BMT: yadro urushi yuz berishi xavfi oshmoqda

Jahon 00:46 / 16.10.2019 18786

Yadro urushi yuz berishi xavfi oshmoqda, jahondagi vaziyat xavfliga aylanmoqda. Bunga esa ko‘plab, jumladan davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchning tobora yo‘qolayotgani, muloqotning yetishmasligi, fan va yangi texnologiyalarning tez rivojlanishi kabi sabablar bor. Bu haqda BMT bosh kotibining qurolsizlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Idzumi Nakamitsu “Kommersant” nashriga intervyusida aytib o‘tdi.

“Ko‘plab tahliliy tashkilotlar, qurollanishni nazorat qilish bo‘yicha mutaxassislar yadro urushi xavfi oshayotganini aytishmoqda. “Qiyomat qoyim” soati yana 2 ta kam yarimtunga qaytarildi. Vaziyat yana xavfli tus olayotganidan jiddiy xavotir bor. Men buning uchun ko‘plab sabablar ko‘rmoqdaman”, deb aytgan Nakamitsu. Uning aytishicha, “afsuski, davlatlar, jumladan yadro davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga jiddiy futur yetgan”.

“Muloqotning yetishmasligini ham qayd etish zarur. Ko‘rinishicha, yetakchi va boshqa davlatlar diplomatiya, muzokaralar va muloqotdan ko‘ra harbiy imkoniyatlarni qadrlamoqdalar”, deb ta'kidlab o‘tgan BMT vakili.

Shuningdek, xalqaro aloqalarning yomonlashayotgani kuzatilmoqda. “Ko‘z o‘ngimizda taskin bermaydigan vaziyat avj olmoqda”, deb aytgan Nakamitsu.

Mutaxassis “fan va yangi texnologiyalar jadal rivojlanayotganiga” ham e'tibor qaratgan. “Biz bu yadro sohasiga qanday ta'sir qilishini aniq bilmaymiz, biroq ko‘pchilik aqalli kiberhududdagi zararli faoliyat oqibatlari, sun'iy ongni qo‘llab qurol ishlatish, gipertovushli va strategik oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan oddiy qurollar qo‘llash oqibatlari qanday bo‘lishini yaxshiroq anglash zarurligi haqida gapirmoqda”, deb ta'kidlab o‘tgan BMT vakili. 

Ko‘proq yangiliklar: