Komil Allamjonov: «25 yillik senzuradan qutulgan o‘zbek matbuoti hammani esankiratib qo‘ydi»

O‘zbekiston 19:29 / 11.10.2019 19174

«O‘zbekistonda qariyb 25 yil davomida amalda yopiq va kuchli senzuradan ozodlikka chiqqan matbuot barchani esankiratib qo‘ydi. Avvaliga jurnalistlar tajribasizlikdan qiynalgan bo‘lsa, davlat va hokimiyat organlari ular tomonidan ko‘rsatilgan achchiq haqiqatni hazm qila olmadi».

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov juma kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan matbuot erkinligi mavzusidagi xalqaro davra suhbatida shunday fikr bildirdi.

Allamjonov YeXHTning o‘ndan ortiq delegatlari ishtirok etgan konferensiyani ochib berish uchun so‘zga chiqib, o‘zbek matbuotidagi so‘nggi 2-3 yilda ro‘y bergan o‘zgarishlarga diqqat qaratdi.

«Tanqidga o‘rganmagan ayrim amaldorlar tomonidan ommaviy axborot vositalariga turli tazyiqlar bo‘lganini ham inkor eta olmaymiz va bunga tabiiy hol deb qaraldi. Kim ham matbuot nazoratga solishini va unda ko‘tarilgan muammolar bo‘yicha javobgar bo‘lishni xohlaydi? Axir yuqorida aytib o‘tganimdek, o‘tgan davrdagi kuchli senzura davlat idoralari rahbarlari faoliyatini tanqid qilishni man qilgan va ularning xatolarini yashirishga xizmat qilgan.

Tan olib aytish kerakki, yillar davomida barcha sohalarda to‘plangan muammolari bor xalqqa erkin va ochiq gapirish imkonini bergani Shavkat Mirziyoyevning qanchalik sabr-bardoshli, yuksak iroda sohibi ekanidan dalolat beradi. Chunki tasavvur qilib ko‘ring, muammolari qalashib ketgan odamlar dardiga malham bo‘lish va uning barini hal etish qanchalik mumkin va murakkab?

Shunday bo‘lishiga qaramay, prezidentimizning siyosiy irodasi tufayli bugun matbuot rivojlanib bormoqda. Blogerlik faoliyati ommalashmoqda. Agentligimiz esa ularni o‘z himoyasiga olgan. Ular bilan yuz berayotgan adolatsizliklarga qarshi kurashyapti.

Shu bilan birga, jurnalistlar va blogerlarning malakasini oshirish, ularni qonun bilan qo‘llab-quvvatlash uchun barcha choralar ko‘rilyapti. Albatta, ichki senzura va qo‘rquv ko‘pchilikni hali butunlay tark etmadi. O‘ylaymanki, bu vaqt o‘tishi bilan o‘z o‘rniga tushadi», – degan Allamjonovning so‘zlarini keltirdi Kun.uz muxbiri.

Bundan oldin Samarqandda xalqaro delegatlar ishtirokida OAV erkinligiga bag‘ishlab konferensiya o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga doir:

«O‘zbek matbuoti maqtov va targ‘ibot mashinasiga aylantirilgandi» – Samarqandda OAV erkinligi mavzusida xalqaro konferensiya

«Garri Potterning sehrli tayoqchasi faqat ertaklarda bo‘ladi» – AOKA direktori OAV erkinligini ta'minlash haqida

Ko‘proq yangiliklar: