AQSh va Markaziy Osiyo savdo shartnomasiga Afg‘oniston ham qo‘shiladi

Jahon 17:22 / 17.10.2019 4522

TIFA kengashining bu galgi majlisida Afg‘onistonga kengashning to‘laqonli a'zosi maqomi berilishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi bergan ma'lumotga ko‘ra, yig‘ilishda Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘onistonning tashqi iqtisodiy aloqalarga mas'ul vazirliklari rahbarlari qatnashadi. Kun tartibiga bojxona, standartlar, sanitariya va fitosanitariya choralari, intellektual mulk va biznesda ayollarning rolini mustahkamlash masalalari ham kiritilgan.

Delegatlar Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda elektron tijoratni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yangi ishchi guruh tuzish mavzusini ham ko‘rib chiqishadi.

Ma'lumot uchun, 2014 yili Vashingtonda AQSh va Markaziy Osiyoning beshta respublikasi o‘rtasida kelishuv imzolanib, Savdo va investitsiyani rivojlantirish bo‘yicha doiraviy kengash (Framework Trade and Investment Agreement – TIFA) tuzilgan.

O‘zbek-amerika biznes forumida esa AQSh Savdo vaziri Uilbur Ross, Qo‘shma Shtatlar va Kanadaning «Fortune 500» ro‘yxatiga kiruvchi 150dan ortiq yirik kompaniyalari, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari vakillari ishtirok etadi.

Biznes forumda O‘zbekiston delegatsiyasi Amerika va Kanada kompaniyalari vakillari bilan G2B va B2B formatlarida uchrashuvlar o‘tkazadi. Muzokaralar natijasida Qashqadaryoda maxsus poyabzallar ishlab chiqarish, tekstil mahsulotlari eksporti, neft-gaz ishlab chiqarish sohasida loyihalarni amalga oshirish, respublikaning elektron to‘lov tizimlariga «VISA» texnologiyasini joriy etish, shuningdek, «Project Cure» tashkiloti tomonidan gumanitar yuklar – Orolbo‘yi mintaqasidagi sog‘liqni saqlash muassasalari uchun tibbiy jihozlar yetkazib berish masalalarida kelishuvlarga erishilishi kutilyapti.

Qolaversa, Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahrida tashkil qilingan, o‘zbek gilamlari va ipakdan ishlangan tekstil mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi «Samarqand gilamlari» va «Gulnor» nomli o‘zbek savdo uylarining rasmiy ochilish marosimini o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

Forum davomida uchta muhokama sessiyasi bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan. Ularda Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik, davlat-xususiy sektor hamkorligi va davlat korxonalarini xususiylashtirish, investitsion jozibadorlikni ta'minlash – biznes va moliyaviy instrumentlarni rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosati mavzulari muhokama etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: