Abdul-Latifa Jamil nomidagi Qashshoqlikka qarshi kurash laboratoriyasini ham boshqarib kelmoqda.

Amerikalik Maykl Kremer esa – Harvard universiteti professori, Qashshoqlikka qarshi kurashish uchun innovatsiyalar institutida ilmiy maslahatchi bo‘lib ishlaydi.

Umuman, Nobel mukofotining bir yo‘nalishda birvarakayiga uch kishiga topshirilishi tarixda 7-marta kuzatilyapti. Ester Dyuflo esa iqtisodiyot bo‘yicha bu sovrinni qo‘lga kiritgan tarixdagi ikkinchi ayol bo‘ldi.

Illyustratsiya: Niklas Elmehed / The Nobel Prize

Haqiqiy inqilob

«Bu odamlar butun dunyoda iqtisodchilar ishlayotgan landshaftni juda sezilarli o‘zgartirib yuborishdi. Ular haqiqiy inqilobni amalga oshirdilar», — deydi Rossiya iqtisodiyot maktabi rektori Ruben Yenikolopov.

«Bu yilgi Nobel mukofoti professional iqtisodchilarga ular «oliy ilm-fan»ni amaliyot bilan maksimum uyg‘unlashtirgani, ya'ni davlat dasturlari samaradorligiga baho berishgani uchun topshirildi.

Kremer, Banerji va Dyuflo ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalarida birinchilardan bo‘lib real hayotiy eksperimentlarni o‘tkazishdi. Shu orqali ular bu – samaradorlikni baholashning nafaqat ilmiy asoslangan, balki o‘ta effektiv metodi ekaniga barchani – ham ilmiy hamjamiyat, ham hukumatlarni ishontirishdi. Bu metodlar qayerda qo‘llansa, o‘sha yerda vazifalarning vaqtida bajarilishi ko‘rsatkichi oshadi, suv tozaroq bo‘ladi, korrupsiya chekinadi», – deydi Chikago universiteti professori Konstantin Sonin.

Uning tushuntirishicha, qaysidir islohot yoki davlat dasturi samaradorligini baholash uchun bu dasturlarning potensial ishtirokchilarini «nazorat» va «eksperimental» guruhlariga ajratish kerak. Rejadagi islohotlarga daxli bo‘lmaganlar «nazorat» guruhiga, islohotlar ta'sirida bo‘lganlar esa «eksperimental» guruhga kiritiladi.

Buni amalda bajarish oson emas, chunki real hayotda «nazorat» va «eksperimental» guruhlarining o‘z-o‘zidan yuzaga kelishi holatlari kamdan kam uchraydi.

Maykl Kremer ilk tadqiqotlarini 1990-yillarning o‘rtalarida, Abijit Banerji va Ester Dyuflo esa 2000-yillarning boshida Hindiston va Indoneziyada o‘tkazgan. Ularning barcha tadqiqotlari hamma joyda bu kabi guruhlarga ajratish mumkinligini aniq ko‘rsatib bergan. Natijada akademik olimlar va amaliyotchilar keng ko‘lamli loyihalar oqibatlarini baholash uchun kuchli instrumentlarga ega bo‘lishdi.

«Nobel mukofotini olgan olimlarni birlashtirib turgan inson bu – Abdul Latif Jamildir. U tadbirkor sifatida qashshoq oilalar va qashshoqlik muammosini o‘rganayotgan olimlarni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullangan.

Latif Jamil «Poverty Action Lab» laboratoriyasiga asos solgan. Bu laboratoriya qashshoqlik muammosiga yechim topish uchun butun dunyo olimlarini o‘ziga jalb qilgan. Tashkilot saytidagi ma'lumotga ko‘ra, hozir laboratoriya turli universitetlarda ishlovchi 181 nafar professorni o‘zida birlashtirgan. Shu jumladan, Nobel mukofotining iqtisod bo‘yicha 2019 yilgi uch sovrindori ham ayni shu laboratoriyada faoliyat olib borgan.

Ularning uchalasi ham «Poverty Action Lab»ga kelguniga qadar bir narsaga ishonch hosil qilib ulgurishgan edi: qashshoqlik darajasini kamaytirish bo‘yicha global va milliy strategiyalardan aytarli naf bo‘lmayapti.

Qashshoqlikka qarshi kurash bo‘yicha strategik loyihalar yuqori doiralarda, muayyan qolipdagi siyqasi chiqqan gaplar bilan ishlab chiqiladi va masalaning tubigacha tushilmaydi. Ya'ni ko‘rilayotgan choralar konkret oilalarga qadar yetib bormaydi», – deydi Rossiya Oliy iqtisodiyot maktabi Ijtimoiy siyosat instituti direktori Liliya Ovcharova.

«Olimlar bunday dasturlarni real voqelikdan uzilib qolgani uchun tanqid qilib kelishardi. Ilgari sog‘liqni saqlash yoki ta'limni rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqishda hech kim ularni amaliyotda tekshirib ko‘rmasdi, bu esa mazkur dasturlarning samaradorligiga xalaqit qilardi.

Nobel olgan tadqiqotchilar global taraqqiyot maqsadlarini muayyan aniq vazifalarga ajratish, ularni keng miqyosda tatbiq etishdan oldin amaliyotda samaradorligini tekshirish va bu kabi yondashuvlarni hamma joyda qo‘llashni taklif etishdi», – deb tushuntiradi Yenikolopov.

«Tadqiqotchilar aniqlagan yana bir jihat – muayyan oiladagi qashshoqlik juda ko‘p omillarga bog‘liq bo‘ladi. Bu omillarning kombinatsiyasi hamma yerda har xil. Masalan, sog‘liqni saqlash sohasiga pul kiritish mumkin, lekin bu joyda yo‘llar bo‘lmasa, tibbiy yordamdan foydalana olmaydigan aholi yashash punktlari saqlanib qolaveradi», – deya misol keltirmoqda Ovcharova.

Natijada olimlar eng quyi pog‘onagacha tushib, alohida olingan oiladagi qashshoqlik omillarini aniqlash kerak, degan xulosaga keladilar.

Ester Dyuflo va Abxijit Banerji / Foto: AP

Asosiy tadqiqotlar

Tadqiqotchilarning har uchalasi eng kambag‘al mamlakatlardagi qashshoqlik muammosini hal etishga harakat qilishdi. Maykl Kremer bevosita amaliyotning o‘zida birinchilardan bo‘lib tadqiqot o‘tkazdi. U 1990-yillarning o‘rtalarida hamkasblari bilan birga g‘arbiy Keniyada ta'lim sohasidagi katta tadqiqot dasturini boshladi. Ular qo‘llab-quvvatlashning qanday choralari ta'lim jarayonini yaxshilashga yordam berishini tekshirishdi.

Olimlarning amaliyotda isbotlashicha, ko‘p xarajat talab qilmaydigan tibbiy chora-tadbirlar maktablardagi davomat va o‘zlashtirishga katta ta'sir qiladi. Masalan, gijjalardan davolash – savodsizlikka qarshi kurashning oson va samarali usullardan biri bo‘lib chiqdi.

«Gelmintozga salomatlik uchun shunchaki yoqimsiz holat, deb qaraladi. Lekin Kremer bu – ancha jiddiy muammoligi, shu sababli bolalar yomonroq o‘qishlari, maktabga kamroq borishlarini ko‘rsatib berdi. Va agar bolalar gijjadan davolansa, ularning salomatligi yaxshilanibgina qolmay, bilim darajasi ham o‘sadi», – deydi Yenikolopov.

Kremer yiliga bor-yo‘g‘i 3,5 dollar turadigan vaksinatsiya – bolalarni maktabga borishga undashning boshqa usullaridan samaraliroq ekanini isbotlab berdi.

Banerji va Dyuflo oilaviy juftligiga kelsak, ular – «Qashshoq iqtisodiyotlar: global qashshoqlikka qarshi kurashish usullarini radikal qayta ko‘rib chiqish» («Poor Economics: A Radical Rethinking of the Way to Fight Global Poverty») nomli mashhur kitob muallifi sanalishadi.

Kremerga o‘xshab, ular ham ta'lim dasturlarining samaradorligini qashshoq mamlakatlar, xususan, Hindistonda o‘rganishdi. Ular dars jarayoniga ta'sir ko‘rsatish ta'lim sifatini yaxshilashini aniqlashdi. Aynan ular o‘zlashtirishdan orqada qolayotgan bolalarning repetitorlar bilan qo‘shimcha darslari katta ijobiy natijaga egaligini ko‘rsatib berdilar. 

«Shuningdek, Banerji va Dyufloning ta'limda, aksincha, nimalar befoyda ekani borasidagi qiziqarli tadqiqotlari ham bor. Masalan, Hindistonda katta muammo mavjud – maktab o‘qituvchilari maosh olishadi, biroq darslarga kelishmaydi. Tadqiqotchilar ana shu holatda xodimlarni rag‘batlantirishning amalda ish berishi kerak bo‘lgan oddiy usullari «o‘tmasligini» ko‘rsatishdi. Bu – ularning unchalik ham mashhur bo‘lmagan, biroq amaliy tomondan ahamiyatli tadqiqotlaridan biridir», – deya hikoya qiladi Yenikolopov. 

Harvard universiteti professori Maykl Kremer
Foto: Luke MacGregor / Bloomberg

Amaliyotda qo‘llash

Kremer, Banerji va Dyufloning tadqiqot ishlari katta amaliy ahamiyatga ega. Uchalasi ham rivojlanayotgan mamlakatlarda izlanish olib borgan bo‘lsa-da, bu tadqiqotlar natijalarini rivojlangan iqtisodiyotlar ham o‘zlashtirdi.

«Endilikda ularning yondashuvlarini butun dunyoda qo‘llashyapti, barcha yangi g‘oyalarni amaliyotda sinovdan o‘tkazishga harakat qilishmoqda. Biroq afsuski, bu yondashuv Rossiyada deyarli qo‘llanilmaydi», – deya xulosa qiladi Yenikolopov.

«Evaluation system, ya'ni qashshoqlikni qisqartirish siyosatini baholash tizimi – ularning asosiy yutug‘i bo‘ldi. Qashshoqlikning sabablari bilan kurashish zarur. Ular qashshoqlikka qarshi choralarning muayyan oilalarga ta'sirini qanday qilib baholash kerakligini o‘rgana olishdi», – deya qo‘shimcha qiladi Ovcharova.

Shvetsiya Qirollik akademiyasining ma'lumotlariga ko‘ra, sovrindor iqtisodchilar va ular izdoshlarining ishlanmalari qashshoqlikka qarshi kurashishda allaqachon o‘z samarasini ko‘rsatib ulgurdi.

Masalan, Hindistondagi 5 milliondan ortiq bola Banerji va Dyuflo tadqiqotlari sababli korreksion ta'lim dasturlarini tamomlay olishdi. Kremerning ko‘plab mamlakatlardagi tashabbuslari tufayli maktab yoshidagi bolalar kasalliklarini davolashga subsidiyalar ajratila boshlandi.

Ko‘proq yangiliklar: