Turkiya AQShning sanksiyalarini javobsiz qoldirmasligiga va'da berdi 

Jahon 19:48 / 16.10.2019 12370

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lu AQSh Turkiyaning Suriyadagi harbiy amaliyoti sababli Anqaraga qarshi kiritgan sanksiyalari javobsiz qolmasligiga va'da berdi.

Chovusho‘g‘luning aytishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp sanksiyalarni “ichki siyosiy omillar bosimi ostida”, ya'ni demokratlar tomonidan unga qarshi boshlangan impichment jarayoni tufayli qabul qilgan.

Turkiya tashqi ishlar vaziri xorijdan har qanday sanksiyalar va tahdidlar bildirilishi nomaqbulligini aytgan, biroq Anqara aynan qanday javob qaytarishiga aniqlik kiritmagan. 

“Tramp ichki siyosiy omillar bosimi ostida bizga qarshi shunday qadamlar qabul qilayotganini ko‘rmoqdamiz. Har qanday sanksiyalar va tahdidlar nomaqbuldir. Biz bu sanksiyalarga qarshi javob choralar ko‘ramiz, biz o‘z javobimizni beramiz”, deb aytgan Chovusho‘g‘lu. 

Tramp ko‘rsatmasiga ko‘ra, sanksiyalar Turkiya hukumati bilan bog‘langan va Anqaraning Suriya shimolidagi harbiy amaliyotiga aloqador shaxslar va tashkilotlarga qarshi kiritiladi. Sanksiyalar ro‘yxatiga hozirning o‘zida Turkiya mudofaa va energetika vazirliklari va yuqori darajadagi 3 mansabdor shaxsi kiritilgan.

Ko‘proq yangiliklar: