«Garri Potterning sehrli tayoqchasi faqat ertaklarda bo‘ladi» – AOKA direktori OAV erkinligini ta'minlash haqida

O‘zbekiston 20:14 / 11.10.2019 9106

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov 11 oktabr kuni Samarqandda o‘tgan so‘z erkinligi mavzusidagi xalqaro davra suhbatida ma'ruza bilan chiqish qildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti delegatlari ishtirokida o‘tgan tadbirda so‘z olgan Allamjonov mamlakatda so‘z va matbuot erkinligini o‘rnatish uchun hali ko‘p ish qilinishi kerakligi hamda bu – yetarlicha vaqt talab qiladigan jarayon ekanini ta'kidlab o‘tgan.

«O‘zbekistonda matbuot hali ham erkin emas, so‘z erkinligi yo‘q», deb osongina gapirayotganlarga bu ishlar tez va bir kunda amalga oshib qolmasligini, tashqaridan turib bunga qat'iy baho bermasligini so‘rab qolamiz. Rim bir kunda qurilmaganidek, o‘zbek matbuoti ham haqiqiy to‘rtinchi hokimiyat darajasiga yetishiga hali vaqt kerak va biz buni yaxshi tushunamiz.

Ushbu jarayon keng qamrovli global tadbirlarga bevosita bog‘liq bo‘lib, ta'lim jarayonlarida o‘quvchilarga tanqidiy fikrlash ko‘nikmasini singdirishdan tortib to jurnalistlar va blogerlar malakasini oshirish, davlat va boshqaruv organlari rahbarlarini matbuot bilan ishlash, unga munosabat bildirish va tanqidiy chiqishlarga konstruktiv yondashish, aholi orasida so‘z erkinligini va so‘z erkinligi madaniyatini shakllantirish kabi tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etadi.

Yana bir marta ta'kidlab aytmoqchimanki, bu tadbirlar bir kunlik yoki bir yillik tadbirlar emas. Qani endi shu payt Garri Potterning sehrli tayoqchasi bo‘lsa-yu, bu ishlarni bir zumda amalga oshirib qo‘ysak. Afsuski, bu faqatgina ertaklarda bo‘ladi. Amalda esa buning uchun yillar va bizdan juda mashaqqatli mehnat talab qiladi», – dedi Allamjonov.

Mavzuga doir:

«O‘zbek matbuoti maqtov va targ‘ibot mashinasiga aylantirilgandi» – Samarqandda OAV erkinligi mavzusida xalqaro konferensiya

Komil Allamjonov: «25 yillik senzuradan qutulgan o‘zbek matbuoti hammani esankiratib qo‘ydi»

Ko‘proq yangiliklar: