Markaziy bank valuta yechishda olinadigan komissiya yuzasidan izoh berdi

O‘zbekiston 08:10 / 14.10.2019 20664

Joriy yilning 1 oktyabridan boshlab xalqaro to‘lov kartalaridagi mablag‘larni mamlakat hududidagi bankomatlar orqali faqat milliy valuta – "so‘m"da naqdlashtirish amaliyoti joriy qilindi. 

Jismoniy shaxs – rezidentlar (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari) bevosita bank kassalarida shaxsni tasdiqlovchi hujjat (fuqarolik pasporti yoki harbiy guvohnoma) taqdim etgan holda xalqaro to‘lov kartalaridagi xorijiy valutani cheklanmagan miqdorda naqdlashtirishlari mumkin.

Markaziy bank naqdlashtirish jarayonida komissiya olinayotganligi to‘g‘risidagi xabarlar yuzasidan bayonot berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan, bank tijorat tashkiloti bo‘lib, bank operatsiyalarini amalga oshirishga doir qarorlar qabul qilishda mustaqildir.

Bildirilishicha, xalqaro to‘lov kartalari orqali amalga oshiriladigan tranzaksiyalar xalqaro to‘lov tizimlari (Visa, Master Card, China Union Pay va hokazo) vositasida bajarilib, ushbu tizimlar tomonidan har bir tranzaksiya uchun tijorat banklaridan muayyan komissiya to‘lovi undiriladi. 

Bundan tashqari, tijorat banklarining naqd chet el valutasi bilan bog‘liq operatsion xarajatlari ham mavjud bo‘lib, ular naqd xorijiy valutani respublikaga olib kirish, olib chiqish, qayta sanash, transport va boshqa xarajatlarni o‘z ichiga oladi. 

O‘z navbatida, banklar xo‘jalik yurituvchi sub'yekt sifatida hamda daromad olish maqsadida mijozlardan undiriladigan xizmat haqini mazkur xarajatlarni inobatga olgan holda tasdiqlaydilar.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida banklar o‘rtasida raqobat muhiti shakllanmoqda. Bu bank xizmatlariga o‘rnatilgan tariflarning ommabop bo‘lishiga va pasayishiga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda bank kassalari orqali xalqaro to‘lov kartalaridagi xorijiy valutani naqdlashtirish uchun o‘rnatilgan komissiya 0,5 – 1 foiz oralig‘ida (ayrim banklarda bepul) bo‘lib, boshqa MDH mamlakatlaridagi ushbu turdagi xizmat uchun o‘rnatilgan tariflardan (o‘rtacha 2%) sezilarli darajada past ekani aytiladi.

“Aholiga qulaylik yaratish maqsadida mamlakatdagi barcha valuta ayirboshlash shoxobchalari tegishli terminallar bilan jihozlangan. Bundan tashqari, mamlakat bo‘ylab 633 ta avtomatlashtirilgan valuta ayirboshlash shoxobchalari “24/7” rejimida faoliyat ko‘rsatmoqda.
 
Markaziy bank jismoniy va yuridik shaxslarning hamda OAV vakillarining bank operatsiyalari hamda bank sohasidagi islohotlarga taalluqli savol va murojaatlarini ko‘rib chiqishga tayyor ekanligini ma'lum qiladi”, - deyiladi MB bayonotida.

Ko‘proq yangiliklar: