Turkiya artilleriyasi hujumidan keyin Suriyadagi asirlar lageridan 800ga yaqin kishi qochib ketdi

Jahon 20:20 / 13.10.2019 15078

Yakshanba kuni Turkiya artilleriyasi tomonidan Suriyadagi asirlar lageriga o‘t ochilgach, IShID jangarilarining oila a'zolari bo‘lgan 758 kishi lagerdan qochib ketishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Suriya muxolifatidagi manbasiga tayangan holda  telekanali xabar tarqatdi.

Ma'lum qilinishicha, turklar Suriya shimolidagi Ayn-Issa lageriga hujum qilgan. Qayd etilishicha, qochoqlar suriyaliklar emas.

BMT ma'lumotiga ko‘ra, Turkiya Suriya shimoli-sharqiga kirganidan to‘rt kun o‘tgach, bu harakatlar oqibatida o‘z uyini tark etgan mahalliy tinch aholi vakillari soni 130 ming nafardan oshgan.

Turkiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyasi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 9 oktabr kuni Suriyada «Tinchlik bulog‘i» nomli harbiy amaliyot boshladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu amaliyotdan maqsad kurd jangarilariga va Suriyaning shimoliy hududlaridagi IShID jangarilariga qarshi kurashish hisoblanadi.

Harbiy amaliyotda Turkiya qurolli kuchlariga rasmiy Anqara tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Suriya milliy armiyasi (Suriya muxolifati) ham hamrohlik qilmoqda.

Turk harbiylari Suriyaning Turkiya bilan chegaradosh shimoliy qismida IShID terrorchilari va kurdlarning O‘z-o‘zini mudofaa qilish bo‘linmalari (YPG) jangchilaridan xoli, davomiyligi salkam 500 kilometr va Suriya ichkarisiga taxminan 30 kilometr kirib borgan xavfsizlik hududini barpo etib, bu hududga ayni vaqtda Turkiyada yashayotgan 2 milliondan ortiq suriyalik qochqinlarni joylashtirishni rejalashtirgan.

Turkiya «Suriya demokratik ittifoqi» (SDF) va O‘z-o‘zini mudofaa qilish bo‘linmalari (YPG) tashkilotlarini terrorchi tashkilotchilar sifatida biladi va bu guruhlar Turkiya hududida hukumatga qarshi kurashib keluvchi Kurdiston ishchi partiyasi bilan aloqador deb hisoblaydi.

Turkiyaning Suriyaga bostirib kirishi xalqaro hamjamiyatning jiddiy e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: