Shell O‘zbekistonda gazni qayta ishlovchi zavod quradi  

O‘zbekiston 22:54 / 11.10.2019 11139

Shell kompaniyasining bo‘linmasi Shell Catalyss & Technologies O‘zbekistonda yillik quvvati 5 mlrd kubmetr tabiiy gazni tashkil qiluvchi gazni qayta ishlovchi zavod quradi. Korxonaning qurilishi Shell Catalyss & Technologies va O‘zbekistonning Surhan Gas Chemical Operating Company kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan texnologik litsenziya kelishuvida ko‘zda tutilgan.  

Ishlar Surxondaryo viloyatining janubidagi gaz konlarida olib boriladi. Qo‘shma loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. 1-bosqich 2022 yilgacha davom etib, unda geologik razvedka, quduqlar burg‘ilash, kon infratuzilmasi va gazni qayta ishlovchi zavod qurish rejalashtirilgan. 2-bosqich 2023 yildan 2025 yilgacha davom etib, yiliga polimerlar asosidagi 500 ming tonnagacha mahsulot ishlab chiqaruvchi gaz-kimyo majmuasi qurilishini nazarda tutadi.

Yangi korxonada Shell’ning gazdan aralashmalarni ajratib, ularni ikkilamchi mahsulotlarga aylantirish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalari qo‘llanadi. Bu korxonaning kapital va ekspluatatsiya xarajatlarini ancha kamaytirishga imkon beradi.

Shell Catalyss & Technologies 1907 yilda tashkil topgan dunyodagi eng yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri Royal Dutch Shell (Shell)’ning bo‘linmasi bo‘lib, joriy yil boshiga kompaniya kapitallashuvi 250 mlrd dollardan oshgan. Bo‘linma neft-gaz sohasidagi sanoat obektlarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishda qo‘llanuvchi texnik xizmatlar va litsenziyalangan texnologiyalarni taklif etadi. 

Surhan Gas Chemical Operating Company Surxondaryo viloyatidagi Boysun investitsiya blokidagi konlarni o‘zlashtirishni boshqaradi.

Ko‘proq yangiliklar: