Putinning Saudiya Arabistoniga tashrifi vaqtida Rossiya madhiyasining «arabcha remiksi» ijro etildi

Jahon 21:58 / 17.10.2019 33537

Dushanba kuni Rossiya prezidenti 12 yil ichida ilk marta Ar-Riyodga keldi. Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol-Saud huzuridagi kutib olish marosimida arab musiqachilari Rossiya madhiyasini ijro etishda bir qator xatolarga yo‘l qo‘yishdi.

Seshanba kuni shunga o‘xshash holat BAA poytaxti Abu-Dabida ham takrorlandi.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, bu ikki holatga salbiy bo‘yoq berish yaramaydi.

«Albatta, bu – katta simfonik orkestrning ijrosi emasdi. Shunga qaramay, har holda amirliklar va saudiyaliklar tomoni ancha harakat qilishdi va prezidentni olijanoblik bilan kutib olishdi.

Voqeaga bunday bo‘rttirib reaksiya bildirish noo‘rin. Rossiya davlati rahbarini qanday darajada kutib olishgani, u yerda qanchalar xayrixohlik muhiti hukm surgani va muzokaralar konstruktiv kechganini o‘zingiz ko‘rdingiz», – dedi Peskov.

Rossiya faxriy qorovulining boshlig‘i, mayor Pavel Gernetsning so‘zlariga ko‘ra, Osiyoning ayrim davlatlari va ba'zi sharq mamlakatlarida musiqachilar Rossiya madhiyasini ijro etishda qiyinchilikka duch kelishadi. Uning tushuntirishicha, bu – musiqa madaniyatining turfa xilligi bilan bog‘liq.

Qo‘shimcha qilish joiz, Vladimir Putinning Ar-Riyodga tashrifi vaqtida uning kortejiga 16 chavandoz hamrohlik qilib yurdi. Rossiya yetakchisi Saudiya podshohiga qushlarni ovlashga o‘rgatilgan kamchatka lochini, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonga esa mamont tishidan ishlangan sovg‘a taqdim etdi. Bunga javoban Putinga arab ornamenti suratini tuhfa qilishdi.

Ko‘proq yangiliklar: