Idishda qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament tasdiqlandi

O‘zbekiston 09:19 / 11.10.2019 2379

Vazirlar Mahkamasining “Idishda qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek, idishda qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligiga qo‘yiladigan yagona talablarni belgilash maqsadida qabul qilingan.

Idishda qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament va uni joriy etish sxemasi tasdiqlandi.

Idishda qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament rasmiy e'lon qilingan kundan boshlab o‘n sakkiz oy o‘tgach amalga kiritiladi.

“Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq texnik reglamentlar amalga kiritilishi munosabati bilan ularda ko‘rsatilgan mahsulotlar va xizmatlarni standartlashtirish bo‘yicha ilgari qabul qilingan normativ hujjatlar majburiylik xususiyatini yo‘qotishi va belgilangan tartibda qo‘llanilishida ixtiyoriylik kasb etadi.

“O‘zstandart” agentligi davlat vakolatli organlari bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Umumiy texnik reglament amalga kiritilgan kundan boshlab idishda qadoqlangan ichimlik suvini standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlarni qo‘llashda ularning majburiylik xususiyatini bekor qilish va ixtiyoriyligini ta'minlash yuzasidan belgilangan tartibda chora-tadbirlar ko‘radi.

“O‘zbekoziqovqatxolding” XK, “O‘zstandart” agentligi O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda Idishda qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qo‘llash tartibi to‘g‘risida aholi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tadbirkorlik faoliyati sub'yektlarining keng xabardor qilinishini ta'minlaydilar.

Ko‘proq yangiliklar: