«Davergeodezkadastr» to‘qqiz oyga belgilangan 10ta vazifadan 4tasini bajarmagan

O‘zbekiston 10:35 / 11.10.2019 4172

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining joriy yil 10 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining 2019 yilning o‘tgan davridagi faoliyati samaradorligi muhokama qilindi

Ta'kidlanganidek, mazkur tuzilma zimmasiga joriy yilda bajarilishi lozim bo‘lgan 19 ta vazifa yuklatilgan. Yanvar-sentabr oylarida belgilangan 10 ta vazifadan qo‘mita tomonidan 4 ta maqsadli vazifa bajarilmaganligi aniqlandi.

Jumladan, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda axborot resurslarni, 1949-2019 yillar davridagi arxiv fondini raqamlashtirish bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish, jumladan, arxiv fondini raqamlashtirish metodologiyasini ishlab chiqish topshirig‘i berilgan. “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilgan “Ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olish va kadastr tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida xorijiy konsalting korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan qo‘llanma sifatsiz, tushunarsiz bo‘lganligi sababli bu boradagi ishlar hanuzgacha yakunlanmagan. Shuningdek, arxiv ma'lumotlarini raqamlashtirishni sinov shaklida joriy qilish uchun yuqori tezlikda va sifatli skaner qilish imkoniyatiga ega bor-yo‘g‘i 1 ta qurilma xarid qilingan.

Bundan tashqari, Davlat kadastrlarini shakllantirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha kamida 15 ta davlat kadastrini elektron shaklda shakllantirish va ularni Internet tarmog‘iga joylashtirish topshirig‘i berilgan. Bu boradagi ishlar ham hanuzgacha yakunlanmaganligi majlisda qayd etib o‘tildi.

Sanab o‘tilgan bu va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish uchun mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda chora ko‘rish taklif etildi. Qolaversa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat (shahar) hokimliklari bilan birgalikda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan zaxiradagi yerlarini qaytadan xatlovdan o‘tkazib Geoportalga joylashtirish va yil yakuniga qadar zaxiradan chiqarish choralarini ko‘rish lozimligi qayd etildi.

Majlisda qo‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: