Livan Suriyani Arab davlatlari ligasiga qaytarishga chaqirdi. Jazoir va Iroq bu taklifni qo‘llab-quvvatladi 

Jahon 20:07 / 12.10.2019 4724

Livan tashqi ishlar vaziri Jibron Bassil Arab davlatlari ligasiga a'zo davlatlarni Turkiya Suriyada harbiy amaliyot olib borayotgani ortida Suriyaning tashkilotdagi a'zoligini tiklashga chaqirdi. 

“Suriya ADLga qaytadigan vaqt kelmadimi... Yoki biz yana kimningdir ruxsatini kutishimiz kerakmi?”, deb aytgan Bassil ADLning yig‘ilishida. Uning aytishicha, Suriyaning ADLga qaytishi “arab davlatlarining turk tajovuziga javobi” bo‘lishi lozim.

Jazoir va Iroq vakillari Livan vakilining bu taklifini qo‘llab-quvvatlagan. 

“Bugun afsus-nadomat bilan qayd qilish kerakki, Suriyadagi ixtilofning avj olishi bo‘yicha uchrashuvimiz bu davlat ishtirokisiz o‘tmoqda. Men Suriyani arab oilasiga qaytarishga chaqiraman”, deb aytgan Jazoir tashqi ishlar vazirligi bosh kotibi Bilodxon Rashid.

Shuningdek, Suriyaning ADLga qaytarilishiga Iroq tashqi ishlar vaziri Muhammad Ali al-Hakim chaqirgan. “Suriyaning ADLdagi a'zoligini tiklash va Turkiyaning Suriya shimoliga bostirib kirishi vaziyatida Suriyaning tomoniga o‘tish lozim”, deb aytgan al-Hakim.   

Uning ta'kidlashicha, aynan arab davlatlari Suriyaga ichki ixtilofni hal qilishida ko‘mak berishlari lozim.

Suriyaning ADLdagi a'zoligi 2011 yil noyabrda mamlakatda qurolli ixtilof boshlangandan keyin muzlatib qo‘yilgan. O‘shanda bir qator arab davlatlari Damashqdan o‘z elchilarini chaqirtirib olishgan. Suriya rahbariyati ADLdagi a'zoligi muzlatilishi qarori noqonuniy ekanligini aytib, uni rad etgan. ADL Suriya arab dunyosining muhim davlatlaridan biri bo‘lishiga qaramay, u yerdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha muzokaralarda deyarli ishtirok etmagan.

Ko‘proq yangiliklar: