Turkiyada so‘nggi 3 kun ichida 400ga yaqin shaxs hibsga olindi

Jahon 21:23 / 15.10.2019 15806

Turkiyada Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK/KCK) va IShIDga qarshi o‘tkazilayotgan operatsiyalar davomida so‘nggi uch kun ichida 391 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Turkiya ichki ishlar vazirligiga tayanib, Anadolu agentligi xabar berdi.

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, mamlakatning 36ta provinsiyasida Kurdiston ishchilar partiyasiga (Turkiyada terrorchilik tashkiloti deb topilgan) qarshi o‘tkazilgan 63ta tezkor amaliyot vaqtida 245 kishi ushlangan.

Shuningdek, 25ta provinsiyani qamrab olgan 44ta operatsiya davomida 146 kishi IShIDga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan.

Qo‘shimcha qilinishicha, antiterror amaliyotlari davom etmoqda.

Dushanba kunining o‘zida poytaxt Anqarada 10 kishi IShIDga qarshi kurash doirasida ushlangan. Qo‘lga olinganlarning qaysi mamlakat fuqarosi ekaniga aniqlik kiritilmayapti, ammo ular Turkiyaga noqonuniy kirgani va terrorchilik guruhining faol a'zosi bo‘lgani aytilyapti.

Daily Sabah`ning yozishicha, hibs qilinganlar mamlakatdan deport qilinishi kutilmoqda.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir necha yil davomida Turkiya hududida IShIDga qarshi olib borilgan harakatlar natijasida kamida 2 ming kishi ushlangan, yana 7 ming nafar shaxs mamlakatdan chiqarib yuborilgan. Bundan tashqari, terrorchilik guruhlariga aloqadorlikda gumon qilingan 70 ming kishi Turkiyaga kiritilmagan.

Turkiyada IShID tomonidan tashkillashtirilgan deb hisoblanuvchi qo‘poruvchilik harakatlari natijasida 300dan ortiq kishi halok bo‘lgani aytiladi.

Ko‘proq yangiliklar: