Xurmoning foyda va zararlari: u bolalar uchun taqiqlanadimi?

Light 14:45 / 16.10.2019 50208

Xurmoning salomatlikka foydasi

Xurmo tarkibida glyukoza, saxaroza, yod, magniy, kalsiy, marganets va temir bor. Shuningdek, onkologik kasalliklarning oldini oluvchi A, tomirlardagi mo‘rtlikni kamaytirishga xizmat qiluvchi R, umumiy mustahkamlovchi xususiyatga ega S vitaminlari mavjud. Unda yana ovqat hazm qilish jarayoni uchun foydali bo‘lgan pektinning katta miqdorini uchratishimiz mumkin, shuning uchun hazm tizimi buzilishi holatlarida tavsiya etiladigan parhezning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Xurmo qaysi kasalliklarga qarshilik ko‘rsata oladi?

  1. Onkologik kasalliklar. Apelsin tusli xurmoda beta-karotin va A vitamini ko‘pligi uni onkologik xastaliklar profilaktikasida tavsiya etishga sabab bo‘ladi.
  2. Anemiya, kamqonlik. Temirning yuqori miqdori ushbu kasalliklarning oldini olishga va qon sifatini yaxshilashga yordam beradi. Homilador ayollarning kunlik ratsionida xurmo bo‘lishi zarur.
  3. Qalqonsimon bez kasalliklari. Ma'lumki, tarkibida yod saqlovchi mahsulotlar qalqonsimon bez xastaliklaridan asraydi. Xurmo yodga boy mahsulotlar qatorida tengsiz o‘ringa ega. 
  4. Siydik-tosh kasalliklari. Xurmo tanadagi kaliy-natriy balansi shakllanishiga va ortiqcha natriy tuzlari chiqarib yuborilishiga hissa qo‘shadi. Shuningdek, undagi kaliyning yuqori miqdori siydik yo‘llarida tosh paydo bo‘lish xavfini kamaytiradi.

Xurmo iste'moli kimlar uchun taqiqlangan?

  • Ichaklarda yopishish va ich qotish holatlarida xurmo tanovul qilish mutlaqo mumkin emas, chunki tarkibidagi tanin moddasi o‘tkir ichak tutilishiga olib kelishi mumkin;
  • Pankreartit va o‘n ikki barmoqli ichak kasalliklarida taqiqlanadi; 
  • Xurmo tarkibini shakllantiruvchi birikmalar moddalar almashinuvi jarayonini sekinlashtirishi mumkin. Shu vajga ko‘ra, semirishga moyil va tez vazn oluvchilar uchun tavsiya etilmaydi;
  • O‘n yoshga to‘lmagan bolalarning xurmo iste'mol qilishini iloji boricha cheklash maqsadga muvofiqdir: tanin oshqozon sharbati bilan yopishqoq aralashma hosil qiladi, bu ovqat hazm qilish muammolariga olib keladi;
  • Shifokorlar xurmo tarkibidagi shakar miqdori ko‘p deb hisoblaydilar va diabetdan aziyat chekuvchi bemorlarga ushbu meva iste'molini tavsiya etmaydilar;
  • Homiladorlik davrida ham me'yorni inobatga olish zarur: xuddi boshqa yorqin mevalar singari, xurmo ham allergik reaksiya chaqirishi mumkin.

Va yana bir inkor etib bo‘lmaydigan qoida: xurmoni sovuq suv va sut bilan birga yeyish mumkin emas, bu birikma hazm bo‘lmaydi va oshqozon buzilishiga olib keladi.

Xurmoni qanday tanlash kerak?

Agar hamma ham to‘g‘ri tanlashni bilganida edi, bu mevaning muxlislari ancha ko‘proq bo‘lgan bo‘lardi. Mevaning yuqori sifatli navi silliq, usti qalin va to‘yingan rangga ega bo‘ladi. Yumshoqligi uning yetilganidan dalolatdir. Pishmagan hosilda tanin ko‘p, shuning uchun ham taxir maza beradi. Demak, xurmoxo‘rlik qilishdan avval u xona haroratida yetilishini, ya'ni yumshashini kutish kerak.

Ko‘proq yangiliklar: