Suriyadagi amaliyot: Turkiya kurdlarga bomba yog‘dirmoqda va Yevropaga po‘pisa qilmoqda

Jahon 22:43 / 11.10.2019 70863

«Suriya demokratik ittifoqi» harbiy alyansini tashkil etgan suriyalik kurdlarning ma'lum qilishicha, o‘tgan ikki kun davomida turklarning hujumlari oqibatida tashkilotning 22 nafar jangchisi halok bo‘lgan.

BMT ma'lumotiga ko‘ra, Turkiya harbiylari bostirib kirgach Suriya shimolida qurshovga olingan Ras al-Ayn va Tal-Abayad shaharlarini 70 mingdan ortiq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Reuters nashri xabar qilishicha, turk artilleriyasi va Turkiya harbiy-havo kuchlari kurd harbiylarining pozitsiyalarini o‘qqa tutishi yuzdan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.

Xalqaro tashkilotlar tomonidan ma'lum qilinishicha, qochqinlar soni bir necha yuz ming kishiga yetishi mumkin. Xalqaro hamjamiyat rasmiy Anqaradan harbiy amaliyotni to‘xtatishni talab qilib, bosim o‘tkazmoqda.

Amerika isteblishmenti, xususan, Respublikachilar partiyasi rahbariyati Donald Trampdan Turkiyaga qarshi qat'iy sanksiyalar qo‘llashni talab etmoqda.

Fransiya IShIDga qarshi kurashuvchi xalqaro koalitsiyaning shoshilinch yig‘ilishini chaqirishni so‘ragan.

Erdo‘g‘anning po‘pisasi
Yevropa kengashi raisi Donald Tusk Anqaraning harakatlarini tanqid qilishdan to‘xtamayotgan Yevropa Ittifoqi hududiga millionlab qochqinlarni jo‘natish bilan tahdid qilgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni shantaj qilishda aybladi.

«Ey, YeI, uyg‘on. Men yana bir marta takrorlayman: agar siz bu amaliyotni okkupatsiya deb atasangiz, unda eshiklarni ochamiz va 3,6 million qochqinni siz tomonga jo‘natamiz», degandi Erdo‘g‘an payshanba kuni.

Tuskning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Turkiya qochqinlardan foydalanishiga toqat qilib turmaydi.

«Turkiya tushunishi kerakki, biz bu davlatning harakatlari yangi gumanitar falokat olib kelishi mumkinligidan tashvishdamiz. Bunga esa jim qarab turib bo‘lmaydi», degan u. 

Turkiya «Tinchlik bulog‘i» deb nomlangan amaliyotidan maqsad shunchaki Suriya bilan chegaralari yaqinida «xavfsiz hudud» tashkil etish va bu joylarga ayni vaqtda Turkiyada yashayotgan qochqinlarni joylashtirish ekanini ta'kidlab kelmoqda.

Anqara Suriya shimolida, Turkiya bilan chegaradagi kurd ayirmachilarini Turkiyaga tahdid soluvchi kuchlar sifatida biladi.

Xalqaro hamjamiyat esa Turkiyaning bu hududga kirishi ortidan hozirgacha kurdlar nazoratida bo‘lib kelayotgan, IShIDning sobiq jangarilari saqlanayotgan lagerlar qarovsiz qolishi mumkinligidan tashvishlanmoqda. Harbiy harakatlar natijasida bu lagerlardagi asirlar qochib ketishi mumkin.

Ayni vaqtgacha nimalar ma'lum?
Ziddiyat hududida ayni vaqtda nimalar ro‘y berayotganini aniq bilish imkonsiz. Tomonlar vaziyat haqida bir-biridan farq qiluvchi turlicha ma'lumotlar tarqatishmoqda. 

Turkiyaning «Anado‘lu» agentligi payshanba kuni kechqurun «228 nafar kurd ayirmachisi zararsizlantirilgani» to‘g‘risida xabar tarqatgandi.

O‘z navbatida Suriyadagi kurd ayirmachilari rahbariyati Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning 109 nafar qurolli kurdlar o‘ldirilgani haqidagi ma'lumotini rad etib chiqdi. Kurdlar tomoni bu ma'lumotlar bo‘rttirilganini aytmoqda, shu bilan birgalikda o‘zlarining yo‘qotishlari to‘g‘risida ma'lumot berishmayapti.

Juma kuni Turkiya Mudofaa vazirligi turkiyalik uch nafar harbiy o‘limi haqidagi ma'lumotni tasdiqladi - bu turklarning «Tinchlik bulog‘i» amaliyotidagi ilk yo‘qotishlaridir. Shuningdek, vazirlik «zararsizlantirilgan» kurd ayirmachilari soni 277 nafarga yetgani haqida xabar tarqatdi.

Ras al-Ayn shahrini tark etayotgan odamlar
EPA

Xalqaro maydondagi reaksiya
BMT Xavfsizlik kengashi payshanba kuni YeIning besh davlati - Buyuk Britaniya, Polsha, Fransiya, Germaniya va Belgiya iltimosiga ko‘ra Suriya shimolidagi vaziyatni muhokama qildi.

Bu davlatlar Turkiyani hujumni to‘xtatishga chaqirib, harbiy harakatlar faqat mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishidan ogohlantirmoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham jiddiy xavotirlarini bildirib o‘tdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z tvitterida ziddiyatning barcha tomonlari bilan aloqani saqlab turgani haqida yozgan. U tomonlar o‘rtasida vositachilik qilishga tayyorligini bildirgan.

Kongressning Vakillar palatasidagi respublikachilar prezidentga Turkiya bilan munosabatlardagi sanksiyalar haqidagi qonun loyihasini jo‘natishgan.

Qonun loyihasi muallifi Liz Cheyni ma'lum qildiki, agar Turkiya ittifoqchi maqomini saqlab qolishni istasa, o‘zini munosib tutishi kerak bo‘ladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kongressdagilar Erdo‘g‘anning rejimi harakatlaridan va bu davlat AQShning raqiblari, jumladan Rossiya bilan hamkorlik qilayotganidan tashvishda.

Ko‘proq yangiliklar: