O‘zbekistonda bojsiz limit 25 dollarga tushirilishi mumkin: keskin cheklov ortidan keladigan 4ta muammo

Iqtisodiyot 11:30 / 18.10.2019 55964

O‘zbekistonda yana bir bor xalqaro kurerlik jo‘natmalarini (XKJ), oddiyroq qilib aytganda, «ekspress-pochta» posilkalarini mamlakatga olib kirishda boj olinmaydigan chegara miqdori muhokama qilinmoqda. Ikki oy oldin, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaror loyihasida shunchaki pasaytirilgan emas, balki chinakamiga o‘ta tushirib yuborilgan chegara o‘rnatishni taklif qilgan edi. Bunchalik katta farqqa yana qanday ta’rif berish mumkin: hozirgi ruxsat etilgan 1000 AQSh dollari (har chorakda bir yoki bir nechta jo‘natma uchun)ga qarshi taklif etilayotgan 25 AQSh dollari (bir martalik kurerlik jo‘natmasi uchun)?

«Ortiqcha shov-shuv» kerak bo‘lmagan qaror loyihasi?

Qizig‘i shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 25 dollarlik boj to‘lanmaydigan chegara to‘g‘risidagi qarori loyihasi hech qanday shov-shuvsiz va albatta, ommaviy axborot vositalariga tushuntirishlarsiz e’lon qilindi: shu bois ham ushbu sahifada 60ga yaqin «ko‘rildi» va «nol» miqdordagi izohlar mavjud.

Axir, ushbu masala shaxsiy notijorat ehtiyojlari uchun chet eldan tovarlarni «ekspress-posilkalar» tarzida oladigan yoki olish niyatida bo‘lgan kamida bir necha yuz minglab O‘zbekiston fuqarolariga tegishli-ku?

Ammo endi prezidentning 2019 yil 2 oktyabrdagi tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qarori PQ-4470-sonli munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ushbu loyihasiga yana bir bor e’tibor qaratish zarur. Ushbu qaror 3-bandining «b» qismida aynan xalqaro kurerlik jo‘natmalari uchun bir martalik boj to‘lanmaydigan narx va og‘irlik me’yorlarini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni ikki hafta muddatda qonunchilikka kiritish haqida so‘z borgan. Agar manfaatdor bo‘lgan keng auditoriyaga bojning xalqaro kurerlik jo‘natmalarining boj to‘lanmaydigan ma’yori 1000 AQSh dollaridan 25 AQSh dollariga tushirilishi iste’molchilar va elektron tijorat bozori uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi hozir tushuntirilmasa, Vazirlar Mahkamasining taklifi ayni muddaoga aylanishi mumkin, chunki u bo‘yicha ikki oy muqaddam hech qanday e’tirozlar bo‘lmagan edi. Aslida esa vakolatli organlar tomonidan tushuntirishlar va keng oshkoralikka yo‘l qo‘yilmagan, xolos.

Boj to‘lanmaydigan chegara o‘zi nima va u oddiy iste’molchiga nima beradi?

O‘zbekiston fuqarolari, jismoniy shaxslar chet eldan shaxsiy foydalanish uchun tovarlarga buyurtma berish huquqi hamda buning uchun zamonaviy imkoniyatlarga ega. Odatda, bular mahalliy bozorda mavjud bo‘lmagan, arzonroq yoki mahalliy ishlab chiqaruvchilarning o‘xshash mahsulotlariga nisbatan ancha raqobatdosh ustunliklarga ega bo‘lgan tovarlardir.

O‘z navbatida, dunyoning turli mamlakatlaridagi ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat tizimi, keyingi tijorat maqsadida emas, balki o‘z ehtiyojlari uchun shunday xaridlarni amalga oshiradigan fuqarolar uchun turli imtiyozlarni ko‘zda tutadi, aynan esa muayyan summa chegarasida boj to‘lashdan ozod qilishni ta’minlab beradi. Masalan, Rossiya fuqarolari bugun qiymati 500 yevrodan oshmaydigan posilkalarni chet eldan boj to‘lamasdan qabul qilib olishlari mumkin, qo‘shni Qozog‘iston o‘z fuqarolari uchun ushbu chegarani 1000 yevrogacha kengaytirgan, AQShda esa 800 AQSh dollariga teng posilkalarni olib kirishga ruxsat beriladi. To‘g‘ri, G‘arbiy Yevropada 22 yevrodan iborat boj to‘lanmaydigan chegara ham mavjud, ammo 22 yevrodan 150 yevrogacha bo‘lgan qiymatdagi xalqaro jo‘natmalarni qabul qiluvchilar boj to‘lamaydi, faqat belgilangan QQS qiymatini to‘laydi, xolos. Agar posilkalar qiymati 150 yevrodan oshsa, oluvchi QQSni ham, bojxona to‘lovlarini ham qoplashi zarur bo‘ladi.

Har bir mamlakat o‘z iqtisodiyotining xususiyatlarini hisobga olgan holda tariflarni ishlab chiqadi. Masalan, Xitoyda boj to‘lanmaydigan to‘siqlar umuman mavjud emas, ularning qiymati nolga teng. Ammo Xitoy sharoitida bu yechim o‘zini to‘laqonli oqlaydi, chunki mamlakatning ishlab chiqarish quvvati o‘z aholisini ham, butun dunyoni ham zarur tovarlar bilan ta’minlashga qodir.

O‘zbekistonda 2018 yilning fevralidan 2018 yilning iyuligacha jismoniy shaxslar bojxona to‘lovlarini to‘lamagan holda bir chorak davomida qiymati 1000 AQSh dollaridan oshmagan qiymatdagi tovarlarni chet eldan olishlari mumkin edi. Bunda ushbu summa chegarasida bir chorak davomida bitta yoki bir nechta posilkani olishga yo‘l qo‘yilgan, asosiysi, umumiy qiymat 1000 AQSh dollaridan oshmasa bo‘lgani. Agar bunday posilkaning tarkibiga biror noqonuniy narsa kirmasa, kurer uni barcha zarur bojxona tadbirlaridan osongina o‘tkazadi va mustaqil ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qiluvchiga yetkazib beradi. Agar posilkaning qiymati ko‘rsatilgan me’yordan oshsa, oluvchining shaxsiy ishtiroki talab qilinadi. Ya’ni, u bojxonaga kelishi, to‘lovning farqini to‘lashi va shundan keyingina posilkani olib ketishi mumkin. Masalan, 1200 AQSh dollarlik posilka uchun boj faqat chegaradan yuqori bo‘lgan 200 dollar uchun to‘lanadi. 1000 AQSh dollari esa - bu fuqarolar uchun yoqimli va juda zarur bo‘lgan davlat «imtiyozi»dir. Ushbu summadan hech narsa to‘lash talab etilmaydi.

Ushbu boj to‘lanmaydigan tarif xalqaro pochta jo‘natmalari uchun ham, xalqaro kurerlik jo‘natmalari uchun ham amal qilar edi (farq shundaki, pochta jo‘natmalari tuman aloqa bo‘limlariga, keyin esa uyimizga keladi, kurerlik jo‘natmalari esa chet eldan ko‘plab kurerlik xizmatlari tomonidan «ostonadan-ostonagacha» tamoyili asosida yetkazib beriladi).

2018 yilning iyul oyida ushbu me’yorga tuzatishlar kiritilgan edi, ammo ular faqat xalqaro pochta jo‘natmalariga aloqador bo‘lib, bir martalik chegara - 100 AQSh dollari bilan cheklangan edi.

Xalqaro kurerlik jo‘natmalari uchun hozirda ham bir chorak uchun 1000 AQSh dollari miqdoridagi chegara saqlanib qolgan, ammo aynan uni yaqin orada qayta ko‘rib chiqish va pasaytirish taklif qilinmoqda.

Boj to‘lanmaydigan «imtiyoz»ni 1000 AQSh dollaridan 25 dollargacha keskin qisqartirish ortidan bizni nimalar kutmoqda?

Boj to‘lanmaydigan chegaraning 25 dollargacha tushirilishi ortidan keladigan to‘rtta asosiy qiyinchilik

Agar Vazirlar Mahkamasining taklifiga binoan boj to‘lamasdan olib kirishning bir martalik me’yori 25 AQSh dollarigacha pasaytirilsa, iste’molchilar va bojxona xodimlarining o‘zi ham muayyan muammolarga duch kelishi turgan gap. Boisi elektron tijorat aylanmasining faol o‘sishi fonida bunday keskin cheklovlar uchun maydonning o‘zi ham hali tayyor emas. Mantiqan olib qaraganda, bunday aylanmalar tobora ortib borishi zarur va ortadi ham, chunki ko‘chada XXI asr hukm surmoqda va internet barcha afzalliklari va imkoniyatlari bilan global tendensiyalar olamida o‘z o‘rniga ega.

Faqatgina bunday cheklovlar tariqasidagi choralar allaqachon hammamizga tanish bo‘lgan va ayanchli trendga aylanib ulgurgan holatni keltirib chiqaradi – bu posilkalarga qo‘yiladigan me’yoriy cheklovlarni qanday qilib «aylanib o‘tish» yechimini izlashdir. Buning ustiga bunday yechimlarni internetning o‘zidan topish mumkin. Masalan, Belarus resurslaridan, chunki aynan Belarusda jo‘natmalarni boj to‘lamasdan olib kirish uchun deyarli ayni past darajadagi to‘siqlar joriy qilingan: xalqaro kurerlik jo‘natmalari uchun 22 yevro. «Belpochta» resurslari va imkoniyatlarining «O‘zbekiston pochtasi» kompaniyasining salohiyatidan bir necha baravar yuqori ekaniga qaramay, odamlar bu yerda ham to‘siqlar va cheklovlarni aylanib o‘tish usullarini izlashgan va izlashda davom etmoqdalar.

O‘zbekistonda boj to‘lamasdan olib kiriladigan jo‘natmalarga bojxona chegarasining keskin pasaytirilishi qanday muammolarni keltirib chiqarishi mumkin?

SOLIShTIRMA TAHLIL:
Xalqaro kurerlik jo‘natmalari uchun
boj to‘lanmaydigan 1000 dollarlik va boj to‘lanmaydigan 25 dollarlik chegara

25 AQSh dollarilik chegara bilan boj to‘lanmaguncha to‘xtatib qo‘yilgan posilkalar soni keskin oshadi.

Albatta, 25 AQSh dollarilik past darajadagi boj solinmaydigan chegara joriy etilgan taqdirda to‘xtatib turilgan posilkalar soni hozirgi 1000 AQSh dollarilik chegaradan ko‘ra bir necha barobar ko‘p bo‘lishi shubhasiz. Boisi, hatto 1 dollardan oshib ketgan posilkalar ham barcha to‘lovlar va xarajatlarni hisobga olgan holda boj to‘lashni talab etadi va qiymati 25 dollardan ortiq bo‘lgan har bir posilka to‘xtatib qo‘yiladi.

Bularning barchasi bojxona postlaridan ham texnik, ham inson resurslarini ko‘paytirish va kuchaytirishni talab etadi. Axir, bojxona postiga kuniga o‘rtacha hisobda 2-3 mingta posilka kelib tushadi-da. Mavsumiy davrda undan ham ko‘proq: kuniga 3 mingdan 7 minggacha posilka keladi. Ommabop internet-maydonlar va Yangi yil arafasidagi savdolarda «qora juma» bilan bog‘liq vaziyatni, ushbu davrda posilka narxi 25 dollardan oshgani uchun qabul qilib oluvchilarning shaxsan kelishini kutib to‘xtatib turilgan tovarlar xajmini bir tasavvur qilib ko‘ring.

25 AQSh dollarlik boj to‘lanmaydigan chegara sharoitida aralashgan posilkalar uchun qo‘shiladigan barcha ustamalarni hisoblashga taxminan 25-40 daqiqa ketadi.

Masalan, kamera uchun obektiv, bolalar uchun pijamalar, sport biologik faol qo‘shimchalari va elektron radio-enagani o‘z ichiga olgan aralash posilkani olib ko‘raylik. Posilkaning umumiy narxi 309 AQSh dollarini tashkil etadi. Har bir mahsulotning o‘ziga xos hisoblash xususiyatlariga ega bo‘lgan TIF TN kodi mavjud.

Bugungi kunda 1000 dollarga teng bo‘lgan boj to‘lanmaydigan chegara sharoitida bunday posilkani boj to‘lovisiz olish mumkin, demakki, qo‘shimcha bojxona tadbirlari talab etilmaydi. Kurer posilkalarni hech qanday muammosiz va qo‘shimcha rasmiyatchiliksiz ostonangizgacha yetkazib beradi.

Agar Vazirlar Mahkamasining loyihasiga muvofiq boj to‘lanmaydigan chegara 25 AQSh dollarigacha kamaytirilsa, ushbu summadan oshgan har bir posilka uchun sermashaqqat jarayon qo‘llanadi, unga ham kurer, ham bojxona xodimi va deklarant hamda bevosita oluvchi qo‘shimcha harajatlar uchun qo‘lidagi hamyoni bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etiladi.

Bunda 309 AQSh dollarlik aralash posilkalar uchun bojxona kalkulyatsiyasini amalga oshirishda birinchi navbatda qolgan 284 dollardan barcha ustamalarni hisoblash uchun umumiy summadan boj solinmaydigan 25 AQSh dollari chiqarib tashlanadi. Buning uchun bojxona xodimlari va deklarantlar, yuqorida aytib o‘tilganidek, bojxona tadbirlarining narxini, shuningdek yetkazib berish, sug‘urta qilish, qadoqlash, og‘irlik, TIF TN kodi va boshqalarni hisobga olishlari kerak. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir aralash posilkalar uchun hisob-kitoblarni va solishtirishlarni amalga oshirish uchun, shu jumladan, maxsus «bojxona kalkulyatori»ni ishlatgan holda taxminan 30-40 daqiqa vaqt ketadi.

26 dollarlik «deyarli suv tekin» posilkalar soni juda ko‘p bo‘lishini hisobga oladigan bo‘lsak, bojxona shuncha ko‘p vaqt va mablag‘ga egami, degan o‘rinli savol tug‘iladi? Ular juda ko‘p bo‘lishi aniq. Va bularning barchasini to‘xtovsiz rejimda hisoblab chiqish, tekshiruv zonalarida tiqilinchlarni, bojxona omborlarida uyumlarni yuzaga keltirmaslik zarur.

Darvoqe, onlayn xaridlarni amalga oshiradigan oddiy iste’molchilar qiymati 25 AQSh dollaridan oshadigan keyingi posilka summasini bilish uchun ushbu kodlarning uzundan-uzun va sodda ro‘yxatini o‘zlari bilan olib yurganlari ma’qul.

Kurerlik kompaniyalari, elektron tijorat bozorini tanazzulga uchratmaslik uchun kelgusi ikki yil uchun Dalat bojxona qo‘mitasiga boj to‘lanmaydigan chegara miqdorini kamida 500 AQSh dollari etib belgilashni taklif qilishmoqda.

Vazirlar Mahkamasining xalqaro kurerlik jo‘natmalarini olib kirish uchun 25 AQSh dollarilik bojsiz me’yorni o‘rnatish taklif etilgan qarori loyihasi manzilida e’lon qilinganidan so‘ng, 25ga yaqin kurerlik kompaniyalari (O‘zbekistonda ularning soni taxminan 120taga yaqin) O‘zR Davlat bojxona qo‘mitasiga e’lon qilingan stavkani qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi iltimos bitilgan xat bilan chiqishdi.

Xalqaro kurerlik jo‘natmalari va bojxona xizmatlari bilan ishlash bo‘yicha o‘z amaliy tajribasiga, shuningdek, elektron tijorat xizmatlaridan foydalanuvchi iste’molchilar bilan ish tajribasiga asoslangan kurerlik kompaniyalari boj to‘lanmaydigan stavkani bosqichma-bosqich va keskin bo‘lmagan miqdorda tushirish taklif qilishdi.

Shu tariqa, xatda kurerlar 2019 yildan boshlab va ikki yil ichida bir martalik boj to‘lanmaydigan stavka miqdorini kamida har bir jismoniy shaxs uchun 500 AQSh dollaridan kam bo‘lmagan, yalpi og‘irligini 30 kg miqdorda chegaralash, bunda choraklik cheklovni 1000 AQSh dollari miqdorida saqlab qolishni taklif etishgan.

Va, 2022 yildan boshlab bir martalik boj to‘lanmaydigan stavkani bir jismoniy shaxs uchun 200 AQSh dollarigacha, yalpi og‘irligini 30 kg.dan oshirmaslik hamda choraklik cheklovni 1000 AQSh dollari miqdorida saqlab qolishni taklif etishgan.

Kurerlar DBQ tomonidan xat olingani va ko‘rib chiqilishi haqida dastlabki javobni olishdi. Ammo agar keng oshkoralik ta’minlanmasa va eng muhimi, agar hech kim aholiga 25 AQSh dollari miqdoridagi boj to‘lanmaydigan chegara iste’molchilarning iste’mol qobiliyatiga va umuman, sektorning rivojlanishiga qanday ta’sir etishini tushuntirmasa, kurerlarning barchasi ham ushbu takliflar haqiqatan ham e’tiborga olinishiga ishonishmayapti.

Bunda, ayniqsa eng kam stavkasi 25 dollarga teng bo‘lgan bojxona tadbirlarining narxini hisobga oladigan bo‘lsak, aksariyat kurerlar 25 dollarlik chegarani «mazax qilish» deb hisoblashmoqda. Kurerlarning ta’kidlashicha, bunday chegara bilan faqat chalg‘itadigan va odamlar uchun biror qulaylik yaratmaydigan «boj to‘lanmaydigan imtiyozlar» ko‘rinishini yaratmagan ma’qulroqdir.

Kurerlar bunday cheklov choralari bilan bojxona xalqaro kurerlik jo‘natmalari formatidan tijorat maqsadlarida foydalanadigan ozchilikni tashkil etadigan va boj to‘lamagan holda Turkiyadan bir xil seriya partiyali va narxi tushirilgan tovarlarni olib kelishga urinayotgan nohalol kompaniyalarga qarshi kurashishga harakat qilmoqda, degan taxminni ilgari surishmoqda.

Ammo bir nechta qonunbuzar kurerni deb elektron tijoratdek yirik sohaning barcha ishtirokchilari va iste’molchilari aziyat chekishi adolatdanmi? Ho‘l-u quruqni qayta-qayta barobar yoqish o‘rniga muayyan qoidabuzarliklarga nisbatan aniq choralarni o‘ylab chiqishning hech iloji yo‘qmikin?

Ko‘proq yangiliklar: