«Spartak» yangi bosh murabbiyni tanishtirdi

Sport 21:10 / 14.10.2019 10529

Moskvaning «Spartak» klubiga Domeniko Tedesko yangi bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu haqda bugun, 14 oktabr kuni tashkil etilgan matbuot anjumanida e'lon qilindi.

Tedesko «qizil-oqlar» bilan 2 yillik shartnoma imzoladi, uning yillik maoshi 1,5 million yevroga teng bo‘ladi.

So‘nggi ikki mavsumda Tedesko Germaniyaning «Shalke» klubida ishlagan. 2017/18 mavsumida u jamoasi bilan Germaniya chempionatida 2-o‘rinni egallagan. Uni 2019 yil martida, Chempionlar ligasi doirasida «Manchester Siti»ga qarshi kechgan va 0:7 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlangan o‘yindan keyin iste'foga chiqarishgandi.

34 yoshli mutaxassis Italiya va Germaniya fuqaroligiga ega. 

24 sentabr kuni «Spartak» qoniqarsiz natijalar tufayli belaruslik mutaxassis Oleg Kononov bilan xayrlashgan edi. Bu murabbiy boshqaruvida moskvaliklar jamoasi mavsum startini juda yomon o‘tkazishdi va ayni vaqtda turnir jadvalida 12-o‘rinni egallab turishibdi.

Tedesko «Spartak» tarixidagi uchinchi xorijlik murabbiy bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: