Niderlandiyada xilvatdagi ferma yerto‘lasida 9 yildan beri «qiyomatni kutib yashagan» oila topildi

Jahon 12:35 / 18.10.2019 85712

Mahalliy nashrlarda yozilishicha, fermadagi tekshiruv ishlari vaqtida Avstriya fuqarosi bo‘lgan 58 yoshli Yozef. B qo‘lga olingan. U har zamonda fermaga kelib turgan, bu yerda uning 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 6 farzandi to‘liq izolyatsiyada yashab kelgan. Yozef. B tergovchilar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan, endi u sud qilinadi.

U noqonuniy ravishda ozodlikni cheklash va salomatlikka xavf tug‘dirishda gumon qilinmoqda. 

Ushbu xilvatdagi fermaga u yerdagilarning kattasi qochib chiqib, mahalliy bardagilarga barcha voqeani aytib berganidan keyin politsiya kelgan. 

25 yoshli yigitning tashqi qiyofasi va xatti-harakatlari bar egasi Kris Vesterbekda tashvish uyg‘otgan. «U besh hissa pivo buyurtma qilib, hammasini ichdi. Keyin men u bilan suhbatlashdim, u qochib chiqqani va unga yordam zarurligini aytdi. Biz politsiya chaqirdik», - deb aytgan Vesterbek RTV nashri jurnalistlariga.

Fermaga eng yaqin uy 16 km masofada joylashgan / EPA

«Uning soch-soqoli o‘sib ketgandi, eski kiyimda va nima bo‘layotganini tushunmayotgandek ko‘rinardi. U hech qachon maktabda o‘qimaganini va 9 yildan beri sartaroshga bormaganini aytdi»,-deya qo‘shimcha qilgan bar egasi.

Vesterbekning so‘zlariga ko‘ra, yigit kichik ukalari va singillari bilan fermada izolyatsiyada yashaganini va ular bu joyni tashlab chiqishlari kerakligini anglagani haqida gapirib bergan.

Shundan so‘ng politsiyachilar uyga kirishgan va maxfiy eshik ortidagi pastga yo‘nalgan zina orqali oila istiqomat qilgan yerto‘laga tushishgan. U yerda yigitning 5 nafar uka va singillari, shuningdek, bolalar o‘z otasi deb atagan erkak topilgan.

Hozirda oila topilgan fermadan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan yana ikki uyda tintuv ketmoqda.

Qo‘shnilar hech nimani payqashmagan

Politsiya ferma yerto‘lasida maxfiy xonani aniqlagan / EPA

Uy chamasi 3 ming aholiga ega Ryunervold qishlog‘iga uzoq bo‘lmagan hududda joylashgan, ammo atrofida o‘suvchi daraxtlari tufayli ko‘zga tashlanishi qiyin bo‘lgan. Ferma qishloqdan ancha uzoqda joylashgan va unga yetib olish uchun kanalga o‘rnatilgan kichik ko‘prik orqali boriladi.

U yerda katta bo‘lmagan xo‘jalik bor — tomorqa va echki. Qo‘shnilardan birining so‘zlariga ko‘ra, avvallari bu yerda g‘ozlar va it bo‘lgan, ammo u hech qachon bu yerda bolalarni uchratmagan — faqat katta yoshli erkakni ko‘rgan. Tomorqada sabzavot ham yetishtirilgan.

Qo‘shnilar bir erkak fermaga muntazam kelib turgani, u bu yerda nimadir qurayotganini tusmol qilishgani haqida aytishgan. Ammo u doim darvozani yopib yurgan va hech kim bilan gaplashmagan. 

Mahalliy xat tashuvchi u yerga hech qachon xat olib bormaganini va bu g‘alati bo‘lganini endi payqaganini aytgan. 

Mahalliy nashrlardan birining muxbiri o‘zining tvitterida shunday yozadi: «Ko‘rinishidan, oila oxirzamon kelishini kutish maqsadida berkingan. Kanal bo‘yidagi uy qishloqdan bir necha kilometr uzoqlikda. Hozirda jadal tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Bizni o‘tkazishmayapti».

«Bizda hali ham ko‘plab savollar javobsiz qolmoqda», - deya yoziladi mahalliy politsiya tvitterida. Ayni vaqtda detektivlar ehtimoliy bir necha taxmin ustida bosh qotirishmoqda.

Xususan, oila qachondan beri yerto‘laga yashirinib kelgani va bolalarning onasiga nima bo‘lgani noma'lum. Merning so‘zlariga ko‘ra, ayol ancha vaqt oldin vafot etgan.

Uy atrofi va uni o‘rab turuvchi hududlarda politsiya nazorat o‘rnatgan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu voqeadan so‘ng 58 yoshli erkak insultni boshdan kechirdi.

Ko‘proq yangiliklar: