Endi davlat non narxiga umuman aralashmaydimi? Moliya vazirligi rasmiysi izoh berdi

Iqtisodiyot 16:49 / 15.10.2019 47585

Bugungi kunning eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzusi bu shubhasiz non narxi liberallashtirilishi, ya'ni qat'iy narxdan voz kechilishi, buning ortidan narx oshishi bo‘ldi. Ko‘pchilik tabiiy e'tirozlar bildira boshladi – nega davlat bunga yo‘l qo‘yib berdi?

Shu va shu kabi savollarga javob olish uchun Moliya vazirligiga yuzlandik. Suhbatdoshimiz vazirlikning agrosanoat majmuasi moliyasi va atrof muhitni muhofaza qilishni moliyalashtirish boshqarmasi boshlig‘i To‘lqin Eshqobilovich Mirzayev bo‘ldi.

– To‘lqin aka, non narxi erkinlashtirildi, shu bilan sohaga davlat aralashuviga butunlay barham berildimi?

– Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror e'lon qilib bo‘lindi. U bilan ko‘pchilik tanishdi. Albatta, har qanday soha singari don, un va non yetkazib berish tizimi ham bozor tamoyillariga asosan, talab va taklifga ko‘ra shakllanishi lozim. Shunchaki ijtimoiy nuqtayi nazardan bu masala ortga surib kelingan. Ammo ertami kechmi, bu islohot amalga oshirilishi kerak edi, shu kun ham yetib keldi.

Endi non narxi oshib ketishi, muhtojlarning bu mahsulotni xarid qila olmay qolishi bo‘yicha hadiklarga kelsak, men bu fikrlarga qo‘shila olmayman. Sababi, hatto oshgan narxida ham non bizning bozorlarimizda eng arzon mahsulotlardan biri. Mana bugungi o‘rganishlar buxanka nonning 1350-1500 so‘m narxda sotilayotganini ko‘rsatdi. Bu baholar bizning prognozlarimizga ham mos tushadi. Yana bir jihatni unutmaslik kerak: buxanka non bu xaridorni chaqiruvchi mahsulot. Do‘konchilarimiz buni yaxshi tushunishadi. Shuning uchun hech bo‘lmaganda nonni imkon qadar arzon sotib, xaridor jalb qilishga harakat qilishadi. Foydasini boshqa mahsulotdan chiqarib olishlari mumkin. Bugungi narxlardagi tafovut ham ana shu raqobatning belgisi.

– Bu hali boshlanishi, narx muntazam oshishda davom etadi, degan fikrlarga qanday qaraysiz?

– Qo‘shilmayman. Sababi bugungi kunning o‘zidayoq non ishlab chiqaruvchi zarariga ishlasa, yoki foyda qilmasa, bu narxni belgilamasdi. Qolaversa, davlat tizginni butunlay qo‘ldan chiqarib yubordi deyish ham noo‘rin. Endi tizimga aralashuv ham bozor mexanizmlariga asoslanadi. Ya'ni non narxi unga, un narxi o‘z navbatida bug‘doyga bog‘liq bo‘lsa, davlat erkin savdodagi bu mahsulotlar narxlarini muntazam kuzatib boradi va lozim bo‘lgan paytda un yoki bug‘doy intervensiya qilinadi (bozorga qo‘shimcha chiqariladi).

Bu o‘z navbatida birjalarda, boshqa savdo nuqtalarida spekulyatsiyalarning oldini oladi, narx barqarorligini ta'minlaydi. Albatta, dastlabki kunlarda keskin tebranishlar kuzatilishi mumkin, ammo bu vaqtincha xarakterda bo‘ladi.

Non narxi keskin ko‘tarilib ketishidan saqlovchi ikki faktorni unutmasligimiz kerak, birinchisi – biz tomondan intervensiya va muntazam monitoringlar, ikkinchisi – bozorimizda juda katta o‘rin egallovchi qozoq unining bahosi. O‘z unimiz narxi qancha ko‘tarilmasin, baribir sifat jihatdan import unga teng kela olmaydi va tabiiyki narx borasida ham raqobat qila olmaydi.

– Katta ehtimol bilan buxanka nonning keng tarqalgan narxi 1500 so‘m bo‘ladi. Sababi bu narx yaxlit, pul muomalasi, qaytimlar uchun ham qulay. Aynan mana shu narx bugungi kunda tizimning foyda bilan ishlashini ta'minlay oladimi?

– Qarorga e'tibor bersangiz, shunday so‘zlar bor:

joriy yil hosilidan qabul qilingan g‘allaning o‘rtacha xarid narxi bir tonnasi uchun 1 420 ming so‘mni tashkil etdi...

un narxi keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida 2019 yil hosilidan tayyorlangan bug‘doyning tonnasi un ishlab chiqarishga 1 300 ming so‘mdan ulgurji narxlarda sotiladi. Bunda, bug‘doyning o‘rtacha xarid narxi va ulgurji narxi o‘rtasidagi 120 ming so‘m miqdoridagi salbiy farq O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qoplanadi;

Ya'ni davlatning sohani qo‘llab-quvvatlashi davom etmoqda. Bundan tashqari, birjada bug‘doy sotuvi ham faol yo‘lga qo‘yilganidan keyin, erkin savdo tamoyillariga ko‘ra ishlab chiqaruvchilarning ham, nonvoylarning ham manfaatdorligi oshadi. Bu esa raqobatni kuchaytiradi, narxga ham ta'sir qiladi. Avval nima bo‘lardi, davlat majburlab bug‘doyni past bahoda olardi, buning ortidan fermer bug‘doy ekkisi yoki davlatga sotgisi kelmasdi. Olingan bug‘doyni past bahoda kombinatga berardi va arzon bahoda un talab qilardi. Kombinatda o‘g‘rilik, korrupsiyaga sharoit tug‘ilardi. Eng muhimi, shuncha harakat bilan olingan arzon unni olgan ishlab chiqaruvchi yo grammidan urardi, yo non yopmay, shunchaki unning o‘zini bozorga sotib yuborib foyda qilib qo‘ya qolardi. Ya'ni maqsad aholiga arzon non yetkazish bo‘lgani holda bir qator odamlar cho‘ntagi qappayardi.

– Bizdagi non bahosi qo‘shni davlatlar bilan solishtirilganmi?

– Albatta. Masalan, Rossiyada 1-nav un bahosi bizning pulimizga 3359 so‘mni, 500 grammli buxanka 2945 so‘mni, Qozog‘istonda 2920 so‘m va 2157 so‘mni, Qirg‘izistonda 3881 so‘m va 2588 so‘mni, Tojikistonda 4858 so‘m va 4712 so‘mni tashkil qilishi ma'lum bo‘ldi. Qiyoslash uchun, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkichlar 2500 so‘m va 1450 so‘m. Darhol qo‘shni davlatlardagi maoshlarga bog‘lab bahsga kirishish mumkin. Ammo bu davlatlarda bizdagi kabi alohida kompensatsiya to‘lanmayotganini ham hisobga olish lozim bo‘ladi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: