Narxlar oshishiga nima ta'sir qilishi aytildi - MB so‘rovi

Iqtisodiyot 09:28 / 18.10.2019 27591

Aholining 69 foizi va tadbirkorlik sub'yektlarining 70 foizi valuta kursi qadrsizlanganda narxlar yuqori darajada oshadi, deb hisoblaydilar. Bu haqda Markaziy bank so‘rovnomasida aytilgan.

Tahlillarga ko‘ra, respondentlar narxlarning kelgusidagi darajasini taxmin qilishda ularga ta'sir qiladigan bir qator omillarga asoslanadi. Xususan, 2019 yilning uchinchi choragida milliy valuta kursining o‘zgarishi respondentlar tomonidan kelgusidagi inflatsiyani baholashda eng birinchi omil sifatida ta'kidlandi.

«Aholining 69 foizi va tadbirkorlik sub'yektlarining 70 foizi valuta kursi qadrsizlanganda narxlar yuqori darajada oshadi deb hisoblaydilar», - deyiladi Markaziy bank ma'lumotida.

Ikkinchi hamda uchinchi o‘rinlarda esa ish haqining o‘sishi (mos ravishda 54 va 49 foiz) va tariflarning oshirilishi qayd etildi.

So‘rov natijalari respondentlarning inflyatsion kutilmalari qator omillarga yuqori ta'sirchanligini ko‘rsatgan. Bildirilishicha, milliy valuta ayirboshlash kursining nisbiy barqarorligiga olib keladigan ichki va tashqi makroiqtisodiy sharoitlarning saqlanishi, shuningdek, ish haqi hamda tartibga solinadigan narxlarning mo‘'tadil indeksatsiyasi inflyatsion kutilmalarning pasayishi va ularning barqaror xarakterga ega bo‘lishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Markaziy bankning ekspertlik xulosalariga ko‘ra, iqtisodiyotda qat'iy pul-kredit va muvozanatli makroiqtisodiy siyosatni olib borilishi inflatsiyani barqarorlashtirishga va respondentlarning inflyatsion kutilmalarining mo‘'tadillashishiga yordam beradi.

Bundan oldin, yil oxirida dollar kursi qancha bo‘lishi taxmin qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: