Hududlarning tadbirkorlikni rivojlantirish darajasiga baho berish tizimi joriy etiladi

O‘zbekiston 09:12 / 14.10.2019 2730

Vazirlar Mahkamasining “Respublika hududlarining tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish darajasiga baho berish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati va Adliya vazirligining respublika hududlarining tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish darajasiga baho berish tizimini 2020 yil 1 yanvardan boshlab joriy qilish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Respublika hududlarining tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish darajasiga baho berish tizimi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish darajasiga baho berish bo‘yicha ma'lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etilishiga va haqqoniyligiga tegishli vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari shaxsan javobgar ekanligi belgilanadi.

Tegishli ma'lumotlarni o‘z vaqtida, sifatli va haqqoniy taqdim etmaslik davlat statistik hisobotlarini taqdim etish tartibini buzish deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda:

hududlarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish darajasini baholash bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnoma shakllarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

2020 yil 1 yanvarga qadar hududlarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish darajasi ko‘rsatkichlarini hisoblash va baholash bo‘yicha avtomatlashtirilgan “BUSINESS INDICATOR” onlayn axborot tizimini ishlab chiqish va ishga tushirishni ta'minlaydi;

baholash natijalari bo‘yicha tegishli hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga ko‘rsatmalar berib boradi;

baholash yakunlari bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan tegishli hududdagi davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari xodimlari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar)lar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish, qoniqarsiz ko‘rsatkichlarga ega bo‘lganlariga nisbatan intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga har yarim yillikda takliflar kiritadi.

Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish darajasiga baho berish natijalari bo‘yicha davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari xodimlari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar)lar hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish mahalliy budjet hamda davlat organlari, tashkilotlari va muassasalarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Adliya vazirligi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish darajasini baholash maqsadida tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida so‘rovlar, shu jumladan elektron so‘rovlarni har yarim yilda o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda taqdim etilgan ma'lumotlar va o‘tkazilgan so‘rovlarning natijalari asosida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish darajasini baholash yakunlarini umumlashtiradi, hisobot yakuni bo‘yicha ma'lumotlarni har yilning 15 avgust va 15 martiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim qiladi hamda doimiy ravishda ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan o‘z rasmiy veb-saytlarida e'lon qilib boradi;

hududlarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish darajasini baholash natijalari Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishlarida muhokama qilib boriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan holda baholash ko‘rsatkichlarini takomillashtirib borish, zarur hollarda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritib borish vakolati beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: