Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Efiopiya bosh vaziriga beriladi

Jahon 14:28 / 11.10.2019 12743

Norvegiya poytaxti Osloda Nobel mukofotining tinchlik yo‘nalishi bo‘yicha bu yilgi g‘olibi aniqlandi. Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad Ali 2019 yilgi tinchlik yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritadigan bo‘ldi.

Foto: Zuma/TASS

«Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad Ali Eritreya bilan chegaradagi mojaroni tinchitishda ko‘rsatgan jonbozligi uchun ushbu mukofotni qo‘lga kiritadi»,— deyiladi Nobel mukofotini topshirish komissiyasining tvitterdagi sahifasida.

Abiy Ahmad Ali 2018 yilning aprelidan buyon Efiopiya bosh vaziri hisoblanadi. U mamlakat tarixidagi ilk musulmon prezident bo‘lgandi. U shuningdek, Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan ilk efiopiyalik bo‘ldi.

U so‘nggi 20 yil ichida Eritreya rahbari bilan uchrashgan ilk Efiopiya prezidenti bo‘lgandi. 2018 yilning 8-9 iyul kunlarida Abiy Ahmad Ali va Eritreya prezidenti Isayyasa Afeverki ishtirokida sammit o‘tkazilgandi.

Sammitda tinchlik va do‘stlik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangan. Unga ko‘ra keskinlikni yumshatish va mamlakatlar o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni tiklash, quruqlikdagi va havodagi qatnovlarni ochish kabilar nazarda tutilgandi.

Mukofotlar orasida aynan tinchlik yo‘nalishidagi sovrin g‘olibi Stogholmda emas, Osloda e'lon qilinadi. Bu yo‘nalishdagi mukofot sohibiga topshiriladigan medal ham boshqa yo‘nalishlardagi laureatlarnikidan farq qiladi.

Ma'lumot uchun, olim Alfred Nobel vasiyatiga ko‘ra, tinchlik uchun mukofot «xalqlarning birlashuvi va amaldagi armiyalar sonining kamayishi, tinchlik kongresslarini o‘tkazish va ularga e'tibor qaratish uchun boshqalardan ko‘proq hissa qo‘shgan va muvaffaqiyatga erishgan shaxs»ga beriladi. Tinchlik uchun Nobel mukofoti 99 marta berilgan, uni 133 kishi olgan. 

2018 yilda mukofot puli 9 mln kronni (1,02 mln dollar) tashkil qilgan. Ushbu mukofot egalari odatda olingan pullarni xayriya ishlariga sarflashadi. 

2018 yilda tinchlik uchun Nobel mukofotini kongolik jarroh Deni Mukvege va iroqlik huquq himoyachisi, IShIDning sobiq asirasi Nadya Murod olgandi.

14 oktabr kuni Nobel mukofotining iqtisodiyot sohasidagi g‘olibi e'lon qilinadi. Taqdirlash marosimi 10 dekabr — Alfred Nobel vafot etgan kunda bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: