Bank mijozlarga xizmat ko‘rsatishdagi huquqbuzarliklar uchun jarimaga tortiladi

O‘zbekiston 09:04 / 12.10.2019 14373

Bank xizmatlari iste'molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimchalar kiritildi, deb yozmoqda Norma.

 Hujjatda Prezidentning 2019 yil 23 iyuldagi PQ-4400-son qarorining 7-bandida nazarda tutilgan taqiqlar qayd etildi.

 Shuningdek kredit shartnomasi (qarz shartnomasi) doirasida bankning mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarining ayrim jihatlari aniqlashtirildi. Xususan, qarz oluvchi kredit (qarz) bo‘yicha garovda turgan o‘zining depozitidagi (omonatidagi) mablag‘larini kredit (qarz) shartnomasi davrining xohlagan vaqtida depozit (omonatning) amal qilish muddatidan qati nazar, mazkur kreditni (qarzni) qaytarish uchun yo‘naltirish huquqiga ega. Bunda qarz oluvchi depozit (omonat) muddati tugagunga qadar bankni depozitni (omonatni) qaytarishni mo‘ljallayotgan sanadan kamida 1 oy oldin xabardor qilishi lozim.

 Qarzdordan kreditning joriy to‘lovi uchun kreditni (qarzni) qaytarish jadvalida belgilangan summaga nisbatan ko‘p mablag‘ kelib tushsa va shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, bank kelib tushgan mablag‘ning ortiqcha qismini qarz oluvchining asosiy qarzini so‘ndirishga yo‘naltiradi hamda kredit (qarz) summasini qayta hisoblaydi.

 Bundan tashqari, hujjatga tijorat banklarining mijozlarga xizmat ko‘rsatishda qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun sanksiyalarni qo‘llash tartibi to‘g‘risida yangi paragraf kiritildi. Sanksiyalar quyidagi miqdorlarda belgilangan:

HUQUQBUZARLIKLAR

SANKsIYaLAR

Markaziy bank qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha zaruriy hujjatlar taqdim etilganidan keyin banklar tomonidan hisobvaraqlar ochishda sababsiz kechiktirilganlik yoki ochishdan bosh tortganlik, shuningdek mazkur turdagi hisobvaraq ochish uchun ortiqcha hujjatlarni talab qilganligi uchun (401-band)

bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,02%i miqdorida jarima to‘laydi (hozirgi paytda – 100 mln so‘m, tahr. izohi)

 

Banklar tomonidan ish xaqi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ehtiyojlar uchun o‘z vaqtida nakd pul bermaganlik uchun mijozlarga, shu jumladan, tadbirkorlik sub'yektlariga ular hisobvaraqlarida mablag‘ bo‘lganida (402-band)

bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,005%i miqdorida jarima to‘laydi

 

Qonun hujjatlarida o‘rnatilgan mijozlar hisobvaraqlariga pullarni hisobga kiritish va hisobdan chiqarish tartibini buzganlik uchun, elektron to‘lovlarni istisno etgan holda (403-band)

bank har bir holat uchun bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,01%i miqdorida jarima to‘laydi

 

Elektron to‘lovlarni amalga oshirishning qonun hujjatlarida belgilangan muddatlari bank tomonidan buzilganligi uchun (403-band)

bank mijozga kechiktirilgan har bir kun uchun kechiktirilgan elektron to‘lov summasining 0,1%i miqdorida, lekin ushbu summaning 10%idan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya to‘laydi

Bankning aybi bilan elektron to‘lov noto‘g‘ri amalga oshirilgan taqdirda, bu mablag‘ni qaytarish uchun belgilangan muddatni buzganlik uchun (xatolik aniqlangan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan, 403-band)

bank oluvchining hisobvarag‘iga mablag‘larni qaytarib o‘tkazishi, shuningdek kechiktirilgan har bir kun uchun noto‘g‘ri amalga oshirilgan elektron to‘lov summasining 0,1%i miqdorida, lekin ushbu summaning 10%idan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya to‘lashi zarur

«Naqd pul» berilmaganligi va to‘lovlardagi xatoliklar uchun sanksiyalar (40-2 va 40-3-bandlar) bank va mijoz o‘rtasida tuzilgan shartnomada ko‘rsatilishi lozim.

 Quyidagi holatlarda banklar jarimalarni to‘lashdan ozod etiladi:

• fors-major holatlari, shu jumladan, banklararo elektron to‘lovlar tizimida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan uzilish;

• bank mijozi tomonidan amaldagi qonunlarda belgilangan talablarga mos kelmaydigan to‘lov hujjatlari taqdim qilinganda;

• bank yoki mijoz hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatilganda.

 Tijorat banklariga nisbatan qo‘llaniladigan jarima jazo choralari sud qaroriga asosan qo‘llaniladi. Bunda yuqorida sanab o‘tilgan huquqbuzarliklarga to‘qnash kelgan mijozlar sudga da'vo kiritishlari lozim.

 Bank tomonidan to‘langan jarima summasi qisman qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan bank (filiali) rahbari va bosh buxgalteri tomonidan qoplanadi.

 Hujjat 25.09.2019 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: