2 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «2019 yil 29 iyun kungi PQ-3818-sonli «O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Qarori»ga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020 yil 1 yanvardan boshlab hozirda nol stavkada bo‘lgan 300dan ortiq turdagi tovarlar olib kirilishiga boj joriy etiladi.
Ushbu tovarlar qatoridan, antikvarlar, velosipedlar, tirik baliq, dengiz mahsulotlari, shokolad, qandolat mahsulotlari, asbest, metall tola, quyma shisha, prujinalar, mis sim va boshqa ko‘plab mahsulotlar o‘rin olgan. Ularni olib kirish uchun 5 foiz va undan yuqori qiymatda boj to‘lash lozim bo‘ladi.
Tarkibida kakao bo‘lmagan shakardan tayyorlangan qandolat mahsulotlari uchun import boji 30 foizgacha oshiriladi (hozir 20 foiz).
Shokolad va tarkibida kakao bo‘lgan boshqa tayyor oziq-ovqat mahsulotlari uchun import boji stavkasi hozirgi 15 foizdan 30 foizgacha oshiriladi.
2018 yilda qandolat mahsulotlari va shokolad uchun import boji stavkasi 10 foiz bo‘lgan.