Qaysi hollarda yuridik shaxs va YaTTning QQS to‘lovchisi sifatidagi guvohnomasi bekor qilinadi?

O‘zbekiston 08:14 / 12.10.2019 16953

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarning QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi guvohnomalari qator hollarda bekor qilinishi mumkinligini ma'lum qildi.

Jumladan:

- joriy soliq davrida olti oydan ortiq QQS bo‘yicha soliq hisobotlarini taqdim etmaslik;

- joriy soliq davrida olti oydan ortiq muddat davomida moliyaviy-xo‘jalik faoliyati va bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirmaslik hamda QQS hisobotlarini nol ko‘rsatkichlar bilan taqdim etish;

- sud QQS to‘lovchisini soxta yoki qalbaki bitimlar tuzgan yoxud soxta tadbirkorlik bilan shug‘ullangan, deb topsa (sud tomonidan aniqlangan jinoiy faoliyat boshlangan vaqtdan Guvohnoma bekor qilinadi);

- kameral nazorat jarayonida bank operatsiyalari xo‘jalik yurituvchi sub'yekt faoliyati xususiyatiga va turiga, shuningdek, sotib olingan va realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomenklaturasi (assortimenti) muvofiq emasligi aniqlangan taqdirda;

- soliq nazorat jarayonida soliq to‘lovchi tomonidan amalga oshirilgan bitim (operatsiya)ning asosiy maqsadi QQS summasini to‘lamaslik yoki hisobga olish bo‘lsa hamda bitim (operatsiya) bo‘yicha majburiyat soliq to‘lovchi bilan tuzilgan shartnomaning tarafi bo‘lmagan shaxs yoxud bitimni (operatsiyani) bajarish majburiyati shartnoma yoki qonun bilan belgilanmagan shaxs tomonidan bajarilganligi aniqlansa.

Yuqoridagi mezonlardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan 1988 ta xo‘jalik sub'yektlariga, shundan 1686 ta yuridik shaxslar va 302 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlarga, ilgari berilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi to‘g‘risidagi Guvohnomalar bekor qilindi.

Ro‘yxatga olinishi shart bo‘lgan, biroq QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan shaxs qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda QQS to‘lovchisiga aylanadi. QQSni hisobga olish huquqisiz belgilangan tartibda QQSni to‘laydi. Ko‘rsatib o‘tilgan shaxsda QQS bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yilgan kundan boshlab QQS summalarini hisobga olish huquqi paydo bo‘ladi.

Ro‘yxatga olinishi shart bo‘lgan, biroq QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan shaxs qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda QQS to‘lovchisiga aylanadi va ro‘yxatga qo‘yilgunga qadar QQSni hisobga olish huquqisiz belgilangan tartibda QQSni to‘laydi.

QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan yoki QQS to‘lovchisi Guvohnomasi bekor qilingan, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotib oluvchilar, yetkazib beruvchi tomonidan taqdim etilgan hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan QQS summasini hisobga olishga haqli emas.

QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va QQS to‘lovchisining Guvohnomasi bekor qilingan shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumotlar Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy saytida joylashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: