Erdo‘g‘an G‘arb davlatlarini ikkiyuzlamachilikda aybladi

Jahon 18:52 / 16.10.2019 13016

Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Turkiyaning Suriyadagi operatsiyasini tanqid qilgan G‘arb davlatlarini ikkiyuzlamachilikda aybladi.

"Ittifoqchilarimiz yuzimizga boshqa narsani, ortimizdan esa boshqa narsani gapirishadi... Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) – bu loyiha. Ittifoqchilarimiz biz bilan emas, YPG (suriyalik kurdlar mudofaa kuchlari) bilan hamkorlikni ma'qul ko‘rishdi. Bizni bu operatsiya uchun tanqid qilishmoqda va hattoki uni to‘xtatishni talab qilishyapti. Ammo (YPG) otgan 900ta snaryad bizning shaharlarimizga tushdi, 20 nafar fuqaromiz halok bo‘ldi, 70 kishi jarohatlandi. Ammo bizga (G‘arb davlatlaridan) hech kim qo‘ng‘iroq qilmadi. Ularga ishonib bo‘lmaydi", - dedi Erdo‘g‘an.

"IShID hududimizda tartibsizlik hosil qilish uchun xuddi ipga osilgan qo‘g‘irchoqdek boshqarilmoqda. IShIDni boshqarayotgan davlatlar bugun go‘yoki o‘zlarini unga qarshidek tutmoqda. Muammo IShIDda emas, hattoki KIPda ham emas, balki bizning hududimizga qarshi loyiha-reja mavjud", - deb qo‘shib qo‘ydi Turkiya yetakchisi.

U AQShni yana bir bor suriyalik kurdlarga qurol yetkazib berishda aybladi.

"AQSh ularga Iroq orqali 30 mingta yuk mashinasida qurol yetkazib berdi. Yevropa ham ularni qo‘llab-quvvatlamoqda. Terrorchilar 90 kilometrga yaqin tunnel qurishgan. Ular sementni qayerdan olishyapti? Uni Fransiya kompaniyasi beryapti. Buni qanday izohlaysiz? Ular buni yashira olishmaydi, hammasi ko‘rinib turibdi. Ammo ular buning badalini to‘lashiga to‘g‘ri keladi", - dedi Erdo‘g‘an.

Ko‘proq yangiliklar: