Prezident qarori loyihasi: Sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimi isloh qilinadi

Sport 14:44 / 16.10.2019 6392

O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tashkil etiladi. Bu haqda “Sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ularni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasida aytilgan.

Muhokama uchun joylashtirilgan hujjatga ko‘ra, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Moliya vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasining:

Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta'minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi va uning Nukus, Farg‘ona, Samarqand filiallari negizida Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti va uning Nukus, Farg‘ona, Samarqand filiallarini tashkil etish;

Termiz davlat universitetidagi jismoniy tarbiya va sport ta'lim yo‘nalishlari bazasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Termiz filialini tashkil etish;

umumta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida jismoniy tarbiya fanidan olimpiada hamda “Bolalar olimpiya o‘yinlari” sport tadbirlari o‘tkazilishini joriy etish;

oliy ta'lim muassasalari talabalariga sport toifalarini “O‘zbekiston Talabalari sporti” assosiatsiyasi tomonidan berish tizimini joriy etish;

oliy ta'lim muassasalari reytingini baholash mezonlari qatoriga talabalarni sport bilan qamrab olish, sport moddiy-texnik bazasi va sport faoliyati natijadorligi ko‘rsatkichlarini kiritish;

jismoniy tarbiya o‘qituvchilariga malaka toifalari berish tizimini amaliy mashg‘ulotlar bilan bog‘lash;

tuman (shahar), viloyat, respublika va xalqaro sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlari, ularning trenerlari va jismoniy tarbiya o‘qituvchilarini rag‘batlantirish tizimini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Yuqori malakali trenerlar, hakamlarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlari va metodologiyasini yangilash, sportchilarning tayyorgarlik jarayoniga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda quyidagilarni nazarda tutgan holda:

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta'minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi, uning Nukus, Farg‘ona, Samarqand filiallari negizida Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti va uning Nukus, Farg‘ona, Samarqand filiallarini tashkil etish;

Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutini Toshkent viloyati, Chirchiq shahri, Sportchilar ko‘chasi, 6-uy manzilida joylashgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “A” binosida joylashtirish;

 

yuqori malakali trenerlar, hakamlar tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlari va metodologiyasini yangilash, sportchilarning tayyorgarlik jarayoniga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish, yuqori malakali kadrlar bilan ta'minlash maqsadida intensiv malaka oshirish platformasini yaratish;

 

jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta'minlash, jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va sportda yuqori natijalarni qo‘lga kiritish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqish;

jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishida ilmiy va innovatsion faoliyatini jadallashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash maqsadida Institut huzurida “Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari)” hamda “Inson kasbiy faoliyati psixologiyasi (sport faoliyati)” ixtisosliklari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha ilmiy kengash tashkil etish;

2020 yildan boshlab Institut uchun “Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari)” hamda “Inson kasbiy faoliyati psixologiyasi (sport faoliyati)” ixtisosliklari bo‘yicha tayanch doktoranturani ochish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

2020 yildan boshlab, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Fan, sport va ta'lim muassasalarini ilmiy-metodik ta'minlash boshqarmasi tarkibida qo‘shimcha 2 shtat birligidan iborat, Kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini muvofiqlashtirish bo‘limi tashkil etiladi.

Bo‘limning asosiy vazifasi etib quyidagilar belgilanadi:

jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish;

jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga bo‘lgan ehtiyojlarni o‘rganish va ularning monitoringini olib borish;

jismoniy tarbiya va sport sohasidan olib boriladigan ilmiy tadqiqot yo‘nalishlarini belgilash hamda ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotgan joriy etish monitoringini olib borish;

jismoniy tarbiya va sport sohasida adabiyotlarga bo‘lgan ehtiyojlarni o‘rganish, sport muassasalarini o‘quv dasturlari va adabiyotlar bilan ta'minlash monitoringini olib borish.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:

Termiz shahar, A.Navoiy ko‘chasi, 41-uy manzilida joylashgan Termiz axborot texnologiyalari va turizm kasb-hunar kolleji bino, inshootlari hamda unga tutash hududini O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Termiz filialiga operativ boshqaruv huquqi bilan berish;

oliy ta'lim muassasalarining jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlari bitiruvchilariga jismoniy tarbiya o‘qituvchisi va ixtisoslashgan sport turi bo‘yicha trener kvalifikatsiyasini berish amaliyotini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinishi mumkin.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi Termiz davlat universitetidagi jismoniy tarbiya va sport ta'lim yo‘nalishlari bazasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Termiz filialini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

 Belgilab qo‘yilishicha, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:

respublikadagi barcha umumta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida jismoniy tarbiya fani olimpiadalari hamda sportning jamoaviy o‘yin turlari (basketbol, voleybol, gandbol) bo‘yicha “Bolalar olimpiya o‘yinlari” sport tadbirlari o‘tkaziladi;

jismoniy tarbiya fanidan olimpiadaning respublika bosqichi g‘oliblari (1, 2, 3-o‘rin) oliy ta'lim muassasasining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha (tibbiyot yo‘nalishidan tashqari) bakalavriatga test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonsiz imtiyozli ravishda qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;

umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Bolalar olimpiya o‘yinlari” sport musobaqasining respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan (1, 2, 3-o‘rin) umumiy o‘rta ta'lim maktablarining bitiruvchilariga oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarida mutaxassislik fanlaridan maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi;

jismoniy tarbiya fanidan olimpiadaning respublika bosqichi g‘oliblarini (1, 2, 3-o‘rin) tayyorlagan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari bir martalik pul mukofotlari (1-o‘rin uchun - eng kam oylik ish haqining 50 baravari, 2-o‘rin uchun - 40 baravari, 3-o‘rin uchun - 30 baravari) hamda umumta'lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har oylik qo‘shimcha haq to‘lovlari bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan foiz hisobida (tuman (shahar) bosqichi g‘olibini tayyorlagani uchun – 15%, viloyat bosqichi g‘olibini tayyorlagani uchun – 25%, respublika bosqich g‘olibini tayyorlagani uchun – 40%) bilan taqdirlanadi;

umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Bolalar olimpiya o‘yinlari” sport musobaqasining g‘oliblarini tayyorlagan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari bir martalik pul mukofotlari (tuman (shahar) bosqichida - 1-o‘rin uchun bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravari, 2-o‘rin uchun – 6 baravari, 3-o‘rin uchun - 3 baravari, viloyat bosqichida - 1-o‘rin uchun - 10 baravari, 2-o‘rin uchun - 8 baravari, 3-o‘rin uchun - 5 baravari, respublika bosqichida - 1-o‘rin uchun - 35 baravari, 2-o‘rin uchun - 30 baravari, 3-o‘rin uchun – 20 baravari) bilan taqdirlanadi;

jismoniy tarbiya fanidan olimpiada, shuningdek musobaqalar g‘oliblarini tayyorlagan umumiy o‘rta ta'lim maktablarining o‘qituvchilari, sport ta'lim muassasalarining trenerlari attestatsiyaga jalb etilmasdan ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri malaka toifalari (tuman (shahar) bosqichi g‘olibini tayyorlagani uchun – ikkinchi malaka toifasi, viloyat bosqichi g‘olibini tayyorlagani uchun – birinchi malaka toifasi, respublika va xalqaro musobaqalar g‘olibini tayyorlagani uchun – oliy malaka toifasi) beriladi;

sportning olimpiya va paralimpiya turlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligining buyrug‘iga asosan o‘tkaziladigan musobaqalarda (respublika va xalqaro musobaqalarning (Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, jahon va Osiyo chempionatida 1-3-o‘rinlar) oxirgi uch yilda g‘olib bo‘lganlar oliy ta'lim muassasasining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriatga test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonsiz imtiyozli ravishda qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;

O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi buyrug‘i asosida o‘tkaziladigan musobaqalarda (respublika va xalqaro musobaqalarning (Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, jahon va Osiyo chempionatida 1-3-o‘rinlar) g‘olib chiqqan oliy ta'lim muassasalari talabalarini tayyorlagan jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi kafedralar o‘qituvchilari attestatsiyaga jalb etilmasdan ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri navbatdagi ilmiy unvon (katta ilmiy xodim, dotsent, professor) beriladi;

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari bitiruvchilariga oliy ta'lim muassasasining jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda o‘tkaziladigan kasbiy (ijodiy) imtihonlarda o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi.

Xalq ta'limi vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida jismoniy tarbiya fanidan olimpiada g‘olibi bo‘lgan o‘quvchilar hamda ularning o‘qituvchilarini munosib rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yishni hamda sportning jamoaviy o‘yin turlari bo‘yicha (basketbol, voleybol, gandbol) “Bolalar olimpiya o‘yinlari” sport musobaqalari tizimini tashkil etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritadi.

Oliy ta'lim muassasalaridagi sport klublari mavqeini ko‘tarish maqsadida shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra 2020 yildan boshlab, oliy ta'lim muassasalari talabalariga sport toifalari “O‘zbekiston Talabalari sporti” assosiatsiyasi tomonidan beriladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Adliya vazirligi bilan birgalikda respublika oliy ta'lim muassasalarida sport sohasida salmoqli natijalarga erishgan talabalarga sport toifalarini (I, II, III sportchi razryadlarini) hamda tegishli talablarni bajarganligi uchun ko‘krak nishoni taqdim etish huquqini “O‘zbekiston Talabalar sporti” assotsiatsiyasiga berishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Xalq ta'limi vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda sportning jamoaviy o‘yin turlari bo‘yicha tuman (shahar), viloyat, respublika va xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari, ularning trenerlari va jismoniy tarbiya o‘qituvchilarini rag‘batlantirish tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritadi.

Ko‘proq yangiliklar: