Ayrim o‘qituvchilarga malaka toifasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladigan bo‘ladi

O‘zbekiston 10:13 / 11.10.2019 16398

Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta'lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Kiritilayotgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ta'lim muassasalarining quyidagi jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga malaka toifasi (lavozim) to‘g‘ridan-to‘g‘ri (attestatsiyadan o‘tkazilmasdan) berilishi belgilab qo‘yiladi:

tuman (shahar) miqyosidagi sport musobaqalarining birinchi o‘rin sovrindorlarini tayyorlagan ta'lim muassasalari jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga ikkinchi malaka toifasi (katta o‘qituvchi lavozimi);

viloyat miqyosidagi sport musobaqalarining birinchi o‘rin sovrindorlarini tayyorlagan ta'lim muassasalari jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga birinchi malaka toifasi (yetakchi o‘qituvchi lavozimi);

xalqaro hamda respublika miqyosidagi sport musobaqalarining birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rin sovrindorlarini tayyorlagan ta'lim muassasalari jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilariga oliy malaka toifasi (bosh o‘qituvchi lavozimi).

Shuningdek, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari uchun amaliy sinovlar normativlari Davlat inspeksiyasi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan belgilanadi.

Ko‘proq yangiliklar: