Tadqiqot: Havo ifloslangani sari og‘ir turdagi jinoyatlar soni oshib boradi

Jahon 15:59 / 14.10.2019 7520

Ifloslangan havoning salomatlikka ta'siri barchamizga ma'lum. Agar chang bo‘lmaganida inson ming yil umr ko‘rgan bo‘lardi, degan fikr ham bejizga aytilmagan.

Hozirda tez-tez kuzatilayotgan insult, o‘pka saratoni va respirator kasalliklari bilan bog‘liq o‘lim holatlarining uchdan biri zaharli havo bilan bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ayrim shaharlarda esa ochiq havoda nafas olish kuniga 25ta sigaret chekish kabi xavfli.

Toza bo‘lmagan havodan nafas olishning salomatlikka yetkazadigan zarari odatda yillar o‘tgach namoyon bo‘ladi. Biroq yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, aynan shu omil kishilarda og‘ir turdagi jinoyatlarga moyillikni oshirishi mumkin ekan. Amerikalik olimlar ana shunday fikrni ilgari surishmoqda, deb yozadi The Economist.

Jyessi Burkhardt Kolorado shtati universiteti hamda Minnesota universitetidagi hamkasblari bilan o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ifloslangan havodan nafas olish agressiv xulq-atvorga sabab bo‘ladi. Jinoyatlar haqida Federal tergov byurosidan olingan ma'lumotlar va Atrof-muhitni himoya qilish agentligi tomonidan taqdim etilgan havoning ifloslanishi to‘g‘risidagi axborotdan foydalangan holda mualliflar 2006 yildan 2013 yilgacha bo‘lgan davr mobaynida Amerikaning 397ta okrugida shaxsga nisbatan sodir etilgan og‘ir jinoyatlar (tajovuz, jinsiy zo‘ravonlik, qotillik, talonchilik) o‘rtasidagi bog‘liqlikni tahlil qilishdi. 

Ular havodagi diametri 2,5 mikrondan kam bo‘lmagan qattiq qismlarning (PM2.5) 10 foizga ortishi og‘ir jinoyatlar, jumladan kishiga hujum qilish ko‘rsatkichining aynan o‘sha kuni 0,14 foizga ortishini kuzatishgan. Havoni ifloslantiruvchi moddalarning ozonga ta'siri esa bu kabi jinoyatlarning 0,3 foizga ortishiga sabab bo‘lgan.

Shuni aytish kerakki, havoning ifloslanish darajasi yuqoridagi ko‘rsatkichlardan ham anchaga ortib ketishi mumkin. O‘tgan yilning noyabr oyidagi o‘rmon yong‘inlari tufayli San-Fransiskodagi PM2.5 ko‘rsatkichi o‘rtacha me'yordan 7 barobar ortgan edi.

Albatta, bu kabi xulosalarga kelishda mualliflar havoning ifloslanishidan tashqari boshqa omillarni ham hisobga olishmoqda.

Biroq bu tadqiqotchilar ifloslangan havo va jinoyat o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni aniqlagan ilk holat emas. 1970 yillarda Amerika asosida qo‘rg‘oshin bo‘lgan bo‘yoqlarni ma'n etdi va etil benzinini bosqichma-bosqich likvidatsiya qilishni boshladi. Oradan yigirma yil o‘tgach, jinoyatchilik ko‘rsatkichi pasaydi. Ko‘plab tadqiqotchilar ushbu ikki voqea o‘rtasida bog‘liqlik borligini ta'kidlashadi.

2007 yilda e'lon qilingan hujjatda Amherst College iqtisodchisi Jyessika Volpo Reyyes 1970 va 1980-yillarda amerikalik bolalarga qo‘rg‘oshin ta'sirining kamayishini 1990-yillardagi jinoyatlar ko‘rsatkichining kamayishi bilan tushuntirish mumkinligini hisoblab chiqqan.

Janob Burkhardt va hammualliflar tomonidan olingan natijalardan kelib chiqib, havoning tozaroq bo‘lishi shaxsga nisbatan sodir etiladigan og‘ir jinoyatlar ko‘rsatkichlarini ancha kamaytiradi deb taxmin qilish mumkin. Mualliflarning hisob-kitoblariga ko‘ra, PM2.5 va ozon kundalik chiqindilarinining 10 foizga qisqarishi – tajovuz holatlarining kamayishi evaziga Amerikaga yiliga 1,4 milliard dollarni iqtisod qilish imkonini berishi mumkin (mablag‘ tejalishi politsiyaning zudlik bilan reaksiya qilishidan tortib jarohat olish sababli ishlash qobiliyatini yo‘qotish bilan bog‘liq xarajatlargacha bog‘liq bo‘ladi).

Demak, havoning toza bo‘lishi insonning ham jismonan va ham ma'nan sog‘lom bo‘lishiga xizmat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: