Butun kunga yetadigan quvvat bilan ta'minlovchi ertalabki 14 odat 

Light 08:00 / 13.10.2019 39157

Ertaroq uyg‘oning, bugungi asosiy maqsadingizni belgilang va oilangiz uchun vaqt ajratishni yodingizdan chiqarmang.

Barcha istaklarni amalga oshirish uchun avvalo o‘z vaqtingizni boshqarish va uni samarali sarflash ilmini egallashingiz kerak. Boshlanishiga ertalabki foydali rituallarni (takrorlanib boruvchi harakatlar) tashkil etishga harakat qiling. Aynan ular kunning qolgan barcha qismiga tegishli mazmunni yaratadi.

Boshlashimizdan oldin, bir savol: siz Stenford zefir tajribasi haqida eshitganmisiz? U 60-yillar oxiri — 70-yillar boshlarida keyinchalik Stenford universitetida professor darajasini olgan psixolog Uolter Mishel qo‘l ostida o‘tkazilgan.

Ushbu izlanishda bolalar oldiga tanlov qo‘yilgan: hozir bir dona pechene (ba'zida zefir) yeyish yoki 15 daqiqa kutib ikki barobar ko‘proq shirinlikka ega bo‘lish. 10 yil o‘tib olimlar shuni ma'lum qilishdiki, va'da qilingan mukofotni kuta olgan bolalarning hayoti nisbatan yaxshiroq shakllangan.

O‘zingizdagi nimanidir o‘zgartirish juda qiyin, chunki bu uzoq davom etuvchi va mushkul jarayon. Ammo omadga erishish uchun ushbu yo‘lni bosib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Izlanishlar va shaxsiy tajribalar orqali hayotni yaxshilik tomon o‘zgartiruvchi ba'zi odatlar aniqlangan.

1. Erta uyg‘onish
Har bir odam o‘zida ushbu odatni shakllantirishi zarur. Biroq bizning zamonaviy dunyoda bu oson ish emas. Ertalabki soat 5da uyg‘ona olmaslikning sabablari yetarlicha topiladi. Ammo sizdan bunday qahramonlik qilish talab etilayotgani yo‘q. 

Uyqu va tetiklik o‘rtasidagi munosib bog‘liqlikni o‘rnatish yetarli.

Agar siz odatda soat 8:00 atrofida uyg‘onsangiz, ammo bundan 2 soat avvalroq turishni istasangiz — budilnikni soat 7:45ga qo‘yib ko‘ring. Bir necha kun amal qila oldingizmi? Vaqtni yana 15 daqiqa oldinga suring. Kutilganidek soat 6:00da uyg‘onmaguningizgacha shu yo‘sinda davom eting. Siz birgalikda kechki odatlaringizni o‘zgartirishingiz va ertaroq uyquga ketishga ko‘nikishingiz mumkin.

2. Suv iching
Bu shart, chunki organizm tun davomida suyuqlik zaxirasini yo‘qotadi va uni tiklash zarur. Ertalabki bir stakan suv metabolizmni ishga tushiradi va tana uyg‘onishiga yordam beradi.

3. Yotog‘ingizni yig‘ishtiring
Kuningiz ushbu ilk g‘alaba bilan boshlansin. Amerikalik yozuvchi Tim Ferris aytganidek, bugun sizni nimalar kutayotganidan qat'i nazar, siz har kuni joyingizni go‘zal holatga keltira olasiz. 

Ushbu oddiy, ammo kuchli ritual yengil g‘urur tuyg‘usini beradi va muhimroq ishlarga diqqatni qaratishga turtki bo‘ladi.

4. Tortishish mashqlarini bajaring 
U mushaklar faolligini oshiradi va atigi bir necha daqiqa vaqtingizni oladi. Ammo uning natijasi sizni hayratga solishi aniq. 

5. Sport bilan shug‘ullaning
Bu har nima bo‘lishi mumkin: mashg‘ulotlar zaliida, yoga, zumba, piyoda sayr qilish, yugurish yoki batutda sakrash. Sizdan talab qilinuvchi narsa shunchaki harakatlanishdir, axir jismoniy faollik:
vaznni nazorat qilishga yordam beradi;
salomatlik holatini yaxshilaydi;
kayfiyatni ko‘taradi;
quvvat baxsh etadi;
miriqib uxlashga ko‘maklashadi;
jinsiy hayotga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi;
va nihoyat, zavq beradi.

6. Kontrast dush qabul qiling
U sizga nafaqat bardamlik va quvvat oshishi hissini beradi, balki jismoniy va ruhiy holatni sezilarli darajada yaxshilaydi. Mashg‘ulotlardan keyin takrorlash ayniqsa yoqimli.

7. Kofe yoki choy iching
Ushbu ikki ichimlik ham organizmga foyda keltiradi va diqqatni jamlashga turtki bo‘ladi. Bundan tashqari, kunni doimo qaysidir qaynoq ichimlik bilan boshlash insonga xush yoqadi.

8. Sog‘lom parhezni davom ettiring 
O‘z tanangiz haqida mashinaga qaraganingiz singari qayg‘uring. U sizga iloji boricha ko‘proq xizmat qilishini istasangiz, unga g‘amxo‘rlik ko‘rsating.

Eng katta muammo bu insonlar faqatgina kichik muddatli maqsadlar ustida bosh qotirishlaridir. Vaqti-vaqti bilan parhezga jiddiy e'tibor qaratish lozim. Ratsioningizga maksimal darajada foydali mahsulotlarni tanlab olib, uni o‘zgartirib boring.

9. Kechagi kun haqida fikr yuriting
Shunday ibora bor: «Tong tundan donoroq». Kun davomida biz juda ko‘p xavotirlarni yig‘ib boramiz, kechga yaqin esa atrofga teran ko‘z bilan boqishning imkoni kamayadi. Tamomlangan kunni tahlil qilishni tongga qoldiring. Shundagina nimani to‘g‘ri qildingiz va qayerda xato qilganingizni anglash yengillashadi.

10. Shukr qiling
O‘tgan kun tahlilidan so‘ng diqqatingizni bugungisiga qarating. Siz minnatdor bo‘ladigan narsalar haqida o‘ylang. Bu ijobiy quvvatga to‘lishga yordam beradi.

11. Kundalik tuting
«Qadrdon kundaligim» iborasining siyqasi chiqib ketgan bo‘lsa ham, ammo uning ortidan keluvchi yozuvlar haqiqiy terapevtik usul bo‘lib, miyadagi keraksiz o‘ylardan qutulishga yordam beradi. Unga o‘zingizning barcha fikr, g‘oya va qo‘rquvlaringizni yozib qoldiring.

12. «Hozir va shu yerda» holatida bo‘ling
Ongingizni tinchlantirish uchun vaqt tanlang. Deylik, u 5, 10 yoki 20 daqiqadan iborat bo‘lsin. Maxsus osoyishtalik mashqlari yordam bermasa, boshqa nimadir sinab ko‘ring: rasm chizishmi yoki gitara chalishmi, farqi yo‘q. Asosiysi — atrofdagi hovliqmaliklardan sizni chalg‘ita oladigan ish bilan shug‘ullaning.

13. Maqsad qo‘yib oling
Bu aniq narsalar uchun diqqatni jamlab olishingiz uchun muhim. Agar maqsad to‘g‘ri qo‘yilsa va e'tibor jamlansa, aniq manzarani ko‘ra olasiz.

Yaqin yillar uchun aniq maqsadlarni belgilab oling, ularga yetishish yo‘lida nimalar qilganingiz haqida har tong ozroq fikr yuriting. 

14. Qadrli insonlar bilan vaqt o‘tkazing
O‘zingizni bu ishga 100 foiz baxsh eting va shu orqali bag‘oyatda katta energiya va motivatsiya bilan to‘lib toshasiz. Sevimli insonlaringizga hech bo‘lmaganda tonggi 30 daqiqangizni ajrating. Agar ulardan yiroqda yashasangiz, telefon orqali suhbat quring. Yolg‘iz bo‘lsangiz, do‘stlar orttiring.

Erta uyg‘onish va o‘z ustingda ishlay boshlashda gap katta. Foydali odat va bilimlarni singdirib borgan sari shaxsiy g‘urur hissi to‘lqinlanib boradi.

Ko‘proq yangiliklar: