Britaniyalik advokat investorlarni O‘zbekistonga qiziqtiradigan savollar ro‘yxatini tuzib berdi

O‘zbekiston 20:30 / 18.10.2019 13853

17-18 oktabr kunlari Toshkentda «English Law Day in Tashkent» (Toshkentda ingliz huquqi kuni) xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda asosan ingliz va o‘zbek huquqshunoslari o‘zaro fikr almashishdi.

Konferensiya doirasidagi tadbirlarga Adliya vaziri Ruslan Davletov moderatorlik qildi. U ingliz huquqini O‘zbekistonda tatbiq qilishning ahamiyati masalasida o‘z fikrlarini bildirdi.

«Ingliz huquqi zamirida juda katta qadriyatlar yotadi. Unda investorlar uchun katta himoya va ishonch bor. Butun dunyoda ingliz huquqi deyilsa, investorlarni darrov jalb qiladi.

Tabiiyki, har qanday davlat investorlarga yoqadigan muhit yaratishga intiladi. O‘zbekiston ham istisno bo‘lmasligi kerak, mamlakatimizda huquq tizimini parallel rivojlantirib borishimiz kerak.

Investorlar nuqtayi nazarida o‘zlari o‘rgangan qoida, tamoyil, standartlar bor. Investorning O‘zbekistonga kelish-kelmaslik qarori negizida ana shu qoida va tamoyillar yotadi. Boshqa hamma narsani ko‘rsatishingiz mumkin, lekin ishonchni uyg‘ota olmasangiz foydasi bo‘lmaydi.

Bugungi uchrashuvda spikerimiz Saymon Kox investor mamlakatga kelganida uni qiziqtiradigan savollar ro‘yxatini qilib berdi. Ro‘yxatda 30taga yaqin savollar mavjud. Bunga yetarli resurs kerak, vaqt kerak, eng asosiysi kadr kerak», – degan Ruslan Davletovning so‘zlarini keltirdi Kun.uz muxbiri.

Konferensiyada xorijiy investitsiyalarni jalb etish va O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishga ko‘mak beradigan huquqiy rejim yaratish uchun ingliz qonunlarini moslashtirish va qo‘llash imkoniyatlari, sud tizimining ingliz qonunlarini amalga oshirishdagi roli xususida so‘z bordi.

Konferensiya yakuni bo‘yicha O‘zbekiston hududida ingliz huquqi normalarini joriy etish istiqbollarini ko‘zda tutuvchi takliflar ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: