O‘zbekiston YeXHT bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini tasdiqladi

O‘zbekiston 09:22 / 11.10.2019 2688

2019 yilning 10 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov mamlakatda tashrif bilan bo‘lib turgan elchilar – Vena shahridagi YeXHT huzuridagi a'zo davlatlarning doimiy vakillari delegatsiyasi bilan uchrashdi.

O‘zbekistonga shu formatda ilk bor tashrif bilan kelgan elchilarning nufuzli delegatsiyasini samimiy qutlab, Ilhom Ne'matov mamlakatning YeXHT bilan uning faoliyatidagi uch o‘lcham bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini tasdiqladi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning tashkilot bilan hamkorligi ijobiy rivojlanayotgani qayd etildi. Xususan, joriy yil may oyida mamlakatga YeXHTning amaldagi raisi, Slovakiya tashqi va Yevropa ishlari vaziri Miroslav Laychak tashrif buyurdi. Shu yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisiga bo‘lib o‘tadigan saylovni kuzatishda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining to‘liq missiyasi ishtirok etishi kutilmoqda.

2017 yilda qabul qilingan 2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirish harakatlar strategiyasiga mos ravishda amalga oshirilayotgan O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatidagi keng ko‘lamli islohotlar va chuqur o‘zgarishlar elchilar tomonidan yuqori baholandi. Mazkur konseptual hujjat O‘zbekistonning demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurish borasidagi qarashi hisoblanadi.

YeXHT huzuridagi doimiy vakillar mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllanishiga, davlatlararo ishonch darajasining sezilarli oshishiga, an'anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarining mustahkamlanishiga olib kelgan mamlakatning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladilar. Bugun mintaqa davlatlari o‘ta ta'sirchan masalalarga yechim topa olishdi, savdo hajmlari oshmoqda, turli darajadagi aloqalar chuqurlashmoqda.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Ko‘proq yangiliklar: