Bundesliga klubi Shomurodov uchun taklif bilan chiqdi

Sport 13:49 / 16.10.2019 87195

«Rostov» hujumchisi Eldor Shomurodovning vakili Qahhor Mo‘minov futbolchining Yevropa top-klublariga o‘tish imkoniyatlariga baho berdi.

«Transfermarkt portali Eldorning «Rostov»ga o‘tganida 750 ming yevro to‘langanini yozdi. Ammo unday emas. «Rostov» Eldor uchun karrasiga kam to‘lagan.

Hozir u eng yaxshi to‘purar, yaqinda shartnomani uzaytirdi. Shu tufayli bugungi kunda transfer qiymati ham o‘zgacha bo‘lishi kerak. Umuman olganda futbolchi uchun qancha taklif qilinsa, demak uning narxi shuncha bo‘ladi.

«Shtutgart» 10 million yevro atrofida, TsSKA ham shunga yaqin qiymatni taklif qildi. «Rostov» bu masalaga qishda qaytishini bildirdi. Ammo mavsum o‘rtasida bu oson bo‘lmaydi.

Eldor va uning oilasi bilan gaplashdim. Yozda top-klublardan munosib taklif tushsa, transferni talab qilamiz. «Rostov» bilan shartnoma imzolaganimizda aynan shu haqda kelishib olganmiz», – deb Mo‘minov so‘zlarini keltirmoqda Rossiyaning Sport sayti.

Eldor Shomurodov Rossiya chempionatining joriy mavsumida «Rostov» safida 12 uchrashuvda 10ta gol urdi va 2ta golga uzatma berdi. U ayni vaqtda RPLning eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi. U shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi safida so‘nggi 6 o‘yinida 6 gol urishga erishgan va terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar qatoriga kirgan - 16 gol. 

Avvalroq Shomurodovga Germaniyaning «Shalke-04» klubi qiziqish bildirayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi.

Ko‘proq yangiliklar: