So‘nggi vaqtlarda MDH davlatlari va qo‘shni respublikalar bilan solishtirganda O‘zbekistonda narxlar ancha yuqori sur'atda oshishi kuzatilmoqda. Senatning 23-yalpi majlisida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovdan mazkur masala yuzasidan izoh so‘raldi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Mamarizo Nurmuratov narxlarning o‘sishiga ta'sir ko‘rsatgan uchta omilni sanab o‘tgan.
«Haqiqatan ham, oxirgi ikki yilda biz ongli ravishda shu narsaga qo‘ydik. Ya'ni inflatsiya darajasi ma'lum bir jihatdan bizda boshqa davlatlarga nisbatan yuqori bo‘ldi. Bu nima bilan izohlanadi?
Eng avvalo, boshqa davlatlar 30 yil oldin bozor tamoyillariga o‘tish choralarini ko‘rishgan bo‘lsa, biz buni haqiqiy hayotda oxirgi 3 yilda amalga oshirdik.
Biz shu paytgacha boshqariladigan narxlarni haqiqiy bozor holatidan kelib chiqib emas, xo‘jalik sub'yektlariga zarariga bo‘lsa ham, narxlarni past darajada ushlab turdik. Buni bozor ko‘tarmaydi. Shuning uchun birinchi navbatda qilayotgan ishlarimiz – boshqariladigan narxlarni erkinlashtirish, bu – kelgusi davr uchun zaminni mustahkamlash maqsadida qilindi.
Ikkinchi sababi esa – bu ham obektiv sabab – bizda 27 yil davomida investitsiya chanqoqligi degan tushuncha paydo bo‘ldi. Hukumatimiz, muhtaram prezidentimiz hududlarda investitsion faollikni oshirish uchun sharoit yaratib berdilar. Bu maqsad o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, bu albatta qo‘shimcha mablag‘ va resurslarni iqtisodiyotga chiqarishni taqozo qildi. Bu, o‘z navbatida, bank kreditlari orqali, investitsion kreditlar orqali, davlat resurslarini chiqarish orqali amalga oshirildi. Bu esa o‘z-o‘zidan iqtisodiyotdagi pul miqdorining ko‘payishiga olib keldi. Albatta, buning inflatsiyaga ta'siri bor.
Hozir inflsiyani boshqarishda targetlash tizimiga o‘tish ustida ishlayapmiz.
Uchinchi sababi, valutasini erkin ayirboshlash operatsiyalariga ruxsat bergan davlatlarning hammasida inflatsiya bir necha barobar oshib ketgan. Bizda shu narsa qariyb 9 oy davomida ko‘rilgan tayyorgarlik asosida amalga oshirilishi inflatsiyaning unaqa 2-3 barobar oshib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. Chunki, e'tibor beradigan bo‘lsak, valuta kursimiz qariyb 2 barobar oshdi. Bu o‘z-o‘zidan narxlarning ham ikki barobar oshishiga asos bo‘lishi mumkin edi. Yo‘q, olib borilgan pul-kredit, budjet, fiskal siyosat bu narxlarni ushlashga imkon berdi», – dedi Nurmuratov.
Markaziy bank raisining so‘zlariga ko‘ra, inflatsiya darajasini 2021 yilda 9 foizgacha, 2023 yilga borib esa 5-6 foizga tushirish mo‘ljallanmoqda.
«Masalaning mohiyatiga kelsak, haqiqatan ham, yuqori darajadagi inflatsiya iqtisodiyotga ham, aholiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Biz bu borada Markaziy bank va hukumatga bevosita bog‘liq bo‘lgan chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqqanmiz.
Bu kompleksga asosan, xudo xohlasa, mo‘ljallagan tadbirlarimizni amalga oshiradigan bo‘lsak, biz 2021 yildan boshlab bir raqamli inflatsiyaga tushish va 2023 yildan boshlab inflatsiyani targetlash mexanizmi asosida 5-6 foizlik inflatsiyada iqtisodiyot yuritishga hozirlik ko‘ryapmiz», – deya qayd etdi Mamarizo Nurmuratov.
Izoh: Mazkur xabarning ilk ko‘rinishidagi sarlavha («Mamarizo Nurmuratov: «Yetakchi davlatlar 30 yilda qiladigan islohotlarni 3 yilda amalga oshirdik, shuning uchun narxlar oshib ketdi») muxbirning aybi bilan xato ketgandi. Ish jarayonidagi bu kamchilik tez orada tuzatilgan. Tahririyat xatolik uchun uzr so‘raydi.