Meksika politsiyasi mafiya bilan otishmadan so‘ng narkobaronning qo‘lga olingan o‘g‘lini qo‘yib yuborishga majbur bo‘ldi

Jahon 14:58 / 18.10.2019 12678

Meksikaning Kulyakan shahri politsiyasi narkobaron Xoakin Gusman Loeraga (laqabi “Pakana”) qarashli narkokartel jangarilari bilan otishmadan so‘ng uning o‘g‘lini qo‘yib yuborishga majbur bo‘ldi.

The Guardian nashrining yozishicha, Meksika politsiyachilari AQShda giyohvand moddalar savdosida ayblanayotgan Ovidio Gusman Lopesni 17 oktabr kuni Kulyakandagi uylardan birida qo‘lga olgandi. 

Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, oradan bir oz o‘tgach, uni mahkamaga olib ketayotgan politsiyachilar guruhi narkokartel jangarilari tomonidan o‘qqa tutildi. Jangarilar shuningdek, shaharda mashinalarga o‘t qo‘yib barrikadalar tiklay boshladi. Bundan tashqari, ular bir necha nafar politsiyachini garovga olishdi. Jangarilar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari o‘rtasidagi otishma bir necha soat davom etdi.

Shundan so‘ng, Meksika xavfsizlik vaziri Alfonso Durasoning so‘zlariga ko‘ra, Lopesni qo‘yib yuborishga qaror qilingan.

28 yoshli Ovidio Gusman Lopes 2019 yil fevralda AQSh adliya vazirligi tomonidan kokain savdosida ayblangan.

Loeraning o‘zi 2019 yil yanvarda AQShda umrbod ozodlikdan mahrum qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: