Suriya mojarosi: Damashq va kurdlar kelishuvi burilish nuqtasi bo‘ladimi?

Jahon 14:15 / 14.10.2019 24612

Bungacha Suriya armiyasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ziddiyatga kirishmay turgandi.

Turkiya esa kurdlarni Suriya shimolidagi o‘rinlaridan surib tashlashni maqsad qilgan holda amaliyot o‘tkazmoqda. Turkiya hukumati Suriya shimolidagi kurdlarni Turkiya hududida terrorchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Kurdiston ishchi partiyasi bilan aloqadorlikda gumon qiladi. Shu vaqtgacha Suriyadagi kurdlar AQShning IShIDga qarshi kurashdagi asosiy ittifoqchisi bo‘lib kelgandi, ammo AQSh prezidenti Donald Tramp o‘tgan hafta Suriya shimoli-sharqidan amerikalik harbiylar olib chiqilishini ma'lum qildi.

Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, Trampning bu boradagi qarori hatto prezident ma'muriyati bilan kelishilmagan holda qabul qilingan. Bu qaror ham demokratlar tomonidan, ham respublikachilar tomonidan tanqid qilinmoqda, kurdlar esa bu qarorni «orqadan pichoq urish» deb baholashdi.

Suriya qo‘shinlari mamlakat shimoliga tashlanishi haqida davlat agentligi hisoblangan SANA xabar qildi. «Suriya armiyasi bo‘linmalari turk agressiyasiga qarshi turish uchun mamlakat shimoliga tomon harakatlanmoqda», deyiladi rasmiy xabarda.

Kurd muxolifati yetakchilarining so‘zlariga ko‘ra, hukumat qo‘shinlari mamlakat shimolida «Turkiya agressiyasi»ni qaytarishga yordam berish uchun Suriya-Turkiya chegarasi bo‘ylab joylashtiriladi.

Foto: REUTERS/Stringer/File Photo

12 oktabr kuni kurd generallaridan biri Mazlum Kobani Abdi AQShga murojaat qilib, agar o‘z harbiylarini bu hududdan olib ketadigan bo‘lsa, kurdlar «Rossiya bilan kelishuv tuzish»ga harakat qilishi haqida ma'lum qilgandi.

«Siz xalqimizni himoya qila olasizmi, bu aviazarbalarni to‘xtata olasizmi, shuni bilish qiziq. Agar bunga qodir bo‘lmasangiz, men Suriya hukumati va Rossiya bilan kelishuv tuzishim kerak bo‘ladi, bu yerga ularning samolyotlarini bizni himoya qilishlari uchun taklif qilaman», degan u.

Yakshanba kuni Reyter agentligi kurdlarning yetakchilari va Asad hukumati vakillari rossiyaliklar aviatsiyasi joylashtirilgan Xmeymim bazasida muzokara o‘tkazgani haqida xabar tarqatdi.

Al Mayadeen telekanali yakshanba kuni Suriya armiyasi yaqin vaqtlar ichida kurdlar yashaydigan Manbij va Kobani shaharlarida nazorat o‘rnatishi kutilayotganini ma'lum qildi. Suriya armiyasining shimolga jo‘natilgan harbiylari miqdori aniq keltirilmadi.

Amerika hukumati yakshanba kuni Suriya shimolidagi barcha amerikalik harbiylar olib ketilishi uchun tayyorgarlik boshlanganini ma'lum qildi.

«So‘nggi 24 soat davomida biz Turkiya janubga tomon hujumini davom ettirish niyatida ekanini angladik. Ular rejadagidan ham ichkariroqqa kirishmoqchi.  Bu holatda biz ikki tomondan armiyalar hujumiga uchrash xavfi ostida qolishimiz mumkin», dedi Pentagon rahbari Mark Esper. U olib ketiladigan harbiylar sonini aniq aytmadi, ammo gap 1 ming nafar atrofidagi amerikalik harbiylar haqida ketayotgani bildirildi.

New York Times nashri kurdlar va Damashq o‘rtasidagi kelishuv Suriya nizosidagi burilish nuqtasi bo‘lgani haqida yozdi.

Nashrning qayd etishicha, bir tomondan Vashington bu mojaroda hal qiluvchi harakatlarni amalga oshirish imkoniyatidan deyarli mahrum bo‘ldi, boshqa tomondan bu kelishuv IShID ustidan qiyinchilik bilan qozonilgan g‘alabani tahdid ostiga qo‘ymoqda.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning so‘zlariga ko‘ra, fransuz tomoni turklarning hujumini to‘xtatish uchun harakat qilmoqda.

 «Biz so‘nggi soatlarda prezident Tramp bilan ham, prezident Erdo‘g‘an bilan ham gaplashdik. Biz ikkimiz (Makron va Tramp) bu hujum to‘xtatilishini istaymiz. Biz ikkimiz ham bu hujum mintaqada gumanitar holat yomonlashishi va IShID yana uyg‘onishiga olib kelishi mumkinligini ko‘rib turibmiz», degan Fransiya prezidenti.

Gumanitar holat
Turkiya hukumati harbiy obektlarga zarba berayotgani aytmoqda, ammo kurdlar hujumlar oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘layotganini ma'lum qilmoqda. 

BMT ma'lumotiga ko‘ra, «Tinchlik bulog‘i» nomli amaliyot boshlanganidan buyon 130 mingga yaqin kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan va xalqaro tashkilot agar amaliyot davom ettirilsa Yaqin Sharqda yangi gumanitar inqiroz yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Chegara hududida ikki tomonning ham qurbonlari kundan kunga ortib bormoqda:

  • Qarorgohi Buyuk Britaniyada joylashgan Suriyadagi Inson huquqlari vaziyatini monitoring qiluvchi tashkilot ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi 5 kun ichida kamida 50 nafar tinch aholi vakili va 100 nafardan ortiq kurd jangchisi halok bo‘lgan
  • Suriya demokratik kuchlari ma'lumotiga ko‘ra, 56 nafar kurd jangchisi halok bo‘lgan, Turkiya tomoni bu raqam 440 nafarni tashkil qilishini aytmoqda
  • Turkiya tomoni ma'lumotiga ko‘ra, Turkiya janubiga yo‘llangan raketa zarbalari oqibatida tinch aholi vakillari bo‘lgan 18 kishi, jumladan bir nafar suriyalik bola halok bo‘lgan
  • Turklar tomonida jang qilayotgan Suriya muxolifat kuchlarining 16 nafar harbiysi va Turkiya armiyasining 4 nafar askari halok bo‘lgan

Ayn-Issadan qochish

Suriya shimolidagi asirlar lagerlaridan biri / REUTERS

Yakshanba kuni Suriya shimolidagi Ayn-Issa lageridan yuzlab kishilar qochib ketdi, ular IShID jangarilarining oila a'zolaridir. Suriya kurdlari avvalroq Turkiya hujumi munosabati bilan bu hududdagi lagerlar va qamoqxonalarni qo‘riqlay olmasliklari haqida ogohlantirishgandi.

Ayn-Issadan qancha odam qochgani tafsilotlari hozircha ma'lum emas, monitoring ma'lumotiga ko‘ra qochib ketgan asirlar soni 100 nafar atrofida. Ammo kurdlar xorijlik jangarilarning oila a'zolari bo‘lgan 800 nafarga yaqin kishi qochishga muvaffaq bo‘lganini aytmoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an esa asirlar qochib ketgani haqidagi xabarlarni ishonchsiz xabarlar deb atadi. 

Ayn-Issada 12 mingga yaqin kishi, jumladan IShIDga aloqador bo‘lgan 1000 nafarga yaqin ayollar va bolalar saqlanardi.

Kurdlar ma'muriyati hozirda lagerni hech kim qo‘riqlamayotganini ma'lum qilgan.

Bi-bi-si muharriri Sebastyan Asherning so‘zlariga ko‘ra, agar asirlar chindan ham qochib ketgan bo‘lsa, mintaqada yuzaga kelgan holat tufayli bu qochqinlar qayerda paydo bo‘lishi mumkinligini oldindan aytib bo‘lmaydi.

Kurdlarning Suriya demokratik kuchlari ayni vaqtda IShID bilan aloqador bo‘lgan bir necha ming jangarilarni asirlikda tutib turibdi. Mintaqadagi 7ta turmada jami 12 mingdan ortiq sobiq jangarilar saqlanmoqda. Ulardan 4 mingga yaqini xorijliklardir. Ular saqlanayotgan qamoqxonalarning joylashuvi haqida aniq ma'lumotlar yo‘q, lekin OAV ma'lumotiga ko‘ra, ular Turkiya bilan chegara yaqinida joylashgan.

Kurdlar bir necha marta Turkiya hujumni davom ettirsa, IShID qayta uyg‘onishidan ogohlantirgandi.

«Asirlar qamoqda qolishi kimlar uchun kerak bo‘lsa, ular kelishi va yechim topishi kerak», degan kurdlar yetakchilaridan biri Redur Kselil.

O‘tgan haftaning juma kuni kurdlar yashaydigan Qamishli va Xasaka shaharlarida portlovchi qurilmalar o‘rnatilgan avtomobillar portlatildi. Bu teraktlar uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi. Shanba kuni esa IShID Suriyada kurd qamoqxonalarida saqlanayotgan safdoshlari uchun qasos olish maqsadida Suriyada yangi kampaniya boshlaganini e'lon qildi.

Turklar hujumni qay yo‘nalishda olib bormoqda?

Ras-al-Ayn tinimsiz ravishda zarbaga uchramoqda./ GETTY IMAGES

Ras-al-Ayn va Tell-Abyad shaharlarini egallash - Turkiya armiyasining asosiy maqsadi. 

Shanba kuni chegaradagi muhim shahar Ras-al-Ayn uchun jang hal qiluvchi bosqichiga kirdi. 

Avvaliga Turkiya o‘z ittifoqchilari - suriyalik muxolifatchilar bu shahar ustidan nazorat o‘rnatgani haqida ma'lumot tarqatdi, ammo kurdlar bu ma'lumotni rad etib chiqdi.

Bir necha kundan buyon shahar ustidan Turkiya harbiy-havo kuchlari samolyotlari uchmoqda va kurdlarning pozitsiyalariga aviazarbalar berilmoqda.

Turkiyaning Suriyadagi ittifoqchilari ham chegaradan boshlab 30 km hududdagi yo‘llar va o‘nlab qishloqlar ustidan nazorat o‘rnatilganini ma'lum qildi.

Yakshanba kuni turkiyalik harbiylar Suriya shimolidagi strategik ahamiyatga ega M-4 shossesi ustidan nazorat o‘rnatgani, turklar Suriya ichkarisiga 35 kilometrgacha kirib borgani haqida xabarlar tarqaldi.

Turk harbiylari chegara bo‘ylab 120 km masofada istalgan nuqtadan artilleriya va aviatsiya orqali Suriya demokratik kuchlari pozitsiyalariga hujum qilmoqda.

Suriyada inson huquqlari vaziyati monitoringi ma'lumotiga ko‘ra, shanba kuni Suriya shimolida aviazarba oqibatida halok bo‘lgan 9 kishi orasida kurd huquq faoli va siyosatchisi, Suriya kelajagi partiyasi bosh kotibi Xervil Xalaf ham bor edi. U ketayotgan avtomashina Tell-al-Abyad shahridan janubda pistirmaga tushib qolgan. Kurdlar bu hujumda Suriya milliy armiyasi harbiylarini ayblagan.

Operatsiyaga qanday munosabat bildirilmoqda?
Turkiyaga hujumni to‘xtatish talab qilinib, xalqaro hamjamiyat tomonidan bosim o‘tkazilmoqda. Ammo prezident Rajab Erdo‘g‘an hujum davom ettirilishini ta'kidlamoqda.

Shanba kuni Fransiya Turkiyaga qurol-yarog‘ eksporti to‘xtatilishini ma'lum qildi. Germaniya hukumati esa NATO bo‘yicha ittifoqchisi bo‘lgan bu davlatga qurol yetkazib berish hajmini qisqartirdi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ham Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot chog‘ida turklar boshlagan harbiy amaliyot Suriyada «IShIDga qarshi olib borilgan ishlar natijasini yo‘qqa chiqarishi mumkinligi»dan ogohlantirdi.

Kurdlar esa Tramp amerikalik harbiylarni olib chiqishga ko‘rsatma bergani uchun o‘zlarini aldangan his qilishmoqda. AQSh prezidenti Turkiya va kurdlar kelishuvga erishishini istashini, o‘zi bu muzokaralarda vositachi bo‘lishga tayyorligini ma'lum qildi.

Prezident Tramp hujum to‘xtatilmasa, Turkiyaga qarshi kuchli sanksiyalar qo‘llanishidan ogohlantirmoqda.

Berlinda turklar amaliyotiga qarshi aksiya / REUTERS

Shanba kuni Parij, Berlin va boshqa shaharlarda minglab yevropaliklar Turkiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotiga qarshi norozilik aksiyalarini o‘tkazishdi.

Ko‘proq yangiliklar: