Pentagon o‘z harbiylarini Suriyadan olib chiqmoqda, kurdlar turklarga qarshi Bashar Asad bilan ittifoq tuzmoqchi

Jahon 19:10 / 13.10.2019 25676

AQSh Suriyadan yana ming nafarga yaqin harbiy xizmatchisini olib chiqadi. Bu haqda CBS efirida Pentagon rahbari Mark Esper ma'lum qildi.

«So‘nggi 24 soat davomida biz Turkiya janubga tomon hujumini davom ettirish niyatida ekanini angladik. Ular rejadagidan ham ichkariroqqa kirishmoqchi.  Bu holatda biz ikki tomondan armiyalar hujumiga uchrash xavfi ostida qolishimiz mumkin», degan Esper.

Uning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik harbiylar bu «qo‘rqinchli vaziyat»da bu yerda bo‘lmasligi kerak, bu harbiylarni «ongli ravishda olib chiqish»dir.

Esper AQShning ittifoqchilari bo‘lgan «Suriya demokratik ittifoqi» kuchlari Turkiya harbiylariga javob qaytarish uchun Suriya hukumati va Rossiya harbiylari bilan kelishmoqchi bo‘layotganini qo‘shimcha qilgan.

Ammo Pentagon rahbari gap qanday kelishuv haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan.

Turklar Suriyaga kirishidan oldinroq  «Suriya demokratik kuchlari» (SDF) qo‘mondoni Mazlum Abdi turklarga qarshi kurashda Suriya arab respublikasi prezidenti Bashar Asad bilan ittifoq tuzilishi mumkinligini istisno etmagandi.

Suriya davlat televideniyesi ma'lumotiga ko‘ra, amerikalik harbiylar Raqqa provinsiyasi shimolidagi al-Jalabiyya bazasidan evakuatsiya qilinadi.

Avvalroq turkiya harbiylari Kobani yaqinida amerikalik harbiylarni ataylab o‘qqa tutgani ma'lum qilingandi. The Washington Post nashri buni amerikaliklarga chegaradan Suriyaning ichkarirog‘iga chekinish kerakligiga ishora deb atagan. 

«Tinchlik bulog‘i» amaliyoti

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 9 oktabr kuni Suriya shimolida Kurdiston ishchilar partiyasi va IShID jangarilariga qarshi harbiy amaliyot boshlanganini e'lon qildi.

Turkiyaliklar yetakchisi bu amaliyotning asosiy uch maqsadini keltirgan: janubiy chegaralarni terrorchilardan tozalash, Suriya hududiy yaxlitligini himoya qilish va shu vaqtgacha Turkiya hududida yashab kelayotgan suriyalik qochqinlarni joylashtirish uchun «xavfsiz hudud» barpo etish.

Shu kunlarda Vashington Suriyadan o‘z harbiylarini olib ketishi haqida e'lon qilgach, Turkiya aviatsiyasi Suriyaning chegara hududidagi Ras-al-Ayn va boshqa shaharlariga havo zarbalari berishni boshladi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, turkiyalik harbiylar tomonidan o‘ldirilgan kurd harbiylari soni 500 nafarga yaqinni tashkil qilmoqda.

Suriya hukumati rasmiy Anqarani Suriya shimolida amaliyot boshlagani uchun qoralamoqda. Xalqaro hamjamiyat Turkiyadan harbiy harakatlarni to‘xtatishni talab etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: